Bugungi kunda Respublikamizning barcha joylarida qovoq urug‘lari faol ekilmoqda va har bir hududda o‘ziga xos usullardan foydalanilmoqda. Xususan, Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumani Do‘stlik massividagi “Dilkushod agro lider” fermer xo‘jaligining 20 gektar maydoniga 120 ming tup oshqovoq ko‘chatlari yaratilib ekish ishlari tashkillashtirildi. Bu yerda aynan urug‘ qadash bilan emas, balki ko‘chatlar orqali qovoq ekish yo‘lga qo‘yilgan. Bunda 1 gektar maydonga 6 ming tup oshqovoq ko‘chatlari ekiladi, bir tup oshqovoq ko‘chatidan 20 kg hosil olinadi.
Qovoq ekinidan mo‘l hosil olish uchun yuqori sifatli, nav jihatidan toza urug‘lar ekilishi kerak. Zararkunandalar va g‘umbaklaridan toza bo‘lgan bir yil saqlangan qovoq urug‘i eng yuqori hosil beradi. 4–5 yil saqlangan urug‘lar unuvchanlik xususiyatini yaxshi saqlasada, hosildorligi keskin kamayishi mumkin.
Urug‘ni ekish ishlari janubiy viloyatlarda 1–10-aprelgacha, markaziy viloyatlarda 10–20-aprelgacha, shimoliy viloyatlarda 25 aprel-10-may oralig‘ida amalga oshiriladi.
Parvarishlash qatqaloqqa qarshi kurash va ko‘chat xatosini qayta ekishdan boshlanadi. Nihollarni ikki marta yagana qilinadi, bunda birinchisi 1–2 chinbarg hosil qilganda, har uyada 2–3 ta o‘simlik qoldirib, ikkinchisi 3–4 chinbarglari paydo bo‘lganda, har bir uyada 1–2 ta o‘simlik qoldiriladi.
Qovoq yer osti sizot suvlarining joylashish chuqurligiga qarab 3–4 dan 6–7 martagacha sug‘oriladi. O‘sish davrida birinchi va ikkinchi chopiqdan so‘ng bir marta, so‘ng meva pishishigacha har 10–14 kunda, meva pishish davrida esa har 15–20 kunda sug‘orib turiladi.
Qo‘llanilayotgan bu usullar amaliyotda o‘z samarasini bergani bois fermer va dehqonlar shuning hisobidan yuqori hosil ko‘tarib, daromadlarini oshirishni maqsad qilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: