Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligida, vazirlik va uning tizim tashkilotlari hamda hududiy boshqarmalar mas’ullari, fermerlar va klasterlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislari uchun mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi sohasiga amalga oshirilgan texnologiyalar transferi doirasida ishlab chiqarilgan uchuvchisiz uchish qurilmasining ko‘rgazmali taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Unda qishloq xo‘jaligi dalalari, bog‘lari va o‘rmon yerlarini aeronavtik kimyoviy qayta ishlash, logistika, yong‘inga qarshi va boshqa sohalarda qo‘llanishiga mo‘ljallangan avtonom uchuvchisiz uchish qurilmasi (dron) orqali xizmat ko’rsatuvchi “Mind as Engine spin-off» korxonasining HUMOUN uchuvchisiz uchish qurilmasi imkoniyatlari va xususiyatlari ishtirokchilarga tanishtirildi.
Taqdimotda ushbu qurilmadan qishloq xo‘jaligining boshoqli don ekinlarda, paxtachilik, bog‘dorchilik, kungaboqar, jo‘xori ekinlarini kimyoviy o‘g‘itlash tadbirlarida foydalanish afzalliklari haqida tushunchalar berildi.
Ma’lumot uchun: ushbu qurilmaning tezligi soatiga 75 km, gektariga 0,5 litr benzin yoqilg‘isi sarflashi va uning umumiy hajmi bilan 600 kilogram hamda 160 litrgacha foydali massa yoki kimyoviy moddalarni ko‘tara olishi va bir vaqtning o‘zida 14 metr oraliqqa ishlov bera olishi imkoniyati mavjudligi haqida ta’kidlab o‘tildi.
Savol-javob va muzokaralarga boy bo‘lgan ushbu ko‘rgazmali tadbir ishtirokchilari mazkur uchuvchisiz texnologiyaning mavjud imkoniyatlari bilan tanishib o‘z fikr-mulohazalari hamda takliflarini bildirishdi.
Korxona tomonidan soha mutaxassislarining fikr-mulohazalarini inobatga olgan holda qurilmalarning samaradorligi va imkoniyatlari takomillashtirib borilishi ma’lum qilindi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: