O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning natijadorligi bilan yaqindan tanishish maqsadida amaliy tashrif bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib turibdi.
Tashrif davomida Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar institutida tashkil etilgan yig‘ilishda Respublikaning fermer xo‘jaliklari va ko‘zga ko‘ringan ishlab chiqaruvchi klaster rahbarlari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Unda ayni paytda dunyodagi o‘zgarishlar fonida agrar sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar bois, kechagi tajriba bugunga mos kelmayotgani, texnika va texnologiyalar rivojlanib borayotgan bir paytda qishloq xo‘jaligi ekinlarini, xususan, paxtani tomchilatib sug‘orishga to‘liq o‘tkazish, kanal va ariqlarni betonlash orqali mavjud suv zaxirasidan unumli foydalanish, shuningdek yetishtirilayotgan mahsulotlarning qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish bugungi davr talabi ekanligi ta’kidlab o‘tildi.
Vazir o‘z navbatida, bugun dunyoda bo‘layotgan global o‘zgarishlar, ilm-fan va texnika taraqqiyoti ildam odimlayotgan bir paytda mahsulot yetishtiruvchilar va ishlab chiqaruvchilar o‘zaro munosabatlarda har tomonlama maqbullik nuqtai nazaridan yondashish lozimligini qayd etdi.
Oxirgi paytlarda quloqqa chalingan fermerlar va klasterlarning munosabatlariga oid gap so‘zlar soha rivojiga to‘siq bo‘lishi, o‘zaro ishonchning yo‘qolishiga olib kelishi turgan gap. Chunki bir vaqtlar mahsulot yetishtiruvchilarda bersang ekaman, nima chiqsa shuni olasan degan qarash urf bo‘lgan va bunga oramizda bugun ham amal qilayotganlar bor. Biroq bugun agrar sohada butunlay yangicha tafakkur va yangicha qarashlarda ish boshlaydigan davr keldi.
Davlatimiz rahbari tomonidan aynan klaster tizmi yo‘lga qo‘yilgani ham avvalo mahsulot tannarxini tushirish, xalq ma’murligi va oziq-ovqat xavfsizligi bosh omil ekanini o‘ylash va shu asosda ish olib borishni ko‘zda tutgan. Hamjihatlik va hammaslaklik bo‘lmagan joyda albatta, taraqqiyot bo‘lmaydi. Hamma bir birini tushungan holda ish yuritsa, masala o‘lda-jo‘lda emas, balki aniq maqsadlar asosida tizimli ish olib borilishi, hamda qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratilishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Yig‘ilish asosini konstruktiv muloqot tashkil etdi. Dadil fikrlar o‘rtaga tashlandi, masalaga shu yerning o‘zida yechim berildi. Asosiysi bugungi kunda bu kabi muloqot nafaqat har bir tuman, kerak bo‘lsa har bir klaster va fermer xo‘jaliklarida o‘tkazish to‘g‘risidagi fikrga kelindi. Bunda qilinayotgan ishlarning samarasi bo‘ladi, muammoli masalalarga ayni jarayonining o‘zidan kelib chiqqan holda yechim topiladi. Eng asosiysi, bugun qilinayotgan har bir islohot dehqonning, quyi bo‘g‘indagi har bir insonning hayot tarzini yaxshi tomonga o‘zgartirish, farovonlikni oshirishga xizmat qilishi muhim ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, oziq-ovqat xavfsizligiga erishish, yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifatini oshirishga nafaqat yurtimizda, balki dunyo miqyosida alohida e’tibor qaratilmoqda. Mamlakatimiz agrar sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar davlatimiz rahbari tomonidan agrar soha mutasaddilari oldiga qo‘yilayotgan vazifa va belgilab berilayotgan topshiriqlar ham aynan qishloq xo‘jaligining rivoji, yurtdoshlarimizning farovon hayot kechirishlarini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: