2021 yil 16 avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev Ummonning Atyab Foodtech kompaniyasi bosh menejeri Moxib Axmad Xon bilan qiymati 4 mln dollar bo‘lgan investision loyihani amalga oshirish, aynan esa mamlakatimizda barpo etilayotgan Agrar sohada bilimlar va innovasiyalar milliy AKIS markazi Respublika tarmog‘i negizida «Agro-oziq-ovqat texnologiyalari markazlari»ni yaratish masalasi yuzasidan uchrashuv o‘tkazdi. Loyiha 2020 yil 3 noyabr kuni vazirlik va Ummoning mazkur kompaniyasi o‘rtasida imzolangan Memorandum doirasida amalga oshirilmoqda.
«Agro-oziq-ovqat texnologiyalari markazlari»ning vazifalari qatoriga qishloq xo‘jaligiga oid oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish, eksport va import qilishda sifat va xavfsizlik standartlariga amal qilinishi borasida O‘zbekistonda zamonaviy uskunalar yordamida laboratoriya tadqiqotlarini amalga oshirish kabilar kiradi. Markazlar bevosita ISO, HACCP, FSSC, Global GAP, «Halol» xalqaro standartlariga muvofiq sertifikatlash ishlarini amalga oshiradi. Shuningdek, mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarida oziq-ovqat xavfsizligi talablari va QHSE standartlariga muvofiq mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha maslahatlar olish imkoniyati paydo bo‘ladi.
Ushbu markazlarning xalqaro miqyosda akkreditasiyadan o‘tgan laboratoriyalari (ILAC, IAF) bir nechta yo‘nalishlar bo‘yicha ishlaydi:
– qishloq xo‘jaligi/oziq-ovqat mahsulotlari, suv, tuproq va o‘g‘itlarni sinovdan o‘tkazish;
– oziq-ovqat mahsulotlari gigiyenasi va xavfsizligini nazorat qilish;
– oziq-ovqat mahsulotlarini tahlil qilish va sertifikatlash (importchilari va eksportchilariga uchun xizmatlar);
– fermerlar, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va umumiy ovqatlanish joylariga oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatish ta’lim berish.
Markazlar negizida AQSH, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya, Turkiya, Hindiston, shuningdek, Yaqin Sharq mamlakatlaridan kelgan tajribali mutaxassislar jamoasi tomonidan treninglar o‘tkazilishi, shuningdek agrosanoat majmui va oziq-ovqat sanoati sohasida yangi loyihalarni ishlab chiqishda fermerlarga ko‘mak ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
Ma’lumot uchun: Atyab Foodtech Oman Flour Mills Company (SAOG) kompaniyasining asosiy investision bo‘limi hisoblanadi va u gigiyenik jihatdan toza balanslashtirilgan yeguliklarga ega bo‘lish, oziq-ovqat mahsulotlarini sifatli qayta ishlash uchun yangi texnologiyalar ishlab chiqish, xalq iste’mol mollarini xalqaro standartlarga muvofiq tayyorlash singari masalalar borasida ko‘mak ko‘rsatadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: