2021-yil 29-sentabr kuni, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida agrar sohasida hamkorlik bo‘yicha O‘zbek-Xitoy kichik qo‘mitasining to‘rtinchi yig‘ilishi videokonferens-aloqa (VKA) tarzida o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Maqsud Ro‘zmetov va XXR qishloq xo‘jaligi va qishloq ishlari vaziri o‘rinbosari Ma Yusyan ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan bir qator masalalarni muhokama qildilar. Yaʼni, chorvachilik, veterinariya va baliqchilik sohasida o‘zaro aloqalar, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi va investitsion hamkorlik, karantin va o‘simliklarni himoya qilish borasidagi hamkorlik istiqbollari o‘rtaga tashlandi. Ilmiy tadqiqotlar va agrar taʼlim sohasida hamkorlikni takomillashtirish masalalari alohida muhokama qilindi.
Tadbirni ochar ekan, Maqsud Ro‘zmetov O‘zbekiston Xitoyning «Bir makon, bir yo‘l» xalqaro tashabbusini faol qo‘llab-quvvatlashi, unga Buyuk ipak yo‘lining qayta tiklanishi sifatida baho berishi, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda muhim qadam ekanini taʼkidladi.
– O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar strategik hamkorlik ruxida, jumladan qishloq xo‘jaligi sohasida ham jadal rivojlanmoqda, – deya taʼkiladi qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari. – 2020-yil yakunlariga ko‘ra, Xitoy O‘zbekistonning qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti tizimida 72 mln dollarlik 92,8 ming tonna mahsulot bilan beshinchi o‘rinni egalladi. Bu esa 2019- yilga nisbatan 1,5 baravar ko‘p ko‘rsatkichdir. Shu bilan birga Xitoydan import hajmi 47,4 mln dollarlik 63 ming tonna mahsulotni tashkil etdi. Shu yilning yanvar-avgust oylarida O‘zbekistondan Xitoyga umumiy qiymati 32 mln dollardan ziyod bo‘lgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sotildi. Biz agrar mahsulotlarimizni Xitoy bozoriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, uzoq muddat davomida yetkazib berilishini yanada rivojlantirishdan manfaatdormiz.
O‘zbekiston tomonidan yig‘ilishda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi raisining birinchi o‘rinbosari, “O‘zbekbaliqsanoat” uyushmasi rais o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi bosh direktorining o‘rinbosari, shuningdek O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarmalari rahbarlari ishtirok etishdi.
Xitoy tomonidan Xitoy qishloq xo‘jaligi va qishloq ishlari vazirligi huzuridagi Chorvachilik va veterinariya xizmati byurosi hamda Baliqchilik byurosi rahbarlari o‘rinbosarlari, shuningdek agrar vazirligi departamentlari rahbarlari qatnashishdi. Xitoy tomoni ikki mamlakatning savdo-iqtisodiy hamkorligini yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligiga sarmoya kiritish masalalarida hamkorlikni chuqurlashtirishga tayyorligini bildirdi.
Tadbir ishtirokchilari Kichik qo‘mitaning navbatdagi yig‘ilishini 2023-yilda O‘zbekistonda o‘tkazishga kelishib oldilar.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: