O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev Saudiya Arabistoni Qirolligining Ar-Riyod shahrida bo‘ldi. Tashrif doirasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida loyihalarni amalga oshirish uchun Saudiya Arabistoni investitsiyalarini jalb qilish bo‘yicha qator uchrashuvlar o‘tkazildi.
Xususan, Atrof-muhit, suv resurslari va qishloq xo‘jaligi vaziri Abdulrahmon bin Abdulmuhsin Al Fadli bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv chog‘ida respublikamizda amalga oshirilishi mo‘ljallangan investitsiya loyihalarini birgalikda ishlab chiqish tafsilotlari muhokama qilindi. Ishlanmalar keyinchalik saudiyalik investorlarga taqdim etilishi mo‘ljallangan. Hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum hamda agrosanoat majmui yo‘nalishlari bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni shakllantirish va imzolash bo‘yicha fikr almashildi.
Tashrif doirasida “AlRajhi International Group” investitsion kompaniyasi uchun respublika qishloq xo‘jaligi salohiyatining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekistonda paxta yetishtiruvchi va qayta ishlovchi korxona tashkil etish bo‘yicha loyihani amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. Bir qator yo‘nalishlar, xususan, issiqxona xo‘jaligi, bog‘dorchilik, parrandachilik, ozuqa ishlab chiqarish kabi sohalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tayyorlash va tasdiqlash borasida kelishuvga erishildi.
“Savola Group” kompaniyasi bilan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, xususan, meva-sabzavot, kunjut, yong‘oq, parranda go‘shtini bozor talabidan kelib chiqqan holda yetkazib berish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish yuzasidan kelishuvga erishildi. Ushbu kompaniya Saudiya Arabistonidagi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beruvchi eng yirik kompaniya sanaladi. Shuningdek, Yaqin Sharqdagi “Panda Retail Company” deb nomlangan chakana savdo do‘konlari tarmog‘iga ham ega.
Muzokaralar davomida Saudiya Arabistoni bozorida umumiy ovqatlanish sohasida yetakchi bo‘lgan “ALRomansiah” korxonasi bilan ham muloqot qilindi. Natijada fermalar tashkil etish, qo‘y va tovuq go‘shtini qayta ishlash loyihalarini yaratish bo‘yicha kelishib olindi. Kelishuvga ko‘ra, birinchi bosqichda o‘zbek go‘shti namunalari Saudiya Arabistoniga, ikkinchi bosqichda esa loyiha tafsilotlarini ishlab chiqish uchun O‘zbekistonga ishchi guruhi yuboriladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistondan meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berish uchun “SALIC” kompaniyasi tomonidan ro‘yxat shakllantirish borasida maʼlumotlar berildi. Ushbu kompaniya don, un, guruch, go‘sht mahsulotlarini yetkazib berishga ixtisoslashgan. Muloqot chog‘ida Qozog‘istondan import qilinadigan bug‘doydan un ishlab chiqarish uchun O‘zbekiston hududida tegirmonlarni tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Taʼkidlanganidek, un kelgusida Fors ko‘rfazi mamlakatlariga eksport qilinadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: