Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov joylarda agrar sohadagi islohotlar izchilligini ta’minlash, olib borilayotgan bahorgi agrotexnik tadbirlar jarayoni bilan tanishish maqsadida ishchi tashrif bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib turgani haqida xabar bergan edik.
Ishchi tashrif doirasida vazir nafaqat qishloq xo‘jaligi obyektlarida, balki aholi xonadonlarida ham bo‘lib, yurtdoshlarimizning tomorqachilik madaniyatini yuksaltirish, bir parcha yerdan ham samarali foydalanish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bermoqda.
Navbatdagi manzil esa Amudaryo tumanining “Xolimbek” OFYdagi aholi xonadonlari bo‘ldi. Bu yerda istiqomat qiluvchi Erkin aka Qo‘shayev hovlisidagi 25 sotix yer bilan chegaralanib qolmasdan yondosh hududdagi 70 sotixdan ortiq yerda ham dehqon xo‘jaligini tashkil etgan.
Hovliga kirar ekansiz bir yonda quyonlar, bir burchakda parrandalar hamda qo‘y va qoramollar uchun alohida joy ajratilgan. Hovli va unga tutash yer maydoniga turli qishloq xo‘jaligi ekinlari, bir tomonda o‘rik, gilos, shaftoli, olcha singari qiyg‘os gullagan danakli meva daraxtlari, bir tomonda ana-mana deguncha barg chiqarishga tayyor olma, nok singari mevali daraxtlarning tartib bilan joylashtirilganini ko‘rib ko‘zingiz quvnaydi.
Hattoki mahalliy o‘g‘itdan biogumus tayyorlash, turli ko‘chat va payvandtaglar yetishtirish uchun alohida burchak hamda limon, qulupnay, malina kabi sitrus va rezavor mevalar yetishtirilayotgan mo‘jazgina issiqxona ham mavjud.
Hovlidagi yurtimiz iqlimi uchun noodatiy bo‘lgan ekin turlarini yetishtirib ko‘rishga mo‘ljallangan mo‘jazgina tajriba maydonchasi va bu yerda amalga oshirilayotgan kichik tadqiqotlar esa alohida mavzu.
Xullas bularning hammasi tinib tinchimaydigan Erkin akaning yaratuvchanlikka intilishi, agrar sohada yangiliklar qilishdan charchamasligi, ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olishi natijasidir.
Ibrohim Abdurahmonov bilan suhbatlashar ekan Erkin aka yoshlikdagi seleksioner olim bo‘lish orzusi turli omillar sabab amalga oshmagach, buni o‘z hovlisi misolida amalga oshirishni maqsad qilgani, mana shu mehnatlarning ortidan barcha farzandlarini oliy ma’lumotli qilib, uy-joy bilan ta’minlagani haqida gapirib berar ekan, “Otam mehnatdan kelsa boylik turmush bo‘lar chiroylik deya ko‘p aytardi, mana mehnat qilib kam bo‘lmadim”- deydi kamtarlik bilan.
Mahallada istiqomat qiluvchi yana bir inson Shavkat O‘rozboyevning tomorqasi bilan tanishish chog‘ida uning ham an’anaviy usulda qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirishdan tashqari 16 sotix maydonda issiqxona tashkil etib, pomidor va bodring yetishtirib kelayotgani, tomorqadan samarali foydalanish bo‘yicha bu yilgi rejalari to‘g‘risida suhbatlashildi.
Vazir o‘z navbatida, bugun agrar sohada mehnat qilayotgan, izlanish va yaratuvchanlikdan charchamaydigan bu kabi tadbirkorlar mahallalar obodligi, oilalarning to‘kinligi-yu xonadon ozodaligi yo‘lida barchaga o‘rnak ekanligini ta’kidlar ekan, xonadon sohiblarining o‘z tajribalarini qo‘ni-qo‘shnilar va yoshlarga ham yetkazish Sayxunobod tajribasini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini alohida e’tirof etdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: