Qozog‘iston Respublikasi Jambil viloyati Taraz shahrida III Turkiy agrobiznes forumi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur Agroforumda tashkilotga a’zo davlatladan: Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov, TMT Bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Turkiya, Ozarbayjon, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Vengriya qishloq xo’jaligi vazirlari, shuningdek, Tojikiston, Xitoy, AQSh, Rossiya qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida faoliyat yuritayotgan yirik ishlab chiqaruvchi kompaniyalari rahbarlari ishtirok etdi. Bu o‘z navbatida kompaniyalar uchun B2B uchrashuvlar orqali yangi savdo-iqtisodiy hamkorlik va kooperatsion aloqalarni o‘rnatish borasida qulay platforma hisoblanadi.
Tadbirni Qozog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Aydarbek Saparov kirish so‘zi bilan ochib berar ekan, qishloq xo‘jaligi sohasida hosildorlikni yanada oshirish, ekologik toza va raqamli qishloq xo‘jaligini yaratish, eksport mahsulotlari turi va geografiyasini diversifikatsiya qilish qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishning asosiy tamoyillari ekanligini ta’kidladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur forumning aynan Taraz shahrida bo‘layotgani ham bejiz emas. Chunki aynan shu yerda turkiy xalqlarni birlashtirgan Buyuk ipak yo‘li o‘tgan. Jambil viloyati esa, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yetakchi viloyatlardan biridir.
Viloyat butun piyozning 2/3 qismini va sarimsoqning 50% dan ko‘prog‘ini Qozog‘istonga yetkazib beradi va mayda qoramollar soni bo‘yicha u mamlakat bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turadi. Jambil viloyatining yer osti boyliklarida joylashgan respublika fosforitlarining 72% balans zaxiralari uning hududida to‘plangan. O‘tgan yili qiyin ob-havo sharoiti tufayli bu mavsumda fermerlar sifatli urug‘lar bilan ta’minlash muammosiga duch kelishdi. Forumning asosiy maqsadlaridan biri ham bu murakkabliklarni hal qilishdir.
Eslatib o‘tamiz, mazkur Forum 19–21 mart kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Shuningdek forum doirasida, 19–21 mart kunlari Tarazda “KazAgroJambil – 2024” birinchi xalqaro qishloq xo‘jaligi forum-ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tishi belgilangan bo‘lib, rasmiy ochilishi 20-mart kuni bo‘lib o‘tadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: