- Paxta-to‘qimachilik klasteri O‘zbekiston Respublikasining barcha hududlarida paxta xomashyosini yetishtirish uchun mo‘ljallangan yer uchastkalari negizida mazkur Nizomning 3-bandida ko‘rsatilgan shakllarda tashkil qilinadi.
- Qishloq xo‘jaligi vazirligi (keyingi o‘rinlarda — Vazirlik), “O‘zbekiston paxta-to‘qimachilik klasterlari” uyushmasi (keyingi o‘rinlarda Uyushma) hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari o‘zaro kelishgan holda yangi paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etiladigan hududlar, ularning maydonlari va hosildorligi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni har yili 20-avgustga qadar o‘zlarining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qiladi.
Bunda, paxta-to‘qimachilik klasterlari mazkur Nizomning 3-bandining ikkinchi va to‘rtinchi xatboshilarida nazarda tutilgan shaklda tashkil etilayotgan bo‘lsa tanlov maʼlumotlarida yer uchastkasining o‘lchami, konturi, ball bonniteti va normativ qiymati haqidagi maʼlumotlar ham ko‘rsatiladi.
- Paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish uchun talabgor ixtiyoriy ravishda har yili 10-sentyabrga qadar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ariza bilan murojaat qiladi.
- Talabgor arizada paxta-to‘qimachilik klasterining shakli, paxta xomashyosiga bo‘lgan talabining hajmi va yer uchastkasining maydonini (yer uchastkasini ijaraga olish istagi bo‘lgan taqdirda) aniq ko‘rsatib quyidagi hujjatlarni ilova qiladi:
- a) talabgorni davlat ro‘yxatidan o‘tganligini tasdiqlovchi hujjatlar (guvohnoma va ustavi hamda taʼsis shartnomasi (agar mavjud bo‘lsa) nusxasi;
- b) sohaga oid ishlab chiqarish quvvatlari mavjudligi to‘g‘risida maʼlumotlar;
- v) paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyati doirasida zarur bo‘ladigan aktivlar to‘g‘risida maʼlumotlar;
- g) talabgor tomonidan tasdiqlangan, shu jumladan quyidagilardan iborat biznes-reja:
paxta xomashyosi yetishtirishdan boshlab uni tayyor mahsulot sifatida sotishgacha bo‘lgan ishlab chiqarish jarayonining uzluksiz zanjirini, shu jumladan, hamkorlik asosida tashkil etish;
mexanizatsiya darajasini va ekinlar hosildorligini oshirish, resurs tejaydigan texnologiyalarni joriy etish, shu jumladan zamonaviy sug‘orish usullaridan foydalanish, yerlarning unumdorligini va melioratsiya holatini yaxshilash (qishloq xo‘jaligi yer uchastkasi ijaraga oluvchi talabgor uchun);
investitsiya loyihalari, shu jumladan ularning quvvatlari, moliyalashtirish manbalari, yaratiladigan ish o‘rinlari hamda eksport prognoz ko‘rsatkichlari to‘g‘risida maʼlumotlar;
- d) tanlovga qo‘yilgan yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravaridan ortiq miqdordagi pul mablag‘lari depozitga qo‘yilganligi haqidagi bank maʼlumotnomasi (qishloq xo‘jaligi yer uchastkalarini ijaraga oluvchi talabgorlar uchun).
- Davlat xizmatlari markazi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali onlayn vaqt rejimida talabgor tomonidan paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish bo‘yicha taqdim qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqish uchun Vazirlikka yuboradi.
- Vazirlik Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish bo‘yicha yuborilgan arizani va unga ilova qilingan hujjatlarning to‘liqligini ikki ish kunida ko‘rib chiqadi.
Agar hujjatlar to‘liq taqdim etilmagan taqdirda Vazirlik tomonidan talabgorga kamchiliklarni bartaraf etish uchun besh ish kuni beriladi. Bunda, ushbu muddat o‘tgandan keyin talabgor tomonidan yetishmaydigan hujjatlar taqdim etilmagan taqdirda, Vazirlik arizani qaytarishga haqli.
- Vazirlik besh ish kunida Uyushma hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan kelishgan holda talabgor tomonidan mazkur Nizomda belgilangan talablarga muvofiq va kamchiliklarsiz taqdim qilingan arizani hamda unga ilova qilingan hujjatlarni Respublika komissiyasiga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritadi.
- Respublika komissiyasi kotibi paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish masalalarini ko‘rib chiqish uchun yig‘ilish vaqti haqida Respublika komissiyasi aʼzolariga xabarnoma yuboradi.
- Respublika komissiyasi yig‘ilishlari unda aʼzolarning uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli (kvorum) hisoblanadi.
- Respublika komissiyasi xulosasi qaror shaklida komissiya aʼzolarining ko‘pchilik ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi. Bunda, Respublika komissiyasining har bir aʼzosi bir ovozga ega va ularning ovoz berish jarayonida betaraf qolishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
- Respublika komissiyasi kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni ko‘rib chiqib, aniq asoslarni ko‘rsatgan holda quyidagi qarorlardan birini qabul qiladi:
talabgorlarning arizalarini rad etish to‘g‘risida;
eng yaxshi taklif foydasiga ijobiy va qolgan takliflar yuzasidan salbiy qaror qabul qilish.
- Respublika komissiyasi talabgorlarning arizalarini har yili 1-oktyabrga qadar ko‘rib chiqib, eng maqbul taklif foydasiga qaror qabul qiladi. Bunda talabgor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniyligi davlat organlari va idoralarining elektron maʼlumotlar bazalari orqali tekshirilishi mumkin.
- Respublika komissiyasi tomonidan talabgorlarning arizasini rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, Vazirlik ikki ish kunida paxta-to‘qimachilik klasterlari tashkil etiladigan hududlar, ularning maydonlari va hosildorligi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni rasmiy veb-saytida qayta eʼlon qiladi.
Bunda, arizalari rad etilgan talabgorlar Respublika komissiyasi qaroridagi kamchiliklarni tuzatgan holda paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish bo‘yicha bir oy muddatda ariza berishlari mumkin.
Qayta tanlov yuzasidan kelib tushgan arizalar mazkur Nizomning 12-17-bandlarida belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
- Vazirlik bir oy muddatda Respublika komissiyasi yig‘ilishining ijobiy qaroriga muvofiq paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida hujjat loyihasini ishlab chiqadi va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
- Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Vazirlar Mahkamasining tegishli hujjati qabul qilingandan so‘ng:
uch ish kunida Vazirlik talabgorlarni, ularning arizalari qanoatlantirilganligi to‘g‘risida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali belgilangan tartibda xabardor qiladi;
besh ish kunida Vazirlik, Uyushma hamda tegishligiga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan talabgor o‘rtasida paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risida o‘ttiz yil (talabgor chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxona yoki chet el yuridik shaxsi bo‘lgan taqdirda yigirma besh yilgacha bo‘lgan) muddatga to‘rt tomonlama bitim (keyingi o‘rinlarda — bitim) tuziladi. Bunda faoliyat yuritayotgan paxta-to‘qimachilik klasteri bitimning amal qilish muddati tugaganidan keyin bitimni yangilashda ushbu paxta-to‘qimachilik klasteri boshqa teng sharoitlarda ustunlik huquqiga ega bo‘ladi;
uch ish kunida paxta-to‘qimachilik klasteri tegishli tuman (shahar) hokimi bilan yer ijarasi shartnomasi tuzadi (paxta-to‘qimachilik klasteri yer uchastkasini ijara olgan holda tashkil etilgan taqdirda).
Bunda, Vazirlar Mahkamasi tomonidan, istisno tariqasida, faqat quyidagi hollarda yer uchastkalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijaraga beriladi:
yer uchastkasi normativ qiymatining ikki baravari miqdoridagi pul mablag‘i depozitga qo‘yilganda, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimining taklifiga asosan;
eng yaxshi taklifni tanlash orqali aniqlanadigan, qiymati kamida 10 million AQSH dollari ekvivalentida (yer maydoni hajmiga ko‘ra ortib boradi) bo‘lgan yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun — loyiha qiymatining kamida 10 foiziga teng mablag‘ avvaldan maxsus hisobraqamga joylashtirilganda;
chet el investitsiyalari ishtirokidagi korxonalarga, xalqaro birlashmalar va tashkilotlarga, chet ellik yuridik va jismoniy shaxslarga — ijaraga olish huquqini olganlik uchun bozor qiymatida haq to‘lagan holda (xalqaro birlashmalar va tashkilotlardan tashqari).
- Bitimda quyidagilar nazarda tutiladi:
bitimning predmeti;
tashkil etilayotgan paxta-to‘qimachilik klasteri shakli;
taraflarning huquq va majburiyatlari;
bitimda belgilangan majburiyatlar bajarilmaganda yoki lozim darajada bajarilmaganda taraflarning javobgarligi;
paxta-to‘qimachilik klasterining yillar kesimida investitsiyalar kiritish va ish o‘rinlarini yaratish hamda ularni amalga oshirish muddatlari;
auditorlik tashkilotlarini jalb qilgan holda har yili paxta-to‘qimachilik klasterining faoliyatini tahlil qilish, bitim, shu jumladan investitsiya majburiyatlarining bajarilishi, samaradorlik va moliyaviy auditni amalga oshirish shartlari;
bitimni bekor qilish shartlari;
nizolarni hal qilish tartibi;
majburiyatlarni buzish holatlarini aniq belgilash;
bitim tuzilgan sana va joy, taraflarning rekvizitlari, pochta manzillari.
Tomonlarning kelishuviga ko‘ra bitimda boshqa qo‘shimcha shartlar ham aks ettirilishi mumkin.
- Bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taraflarning kelishuviga ko‘ra amalga oshiriladi.
- Taraflardan birining bitimga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi taklifi qolgan taraflar tomonidan rad etilgan taqdirda, ushbu masala yuzasidan sudga murojaat qilinishi mumkin.
- Paxta-to‘qimachilik klasteri faoliyatini tashkil etish tartibi ushbu Nizomga ilovagamuvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: