Dehqonchilikda “to‘qsonbosti” usuli dehqonlarimiz tomonidan qadimdan qo‘llab kelinadi. Bu usulda ekilgan urug‘lar 90 kunlik qishni qor ostida bosib o‘tadi. Shu sababdan ham bu usulni dehqonlarimiz “qorbosti” yoki “to‘qsonbosti” deb atashadi. To‘qsonbosti usulida ekish sovuqqa chidamli sabzavotlardan erta ko‘klamda arzon va mo‘l sabzavotlarni yetishtirish imkonini yaratish barobarida, kundalik oziq-ovqat mahsulotlari tanqis “iliguzildi” paytida vitaminli mahsulotlar bilan ichki bozor ehtiyojini qoplaydi, eksport imkoniyatlarini kengaytirib dehqonlarni boyitadi.
To‘qsonbosti uslubida ekilgan sabzavot ekinlari urug‘lari erta ko‘klamda yerdan juda barvaqt unib chiqib, tez rivojlanishi hisobiga erta hosil beradi. Sabzavot urug‘lari ekilgan egatlar ustidan chirigan mahalliy o‘g‘itlar yoki daraxt qipiqlari bilan mulchalash yoki shaffof polietilen plyonkalarini yopish tadbirlarini qo‘llash ekilgan sabzavot urug‘larini erta ko‘klamda barvaqt unib chiqib, jadal o‘sib rivojlanishi hisobiga erta bahorda ekishga qaraganda hosil yetilishi 25-30 kungacha ertaroq, hosildorligi esa 15-20% ga ortiqroq bo‘ladi. Kech kuzda sovuq va namgarchilik boshlanmasdan oldin to‘qsonbosti usulida ekish uchun noyabr oyining oxiri dekabr oyining birinchi dekadasida sovuqqa chidamli sabzavot ekinlaridan sabzi, piyoz, osh lavlagi, ko‘kat sabzavotlar (ismaloq, ukrop, petrushka, selderey, kashnich, salat) ekinlarining urug‘lari sepiladi. To‘qsonbosti qilib sepiladigan sabzavot urug‘lar sarfi 20% gacha ko‘proq bo‘lishi kerak.
Bu muddatda sepilgan sabzavot ekinlarining urug‘lari qish mavsumida unmaydi, qishki yog‘ingarchiliklar natijasida urug‘lar tuproqdagi namlikka to‘yinadi va havo harorati 4-5°S bo‘lganda ko‘klamda barvaqt begona o‘tlar urug‘laridan oldin yer nami bilan unib chiqa boshlaydi. Havo harorati 18-20°S bo‘lganda to‘liq unadi, kuzda ekilgan sabzi, piyoz va lavlagining barglari ko‘klamda ekilganiga qaraganda 1,5-2 baravar katta bo‘lib, hosil 25-30 kun oldin yetiladi hamda hosildorligi gektaridan 15-20% gacha yuqori bo‘ladi. Bunda ushbu ekinlarning erkaklab ketmaydigan navlarini ekish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Respublikamizning ob-havo va tuproq sharoitiga qarab har bir viloyat uchun yangi rayonlashtirilgan, mo‘l hosilli, sifat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan, zararkunanda va kasalliklarga chidamli, mexanizmlar yordamida ishlov berishga moslashgan, har bir ekish muddati uchun mos navlarni to‘g‘ri tanlash lozim.
Sabzavotlar qish oldidan ekilganida, urug‘lar past haroratdagi namlikda qo‘pchib bo‘kadi, yarovizatsiya davrini tabiiy sharoitida qishlab o‘taydi, nimjon urug‘lar o‘lib ketadi, haqiqiy baquvvat urug‘lar erta bahorda past haroratda maysalaydi. Yarovizatsiya davrini tabiiy sharoitda o‘tagan urug‘larning maysalari sovuqqa 7 va kasallik hamda zararkunandalarga chidamli bo‘ladi. Bahorda ob-havo o‘zgaruvchan bo‘ladi. Har doim ham ekish va urug‘larning unishi uchun qulay sharoit yaratilavermaydi. Qish oldidan ekilgan ekinlar esa, ob-havoga qarab qulay unib chiqish davrini o‘zi aniqlaydi. Hatto, yerlarning loy sovuq bo‘lib qulay muddatning cho‘zilishi yoki qurg‘oqchil kelib tuproq namini qochishi ham bu ekinlarga taʼsir ko‘rsatmaydi. Bu usulda urug‘larni ekish oldidan ekishga tayyorlash kabi katta mehnat talab qilinadigan tadbirlar amalga oshirilmaydi. To‘qsonbosti usulida ekilib mulchalangan sabzavot ekinlarining urug‘i qishki yog‘inlar taʼsirida asta-sekin bo‘rtib, erta ko‘klamda, havo haroratining past bo‘lishiga qaramay, urug‘lardan maysalar tez o‘sib chiqadi.
Natijada, ushbu maysalar bahorgi qisqa muddatli sovuqlarga bardoshli bo‘lishi bilan birga bahorgi ekilganiga qaraganda 10-15 kun erta pishadi va serhosil bo‘ladi. Ayniqsa, bahor seryog‘in kelib, yerlar ishlov berishga yetilmay, ekish muddati cho‘zilib ketgan yillarida bu yana-da ahamiyatli hisoblanadi. Har qanday holatda ham bahorda katta maydonlarga ekin ekish kerak bo‘lgan davrdagi eng qimmatli vaqtingizni tejaydi. To‘qsonbosti usulida ekishning yana bir xususiyati shundaki, urug‘lar past haroratdagi namlikda ko‘pchib bo‘kadi, lekin unib chiqmasdan qishlaydi. Nimjon urug‘lar o‘lib ketadi. Haqiqiy baquvvat urug‘lar erta bahorda past haroratda maysalaydi. Yarovizatsiya davrini tabiiy sharoitida o‘tagan urug‘larning maysalari sovuqqa va kasallik hamda zararkunandalarga ancha chidamli bo‘ladi. To‘qsonbosti usulida sovuqqa chidamli sabzavot ekinlaridan sabzi, piyoz, osh lavlagi, ko‘kat sabzavotlar (ismaloq, ukrop, petrushka, selderey, kashnich, salat, rukkola) janubiy hududlarda oqbosh va gul karam, brokkoli kabi ekinlar yetishtiriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: