O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida vazir Jamshid Xodjayev Turkiya Respublikasining yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor elchisi Olgan Bekar bilan uchrashdi. Tadbirda, shuningdek, Turkiya Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va siyosati bosh boshqarmasi (TAGEM) direktori Nevzat Birishik hamda turk agrar idorasining boshqa vakillari qatnashdi.
Uchrashuv chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasida qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro hamkorlikning bugungi holati hamda istiqbollari yuzasidan fikr almashildi. J.Xodjayev vazirlik agrar sohada investitsion-tijoriy, ilmiy-ta’lim aloqalarini kuchaytirish, ikki tomon va biznes vakillari manfaatlariga javob beradigan aniq loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanini bildirdi.
Turkiya delegatsiyasi rahbari O‘zbekistonda agrar ilm-fanning rivojlanish sur’atiga ijobiy baho berdi hamda Turkiya Respublikasi Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va siyosati bosh boshqarmasi (TAGEM) qishloq xo‘jaligi sohasidagi tadqiqotlarni tayyorlash va amalga oshirish, loyihalarni milliy rivojanish rejalariga muvofiq ishlab chiqish uchun mas’ul organ ekanini ta’kidlab o‘tdi. TAGEM tarkibiga 48 ta ilmiy institut va 300 dan ziyod laboratoriya kiradi.
Turkiya tomoni qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, o‘simliklarni himoya qilish va karantin sohasida O‘zbekistonning vazirlik va idoralari, ilmiy hamda ta’lim muassasalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, o‘zbek sheriklar ehtiyojlariga javob beradigan loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Bundan tashqari, N.Birishik agrar sohaning turli yo‘nalishlarida o‘zbekistonlik sheriklar bilan o‘zaro anglashuv memorandumlarini ishlab chiqish va imzolashga qiziqish bildirdi.
Muzokaralar yakunida TAGEMning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjonda faoliyat yurituvchi mintaqaviy idorasini Toshkentda ochish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
TAGEM hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining topshirig‘iga binoan 2021-yilda Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida tashkil etilgan Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi o‘rtasida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan.
O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi
Axborot-multimedia markazi
tomonidan tayyorlandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: