Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Buyuk Britaniya Qirollik agrar universiteti yangi tashkil etilayotgan Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti o‘quv dasturlarini muhokama qilishdi

AGRO.UZ > Yangiliklar > Fotoreportajlar > O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Buyuk Britaniya Qirollik agrar universiteti yangi tashkil etilayotgan Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti o‘quv dasturlarini muhokama qilishdi
Noy 22, 2021 Posted by: tested Fotoreportajlar Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi delegatsiyasi Buyuk Britaniyaning eng qadimiy qishloq xo‘jaligi universiteti – Uels shahzodasi qirolligi homiyligidagi Royal Agricultural University (RAU, www.rau.ac.uk)ga tashrif buyurdi. O‘zbekiston agrar idorasi vakillarining tashrifidan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil etish yuzasidan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, o‘quv dasturlarini ishlab chiqish va boshqa masalalarni muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.

Delegatsiyaga Toshkent davlat agrar universitetida bo‘lib o‘tgan so‘nggi kadrlar o‘zgarishlari jarayonida rektor maslahatchisi lavozimiga tayinlangan professor Munira Aminova boshchilik qildi. Professor M. Aminova O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutaxassislari bilan birgalikda RAU rahbariyati, jumladan, prorektor o‘rinbosari professor Nil Ravenskroft, RAU Qishloq xo‘jaligi maktabi rahbari Filip Xadson va RAU tadqiqot direktori professor Mark Xorton bilan uchrashdi.

“Biz O‘zbekiston jamoasini Sayrensesterda kutib olishdan mamnunmiz, – dedi professor Ravenskroft. – Bu yil bo‘lib o‘tgan muhokamalar natijalariga koʻra, ular Oʻzbekistonda yangi Xalqaro qishloq xoʻjaligi universitetini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik talablariga javob bera olishimizga ishonch hosil qilish maqsadida universitetimizga tashrif buyurishdi. RAUning    tarixiga nazar tashlasak, u barcha davrlarda butun dunyo bo‘ylab qishloq xo‘jaligi mutaxassislari bilan hamkorlik qilishga intilib, bilimlar xalqaro formatda bo‘lsa-da, dolzarb bo‘lib qolishiga va mahalliy darajada qo‘llanilishiga, talabalarning jahon darajasida ta’lim olishlarini ta’minlashga harakat qildi.

Professor Nil Ravenskroftning taʼkidlashicha, RAUning Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi bilan mustahkamlanib borayotgan aloqalari ushbu anʼanaviy yondashuvni davom ettirib, yangi Xalqaro qishloq xoʻjaligi universiteti talabalari ushbu hamkorlikdan eng yaxshi natijalarga erishishlarini taʼminlaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi jamoasi universitetning talabalari, o‘qituvchilari va boshqa xodimlari bilan uchrashishdi, talabalar shaharchasi va universitet xo‘jaligining Farm-491 agrotexnologik inkubatorida bo‘lib, infratuzilma bilan tanishishdi. Shuningdek, delegatsiyaga yangi virtual oʻquv muhiti (Virtual Learning Environment) va RAU talabalarining hamkor universitetlar bilan masalan, Xitoyda oʻqitishda muvaffaqiyatli qoʻllanilgan boshqa innovatsiyalar namoyish etildi.

Biz Buyuk Britaniyaning qishloq xo‘jaligi universiteti bilan hamkorlik qilishdan mamnunmiz va O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasida Britaniya ta’lim standartlarini joriy etish uchun ochiqmiz, – deydi professor M. Aminova. – Biz qishloq xo‘jaligi sohasida tadqiqotlar, mukammal va sifatli ta’limni birgalikda joriy qilishni intiqlik bilan kutamiz va bu hamkorlik o‘zaro manfaatlar va yangi imkoniyatlar olib kelishiga aminmiz.

Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti O‘zbekiston hukumatining qishloq xo‘jaligini raqobatbardosh tarmoqqa izchil aylantirish yo‘lida qishloq xo‘jaligi va bilimlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari orqali oziq-ovqat xavfsizligiga erishishga qaratilgan eksportga yo‘naltirilgan va erkin bozor sektoriga aylantirish bo‘yicha olib borayotgan harakatlarini qayd etdi.

O‘zbekistonda yangi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetini tashkil etish, shuningdek, RAU bilan hamkorlik masalalari O‘zbekiston hukumati va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda. 2021-yil yozida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qirollik qishloq xo‘jaligi universiteti (RAU) va Litva Vitautas Magnus University (VDU) o‘rtasida uch tomonlama o‘zaro anglashuv va hamkorlik memorandumi imzolangan bo‘lib, uning asosida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, RAU hamda VDU yangi xalqaro universitetni yaratish va faoliyatini yo‘lga qo‘yish bo’yicha muzokaralar olib borishlari mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, memorandumda universitetlar o‘rtasida o‘qituvchi va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish hamda fermerlar va fermer xo‘jaliklari maslahatchilarining malakasini oshirish va almashish dasturlarini amalga oshirish, loyiha va dasturlar ishlab chiqish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlarni o‘tkazish, xalqaro konferensiyalar va boshqa ko‘plab masalalar ko‘zda tutilgan.

O’zbekiston Respublikasi qishloq xo’jaligini rivojlantirishning 2020 — 2030-yillarga mo’ljallangan strategiyasining «Qishloq xo‘jaligida ilm-fan, ta’lim va axborot xizmatlari tizimlarini rivojlantirish» bandi – sohadagi ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Mazkur ilm-fan va ta’lim sohalarida amalga oshirilayotgan xalqaro hamkorlikni kengaytirish loyihasi strategiyadagi ustuvor vazifalar ijrosining amaliy ko‘rinishlaridan bir debochadir.

Bizning telegram kanalimizga obuna bo'ling!

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: