O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi ishtirokida BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh qarorgohida O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, xususan, O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va 2019-yili Prezident Sh. Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi” doirasida mamlakat qishloq xo‘jaligi sektorini transformatsiya qilish masalalariga bag‘ishlangan brifing o‘tkazildi.
Tadbirda FAO tomonidan Bosh direktor o‘rinbosari Tomas Loran, tashkilot bosh iqtisodchisi Massimo Torrero, Investitsiya markazi direktori Maxmud Mansuri, Iqlim o‘zgarishi, bioxilma-xillik va tabiatni muhofaza qilish masalalari bo‘yicha direktor Edoardo Mansur, Resurslarni jalb qilish va xususiy sektor hamkorligi bo‘limi direktori Aleksandr Djons, Logistik xizmatlar bo‘yicha direktor Rodrigo De-Lapurta, Bosh direktor apparati muvofiqlashtiruvchisi Natalya Merkushevalar ishtirok etishdi.
O‘zbekiston tomonidan O‘zbekistonning FAO huzuridagi doimiy vakili, Italiyadagi elchisi Otabek Akbarov va uning o‘rinbosari Nuriddin Xushnazarov, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining axborot xizmati rahbari Rezida Erdman qatnashdi.
O‘zbekistonning FAO huzuridagi doimiy vakili, elchi Otabek Akbarov ishtirokchilarga so‘nggi yillarda mamlakatimiz Prezidenti rahnamoligida agrar sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va sohadagi transformatsiya jarayonlari to‘g‘risida batafsil to‘xtaldi. O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan dasturi qabul qilingani hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, sohaga bozor munosabatlarini joriy etishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2021-yilda mamlakatimiz «Global oziq-ovqat xavfsizligi» indeksida 113 ta mamlakat orasida 78-o‘rinni egallab, 5 pog‘onaga yuqoriladi. Taʼkidlanganidek, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohasini modernizatsiya qilish hamda zarur infratuzilmalarni barpo etish bo‘yicha investitsiya loyihalari uchun xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlarining 4 milliard dollar miqdoridagi mablag‘lari jalb qilindi.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati rahbari Rezida Erdman tomonidan “O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi”da belgilangan 9 ta ustuvor yo‘nalishning amalga oshirilishi bo‘yicha taqdimot o‘tkazildi.
Shu tariqa O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi vakili qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallangan yerlar borasidagi keskin o‘zgarishlar, shu jumladan, ochiq auksionlar yordamida yerlarni ajratishning shaffof mexanizmlarini joriy etilishi, yer-suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, sohaning ilmiy taʼlim salohiyati va yangi AKIS agroxizmatlar va innovatsiyalar tizimi ishtirokidagi xizmatlar sohasi rivojlanishi haqida maʼlumot berib o‘tdi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligini jadal raqamlashtirish va fermerlar uchun bir qator dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish va eksport salohiyatini rivojlantirish haqida so‘z yuritildi.
FAO vakillari qishloq xo‘jaligi sektorining belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha rivojlanish dinamikasini yuqori baholab, o‘tgan yili O‘zbekiston FAOga a’zo bo‘lganiga 20 yil to‘lganini ta’kidlab o‘tdilar. O‘tgan yillar davomida sheriklik munosabatlari doimiy rivojlanib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusidagi va u tomonidan shaxsan qo‘llab-quvvatlangan so‘nggi yutuqlar hamkorlikka yangi turtki bag‘ishladi.
Shuningdek, FAO vakillari O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayevning mintaqaviy konferensiya raisi sifatidagi sa‘y-harakatlarini alohida ta‘kidlab, bu Mintaqaviy konferensiyani FAO ruhiga mos ravishda dinamik, interaktiv va konstruktiv forumga aylanishiga hissa qo‘shganini bildirishdi.
– Bugungi brifing uchun O‘zbekiston tomoniga alohida minnatdorlik bildiraman,- dedi FAO Bosh direktori o‘rinbosari Tomas Loran. – O‘zbekistonning bu sohadagi tajribalari boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarda qo‘llanishi mumkin. O‘z navbatida, FAO O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirishda faol ishtirok etishga tayyor.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: