Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

O‘zbekiston oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha BMT sammiti yo‘lida

AGRO.UZ > Yangiliklar > Fotoreportajlar > O‘zbekiston oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha BMT sammiti yo‘lida
Iyun 8, 2021 Posted by: tested Fotoreportajlar Yangiliklar

26 may, Toshkent. O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, BMT Taraqqiyot Dasturi hamda BMTning  Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) 2021 yilning sentyabr oyida Nyu-Yorkda BMT Bosh Assambleyasi bilan parallel ravishda o‘tkaziladigan Oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha BMT Sammitiga tayyorgarlik doirasidagi birinchi Milliy dialogga tashkilotchilik qilishdi.

100 dan ortiq davlatlarda Oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha Global sammitga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha milliy jarayonlar, dialoglar va konsultasiyalar o‘z ishini allaqachon boshlagan. Shuningdek xalqaro sheriklar ishtirokidagi mintaqaviy dialoglar ham bo‘lib o‘tmoqda.

Xususan, 25 may kuni Yevropa va Markaziy Osiyoda oziq-ovqat tizimlarini transformasiyalash masalalari yuzasidan mamlakatlararo darajada ishchi videokonferensiya shaklida Mintaqaviy dialog o‘tkazildi (tashkilotchi: BMTning barqaror standartlar bo‘yicha forumi). Ushbu videokonferensiyada O‘zbekiston Respublikasi tomonidan O‘zR qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev ishtirok etdi.

Kuzda o‘tkaziladigan Global Sammit Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha progressga erishishga qaratilgan harakatlarning debochasiga aylanishi kutilmoqda, ularning har biri ma’lum darajada yanada sog‘lom, barqaror va adolatli ishlaydigan oziq-ovqat tizimlariga bog‘liq bo‘lib, beshta maqsadni ko‘zlaydi: Barcha xavfsiz va to‘yimli oziq-ovqatga ega bo‘lishini ta’minlash; Oqilona iste’molga o‘tish; Ekologik oqilona ishlab chiqarishni rag‘batlantirish; Teng yashash sharoitlarini targ‘ib qilish; Zaiflik, zarbalar va stresslarga qarshi tura olishni ta’minlash. (Sammit haqida batafsil: https://www.un.org/ru/food-systems-summit/about).

«Barchangizga ma’lum, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Kotibi Antoniu Guterrish tomonidan 2021 yilda Global Oziq-ovqat Sammitini o‘tkazish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur tashabbus birinchilardan bo‘lib BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezideti Shavkat Mirziyoyev tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi, – deya ta’kidladi, tadbir ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirining Agrar sohani jadal raqamlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Qahramon Yo‘ldoshev. – Bugungi kunda butun dunyoda global ahamiyatga ega bo‘lgan iqlim o‘zgarishi va so‘nggi ikki yil ichidagi pandemiya sharoiti aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash har bir davlat uchun muhim strategik masala ekanligini ko‘rsatdi. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash masalasi barcha davlatlar qatori O‘zbekiston Respublikasining mustaqil iqtisodiyotini, ijtimoiy-iktisodiy va siyosiy barqarorligini ta’minlashda muhim o‘rinni egallaydi. Yurtimizda ushbu muammo dolzarbligi sababli tashkiliy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy jihatdan zarur qarorlar qabul qilindi, ularning ijrosi bo‘yicha izchil va tizimli tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan Strategiyasi” yer-suv resurslaridan samarali foydalanish, resurstejamkor texnologiyalarni joriy qilinishini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, investisiyalarni jalb qilish uchun shaffof va jozibador muhitlarni yaratish, turli zamonaviy tuzilmalarni, jumladan, klasterlar va kooperasiya tuzilmalarini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan xujjatlar sohani modernizasiyalash hamda unda bozor tamoyillarini joriy qilishda muhim o‘rinni egallamoqda». 

Birinchi Milliy dialog o‘tkazilishi munosabati bilan 2021 yil 26 may kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan tadbirda manfaatdor vazirlik va idoralar hamda xalqaro va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etishdi.

«A’zo davlatlar tomonidan o‘tkaziladigan va bugunga o‘xshash dialoglar 2021 yilgi Oziq-ovqat Sammiti jarayonining asosiy tarkibi va barcha manfaatdor tomonlarni jalb etishning samarali formati sanaladi: ya’ni bular qonun chiqaruvchilar, ishlab chiqaruvchilar, distribyutorlar, fermerlar assosiasiyalari, xususiy sektor va iste’molchilar, – deya so‘z oldi BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Xelena Freyzer. – Har bir inson sog‘lom va barqaror kurrai zaminimizni o‘zgartirish sari qaratilgan oziq-ovqat tizimlaridagi xatti-harakatlarini qayta ko‘rib chiqishi kerak. Sammit ishiga munosib hissa qo‘shish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati nomidan vakolatli organ sifatida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, BMTning Taraqqiyot Dasturi va FAO ko‘magida Nukus va Namangan shaharlarida oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha bir qator milliy dialoglar o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ushbu dialoglardan maqsad, barqaror oziq-ovqat tizimlarini ta’minlashga qaratilgan milliy strategiyani shakllantirishdir».

«Agrar sektorda samaradorlikni oshirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish majburiyatini olgan O‘zbekiston Hukumati sa’y-harakatlarga mos ravishda, BMTning Taraqqiyot Dasturi ham bir qator ustuvor vazifalarni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Yangi texnologiyalar, “yashil” moliyalashtirishni ilgarish surish, munosib sharoitlarni yaratish, butun qishloq xo‘jaligi ekinlarining asosiy ta’minotchisi bo‘lgan suv resurslarini boshqarish kabi masalalarga alohida e’tibor beradi», – dedi tadbir chog‘ida BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska.

Mintaqaviy va milliy muloqotlar natijalari Oziq-ovqat tizimlari bo‘yicha BMT Global Sammitining hisobotiga kiritiladi.

Bizning telegram kanalimizga obuna bo'ling!

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: