Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

AGRO.UZ > Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash
AGRO.UZ > Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash

AJRATILAYOTGAN SUBSIDIYALAR

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-fevraldagi VMQ 95-son “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.

Paxta, donli ekinlar, sabzavot ekinlari va kartoshka, poliz ekinlari va ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklar uchun suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash tartibi:

Subsidiyaning ushbu turi:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan paxta yetishtirishda joriy etilgan tomchilatib sug‘orish texnologiyasiga sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun;
  2. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan donli ekinlar, sabzavot ekinlari va kartoshka, poliz ekinlari va ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor o‘simliklar yetishtirish uchun suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilish, lazer uskunali yer tekislagichlar bilan tekislash hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilardan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun beriladi.

Talabgorlar:

– Qishloq xo‘jaligi ekinlari uchun suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qilgan xarajatlarining bir qismini davlat byudjetidan qoplashga subsidiya ajratilishi uchun tuman ishchi guruhiga ariza bilan yozma yoki elektron shaklda murojaat qiladi;

– arizaga suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini qurish bo‘yicha pudrat tashkiloti bilan tuzilgan shartnoma nusxasi, loyiha hujjati va qurilish ishlari yakunlanganligi to‘g‘risidagi dalolatnoma (agar suvni tejaydigan texnologiyani o‘z kuchi va imkoniyatlari orqali qurgan bo‘lsa, ehtiyot qismlarni sotib olish bilan bog‘liq xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etiladi) ilova qilinadi.

– Hujjatlar to‘liq bo‘lmagan yoki belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan holda taqdim qilinganda, tuman ishchi guruhi tomonidan arizani qabul qilish rad etiladi.

Tuman ishchi guruhi:

– talabgorning tasdiqlangan manzilli ro‘yxatlarda borligini tekshiradi;

– talabgorlar va pudrat tashkilotlari vakili ishtirokida joriy qilingan suvni tejaydigan texnologiyalarning to‘liq ishlash jarayonini joyida o‘rganadi;

– texnologiya sifatli qurilgan, to‘liq ishlagan va belgilangan texnik talabgorlarga javob bersa, subsidiya ajratilishi maqsadga muvofiqligi yuzasidan tegishli xulosa tayyorlaydi.

– o‘rganish natijalariga ko‘ra suvni tejaydigan texnologiyalar talabgorlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga muvofiq bo‘lmaganda, sifatsiz qurilgan va texnik talablarga javob bermaganda yoki aniqlangan kamchiliklar yetti kun ichida bartaraf qilinmagan taqdirda, tuman ishchi guruhi aniq sabablarni ko‘rsatgan holda talabgorga subsidiya ajratilishi maqsadga muvofiqligi yuzasidan xulosa berishni rad etish haqidagi qarorni qabul qiladi va bu haqida yozma ravishda talabgorga maʼlum qiladi.

Talabgorlar tuman ishchi guruhining ushbu qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda, sud organlariga shikoyat qilishi mumkin.

Hududiy ishchi guruh:

– talabgorlarga subsidiya ajratish to‘g‘risidagi xulosalarni umumlashtiradi va tahlil qiladi;

– agar taqdim etilgan hujjatlarda keltirilgan maʼlumotlarda kamchilik aniqlansa, joyiga chiqqan holda texnologiyaning ishlash jarayonini o‘rganadi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi:

– qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish uchun suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha (paxta yetishtirishda joriy qilingan suvni tejaydigan texnologiya bo‘yicha ro‘yxat bundan mustasno) taqdim etilgan talabgorlar ro‘yxatlarini ular tushgan kundan boshlab o‘n kun ichida Suv xo‘jaligi vazirligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda ko‘rib chiqadi va umumlashtiradi;

– yakuniy kelishilgan ro‘yxatlarga muvofiq talabgorlarning suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida ularning tijorat banklardagi hisobvaraqlariga subsidiyalarni o‘tkazib beradi.

Suv xo‘jaligi vazirligi:

– paxta yetishtirish uchun joriy etilgan suvni tejaydigan texnologiyalar bo‘yicha taqdim etilgan talabgorlar ro‘yxatlarini ular tushgan kundan boshlab o‘n kun ichida Qishloq xo‘jaligi vazirligi, O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda ko‘rib chiqadi va umumlashtiradi;

– yakuniy kelishilgan ro‘yxatlarga muvofiq talabgorlarning paxta yetishtirish uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida ularning tijorat banklaridagi hisobvaraqlariga subsidiyalarni o‘tkazib beradi.

Yangi intensiv bog‘, tokzor va issiqxona xo‘jaliklarida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishga sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash tartibi:

Subsidiyaning ushbu turi:

  1. Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi tomonidan mevali ekinlar va uzum (sanoatbop usulda yetishtiriladigan texnik navli uzum plantatsiyasidan tashqari) yetishtiriladigan hamda O‘zbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi tomonidan sanoatbop usulda yetishtiriladigan texnik navli uzum plantatsiyasi uchun joriy etilgan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalariga sarflangan xarajatlarning bir qismini qoplash uchun beriladi.

Talabgorlar:

– subsidiya olish uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etish ishlari va burg‘ilangan quduq, shuningdek, nasos stansiyasini qurish ishlari yakunlangandan so‘ng Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligiga yozma yoki elektron shaklda hujjatlarni taqdim qiladi.

Agentliklar:

– taqdim qilingan hujjatlarning talablarga muvofiqligini o‘rganib chiqadi;

– taqdim qilingan hujjatlar talablarga muvofiq bo‘lmagan, 2019-yildan oldin tashkil qilingan, shuningdek, intensiv bo‘lmagan bog‘ va tokzorlar uchun subsidiyalar so‘ralganda, talabgorlarni bu haqida xabardor qiladi;

– talabgorlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar Agentliklar tomonidan xabardor qilgandan so‘ng yetti ish kuni mobaynida bartaraf qilinmagan taqdirda, hujjatlarni talabgorlarga qaytaradi;

– talabgorlarning subsidiyalar olish bo‘yicha qoidalarga muvofiq bo‘lgan hujjatlarini tegishliligicha Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish agentligi qoshidagi Bog‘dorchilik va issiqxona xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasi kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligining Vinochilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiyalar berish bo‘yicha kengashining yig‘ilishlarida ko‘rib chiqish uchun kiritadi.

Kengashlar:

– Subsidiyalar ajratish yuzasidan kiritilgan hujjatlarni (takliflarni) ko‘rib chiqadi, subsidiyalar ajratish to‘g‘risida yoki ajratishni rad etish to‘g‘risida tegishli qarorlarni qabul qiladi hamda subsidiyalar ajratiladigan talabgorlarning manzilli ro‘yxatlarini tasdiqlaydi.

Agentliklar:

– Kengashlar tomonidan qabul qilingan qarorlar to‘g‘risida talabgorlarni xabardor qiladi;

– Kengashlar tomonidan subsidiya berish to‘g‘risida qabul qilingan qarorlar asosida talabgorlar bilan subsidiyalar ajratish to‘g‘risida tegishli shartnomalarni rasmiylashtiradi.

– Subsidiyalar Agentliklar va talabgorlar o‘rtasida subsidiya ajratish to‘g‘risida shartnomalar belgilangan tartibda rasmiylashtirilgandan so‘ng xizmat ko‘rsatuvchi tijorat banklarida ochilgan maxsus 22626-hisobvaraqlariga bir oy muddatda ajratiladi.

O‘rganish va monitoring ishlari:

– Tuman ishchi guruhi talabgorlar tomonidan amalga oshirilgan ishlarni bevosita joyiga chiqib o‘rgangan holda subsidiya miqdorini aniqlaydi va tegishli dalolatnomani (xulosani) rasmiylashtiradi.

– Yangi intensiv bog‘, tokzor va issiqxona barpo qilish ishlari talabgorlar tomonidan subsidiya olingandan so‘ng 12 oydan oshmagan muddatda yakunlanishi lozim.

– Agentliklar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va viloyatlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari, tumanlar qishloq xo‘jaligi bo‘limlari bilan birgalikda besh yil mobaynida shartnomada ko‘rsatilgan parametrlarning bajarilishi yuzasidan monitoring olib boradi.

– Agentliklar tomonidan belgilangan qoidalar talablarining buzilish holatlari aniqlangan taqdirda, ajratilgan subsidiyalarni Agentliklarga qaytarish haqida talabgorlarga yozma xabarnoma yuboriladi.

– Talabgorlar ushbu xabarnomalarni olgan kundan eʼtiboran bir oy mobaynida olingan subsidiyani Agentliklarning tegishli maxsus shaxsiy g‘azna hisobvarag‘iga qaytarishi lozim.

– Talabgorlar ajratilgan subsidiyani belgilangan muddatda qaytarmagan taqdirda, Agentliklar tomonidan subsidiyani sud tartibida undirish choralari ko‘riladi.

Vazirlar Mahkamasining 10.06.2021-yildagi 362-son qarori bilan “Sholi ekish uchun sotib olingan zamonaviy urug‘ seyalkalari va ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi to‘g‘risida”gi Vaqtinchalik nizom tasdiqlangan.

Vaqtinchalik nizomga ko‘ra, 2021-yil 31-dekabrga qadar sholi yetishtiruvchi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilariga sotib olingan urug‘ seyalkalari va ko‘chatlab ekish uskunalari qiymatining 20 foizgacha qismi O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.

Qishloq xo‘jaligi texnikasi qiymatining bir qismini qoplab berish tartibi:

– Subsidiyalar faqat talabgor tomonidan sotib olingan kunda ishlab chiqarilganiga bir yildan oshmagan yangi qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun ajratiladi;

– Talabgor sholi ekadigan zamonaviy urug‘ seyalkalari va ko‘chatlab ekish uskunalarini sotib olish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasini tuzganidan so‘ng shartnoma shartlariga muvofiq, olinadigan texnikaning qiymatini to‘lab beradi;

– Talabgorlar subsidiya olish uchun tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limlariga yozma yoki elektron shaklda hujjatlarni taqdim qiladi;

– Tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limlari hujjatlarni o‘rganib chiqadi va barcha hujjatlar jamlanmasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yuboriladi;

– O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi o‘z navbatida tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limlaridan qabul qilgan hujjatlarni respublika bo‘yicha jamlaydi, tahlil qiladi va Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga taqdim etadi;

– Jamg‘arma taqdim etilgan buyurtmalarni o‘rganib chiqadi va ular talablarga mos kelgan taqdirda, subsidiya ajratiladi;

– Sotib olinayotgan qishloq xo‘jaligi texnikasi qiymatining 20 foizgacha bo‘lgan miqdordagi subsidiya pul mablag‘larini talabgorning arizada ko‘rsatilgan asosiy bank hisobvarag‘iga o‘tkazish orqali ajratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 28-fevraldagi PQ 3574-son “Paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, fermer xo‘jaliklari va suv isteʼmolchilari uyushmalarining nasos agregatlari tomonidan isteʼmol qilinadigan elektr energiyasi qiymati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadigan tartibda Davlat byudjetidan subsidiyalar hisobiga qoplanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 3-maydagi VMQ 320-son “Fermer xo‘jaliklarining nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari isteʼmol qiladigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida, suv isteʼmolchilari uyushmalari tasarrufidagi nasos agregatlari va sug‘orish quduqlari ulardan foydalanuvchi tegishli fermer xo‘jaliklariga suv isteʼmolchilari uyushmalarining roziligi bilan belgilangan tartibda bepul o‘tkazib berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-martdagi PQ-4239-son “Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga mufoviq, qishloq xo‘jaligi birlashmalari va ular aʼzolarining 2019-2020-yillarda ko‘chatlar va sertifikatlangan urug‘larni hamda meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash uskunalarini xarid qilish uchun tijorat banklarining kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan tijorat banki tomonidan belgilangan foiz stavkasining 25 foizi miqdorida, ammo 5 foizli punktdan yuqori bo‘lmagan, valyutada beriladigan kreditlar bo‘yicha 1,5 foizli punktdan yuqori bo‘lmagan miqdorda qoplanishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 14-martdagi PQ-4239-son “Meva-sabzavotchilik sohasida qishloq xo‘jaligi kooperatsiyasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi birlashmalari aʼzolari tomonidan ishlab chiqariladigan meva-sabzavot mahsulotlarining tashqi bozorlarida marketing tadqiqotlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizi subsidiyalar taqdim etish orqali O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti hamda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni rag‘batlantirish agentligi mablag‘lari hisobidan, shuningdek, jalb etiladigan xalqaro moliyaviy institutlar mablag‘lari, shu jumladan Jahon banki mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Bunda meva-sabzavot mahsulotlari eksportyorlarining qishloq xo‘jaligi birlashmalari aʼzolarini meva-sabzavot mahsulotlarini ishlab chiqarishning yangi texnologiyalariga o‘rgatish, qishloq xo‘jaligi birlashmalari aʼzolarining yerlarida agrotexnik tadbirlar monitoringini o‘tkazish, qishloq xo‘jaligi birlashmalari aʼzolari tomonidan ishlab chiqariladigan meva-sabzavot mahsulotlarining tashqi bozorlarida marketing tadqiqotlarini o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun subsidiyalar taqdim etish tartibi tasdiqlangan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-iyundagi VMQ-505-son “Paxta xomashyosi va boshoqli don ekinlarining bo‘lg‘usi hosilini sug‘urtalash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida, paxta xom ashyosi va boshoqli don ekinlarining bo‘lg‘usi hosilini sug‘urtalash bo‘yicha rasmiylashtirilgan sug‘urta shartnomalariga asosan to‘lanishi lozim bo‘lgan sug‘urta tovonlari, paxta xom ashyosi va boshoqli don ekinlari yetishtiruvchi xo‘jalik subyektlaridan tushgan jami sug‘urta mukofotlarining 80 foizgacha bo‘lgan qismi “O‘zagrosug‘urta” AJ tomonidan qoplanadi. Sug‘urta tovonlarining qolgan qismi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan “O‘zagrosug‘urta” AJga ajratiladigan byudjet subsidiyasi orqali qoplanadi.

Vazirlar Mahkamasining 12.07.2019-yildagi 578-son “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarning moddiy-texnika bazasini yanada mustahkamlash chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilgan, g‘alla o‘rish va paxta terish texnikasidan tashqari barcha turdagi qishloq xo‘jaligi texnikalari, jumladan haydov, chopiq, transport va bog‘dorchilik traktorlari, uch va undan ortiq korpusli aylanma omochlar hamda ko‘p vazifali pnevmatik va mexanik seyalkalar kabi qishloq xo‘jaligi texnikasi lizing yoki kredit shartlarida xarid qilinganda, ularning foiz xarajatlari tijorat banklari yoki lizing tashkilotlari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 10 foizlik punkti miqdorigacha, Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining pul mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 31.07.2019-yildagi PQ-4410-son “Qishloq xo‘jaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan taʼminlashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2019 ― 2021- yillarda qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan mahalliylashtirish darajasi 20 foizdan kam bo‘lmagan holda respublikada ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jaligi texnikalari xarid qilinganida texnika narxining 15 foizi miqdorida subsidiya berish, kombaynlarni xorijda xizmat ko‘rsatish (xizmatlar eksporti) uchun tashish transport xarajatlarining 80 foizini kompensatsiya qilish tartibi joriy etilgan.

Hukumat qarori (458-son, 24.07.2021-y.) bilan Qishloq xo‘jaligi birlashmalarining aʼzolari, meva-sabzavot klasterlari ishtirokchilari va tadbirkorlik subyektlariga mahalliy sharoitda yetishtirilgan intensiv ko‘chatlar (pakana va yarim pakana) hamda payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, subsidiyalar ko‘chatlar va payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun beriladi (danak va urug‘dan ko‘paytirilgan payvandtaglar bundan mustasno).

Subsidiyaning bazaviy hisoblash miqdori sotib olinadigan ko‘chatlar va payvandtaglarning har bir donasi uchun quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

– intensiv meva va uzum ko‘chati uchun – 8 000 so‘m;
– payvandtag uchun – 2 500 so‘m.

Subsidiya miqdori tok ko‘chatlari (xo‘raki va kishmishbop) uchun 0,15, urug‘li mevalar uchun 0,50, danakli mevalar uchun 0,75, yong‘oq mevalar uchun 1,00 koeffitsiyentlarni bazaviy hisoblash miqdoriga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.

Har yili, 1-noyabrga qadar loyiha tashabbuskorlarining intensiv ko‘chatlar turlari, navlari va miqdoriga bo‘lgan talabini aniqlash maqsadida intensiv bog‘ va tokzor barpo etish bo‘yicha loyihalarning manzilli ro‘yxati shakllantiriladi.

Agar siz imlo xatolarini topsangiz, iltimos, matnni tanlab, Ctrl+Enter tugmalarini bosib bizga xabar bering

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: