O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligi 28-noyabrdan 1-dekabrgacha Italiya qishloq xo’jaligi ko’chatlari va Yevropaning yetakchi invitro-laboratoriyalari milliy konsorsiumi CIVI-Italia delegatsiyasini qabul qilmoqda.
28-noyabr kuni xorijiy mehmonlar muloqotning asosiy yo’nalishlarini aniqlash maqsadida vazir Jamshid Xodjayev, shuningdek, vazir o’rinbosari va maslahatchisi Alisher To’raev hamda Alisher Shukurov bilan uchrashdilar.
Vazir Italiyaning turli hududlaridan yirik ko‘chatxonalar va agro-laboratoriyalar vakillarining O‘zbekistonga tashrifi muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
«Bog‘dorchilik O‘zbekiston qishloq xo‘jaligining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi, shu bois hozirda biz mamlakatimizdagi bog‘lar va uzumzorlarimizni yangilamoqdamiz, – dedi vazir Jamshid Xodjayev Italiya delegatsiyasi bilan uchrashuv mobaynida. – Sizlarga hamkorlik qilish va mamlakatimizda bizning ITIlar bilan in-vitro ko’chatlar ishlab chiqarishni boshlash taklifini kiritaman. Bizga yaxshi ta’mga ega bo‘lgan va yuqori hosil beradigan zamonaviy navlar kerak. Maxsus tayyorlangan dastur doirasida delegatsiyangiz Bilimlar va innovatsiyalar AKIS markazi, shuningdek, akademik M. Mirzayev (Shreder instituti) nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutida bo‘ladi, u yerda siz bilan birga zamonaviy ko‘chatxona tashkil etishdan umidvormiz. Samarqandga tashrif chog‘ida bizning intensiv bog‘larimizni ko‘rib, agrobiznes vakillari bilan muloqot qilishingiz mumkin bo‘ladi. Samarqand viloyati O‘zbekistonning yetakchi bog‘dorchilik hududlaridan biri, butun jamoangiz uchun safar qiziqarli bo‘lishiga aminman».
Shuningdek, italiyalik mehmonlar Toshkent davlat agrar universiteti hududidagi ko‘chatlarni klonal ko‘paytirish laboratoriyasiga tashrif buyurishdi.
Eslatib o‘tamiz, 2021-yilning yozida qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev Oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha BMT pre-sammiti doirasida Italiyada bo‘lgan va O‘zbekistonning Italiyadagi elchixonasi ishtirokida bir qator mahalliy kompaniyalar bilan uchrashuvlar o‘tkazgan edi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarish va qayta ishlash sohasida qo‘shma loyihalarni ishlab chiqish va hamkorlikni rivojlantirish maqsadida italiyaliklarning O‘zbekistonga tashrifi o‘shanda rejalashtirilgan edi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: