Zanjabil tropik mamlakatlar oʻsimligi boʻlganligi sababli, Oʻzbekiston sharoitida tabiiy ravishda oʻstirib boʻlmaydi. Oʻsimlikni Oʻzbekistonda faqatgina issiqxona yoki xona sharoitida, maxsus tayyorlagan substratda, harorat va namlikni taʼminlagan holda oʻstirish mumkin. Oʻsimlik issiqsevar, lekin quyoshning toʻgʻridan-toʻgʻri nurlarini yoqtirmaydi va rivojlanishga qiynaladi. Havoning namligiga juda talabchan oʻsimlik hisoblanadi. Shuningdek, oʻsimlikning vegetatsiyasi davrida havo va tuproq doimiy ravishda nam boʻlishi, biroq namlik meʼyoridan ortib ketishi mumkin emas.
Zanjabil qanday oʻsimlik?
Zanjabil – Zingiberaceae oilasiga mansub koʻp yillik oʻt oʻsimlik boʻlib, vatani Hindistonning tropik oʻrmonlari bilan qoplangan sharqiy qismlari hisoblanadi.
Bugungi kunda Xitoy, Xindiston, Indoneziya, Avstraliya va Yamayka kabi mamlakatlarda yetishtiriladi. Uning asosan ikki turi boʻlib: oq zanjabil – Yamayka yoki Bengal zanjabili – eng oliy navlisi hisoblanadi. Ildizlari choʻtka yordamida birma-bir tozalanadi va sulfat kislota bilan oqartiriladi;
qora zanjabil – Barbados zanjabili – tozalanmagan, shunchaki issiq suv yordamida kuydirilgan ildiz, achchiq taʼm va xushboʻy hidga ega.
Oʻsimlik boʻyi 1,5 metrgacha yetadi. Barglari ildizdan oʻsib chiqadi va uzunligi 20 sm boʻladi, ensiz, uchi oʻtkir, ikki qavatli va tangachalar bilan qoplangan boʻladi. Ildizpoyalari seret, yoʻgʻon, enli, tuproqning yuqorigi qatlamida joylashgan. Ildizning ichi sariq, tolali va juda xushboʻy boʻladi. Pishgan ildiz diametri 2-4 sm ga yetadi. Meva hosil qilmaydi, ildiz tugunaklaridan koʻpayadi.
Zanjabil erta bahorda fevral-mart oylarida ekiladi.
Zanjabilni yetishtirish agrotexnologiyasi. Zanjabil yetishtirish uchun tanlanadigan tuproqlar torfli, yengil tuproqlar boʻlishi lozim. Bunday tuproqlar unumdor hamda azot va kaliyga juda boy boʻladi.
Zanjabil yetishtirish uchun tuproqqa xaydov oldidan, gektariga 80 tonna hisobida chirindi (kompost) solinishi zarur. Shundan soʻng, ekish uchun ariqlar olinadi yoki 30×30 sm xajmda chuqurchalar tayyorlanadi. Ushbu chuqurchalarga ogʻirligi 30 grammdan kam boʻlmagan va avvaldan undirilgan ildizpoyalar ekiladi. Ariqlarga ekishda ildizpoyalar orasini 20 sm dan kam boʻlmagan holda joylashtiriladi. 1 gektar maydonga 2 tonna atrofida urugʻlik ildizpoyalar sarflanadi. Vegetatsiya davomida olti-sakkiz xafta oraliqda suyuq organik oʻgʻitlar berilishi lozim.
Zanjabilni kam suv sarflab, tez-tez sugʻorish kerak. Har sugʻorishdan keyin tuproq kultivatsiya yoki chopiq qilinadi.
Harorat. Zanjabil uchun oʻrtacha harorat, yozda 20-25 °S, qishda +18-20 °S dan past boʻlmasligi lozim. +10-15 °S da zanjabil “uyqu”ga ketadi. Bunday holda, oʻsimlik quruq holatda, kamida +12-16 °S haroratda saqlanadi.
Zanjabil mussonli iqlimga hos oʻsimlik boʻlib, qishning oʻrtalarida u qishlaydi. Harorat +18-20 °S dan yuqori boʻlsa, zanjabil oʻsishda davom etadi. Bunday holda, u yaxshi yoritish bilan taʼminlanadi va substratning yuqori qatlami quriganida sugʻoriladi. Agar oʻsimlikning harakatsiz davrga tushishiga yoʻl qoʻyish mumkin boʻlsa, unda u +10-15 °S oraligʻida harorat bilan taʼminlanadi, oʻrtacha sugʻoriladi, tuproq qurib ketishiga imkon beriladi, lekin substratning qurib ketishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Zanjabil barglari sargʻayib yotib qolgandan keyin tugunak hosilini yigʻishga kirishiladi. Hosilni yigʻishdan 10-12 kun oldin sugʻorish toʻxtatiladi. Tugunaklar kovlab olingandan tuproqdan tozalanib, yaxshi shamollatiladigan bostirmalarda quritiladi. Hosildorlik gektaridan 20 tonnani tashkil etadi.
Zanjabilning shifobaxsh xususiyatlari
Zanjabil insoniyatga ming yillar davomida maʼlum boʻlib, dastlab Hindiston va Xitoyda yetishtirilgan.
Hozirgi vaqtda zanjabil yangi, quritilgan, tuzlangan, kukunga maydalangan holda isteʼmol qilinadi, sharbati yoki yogʻi siqib olinadi va baʼzan hatto kosmetikaga qoʻshiladi.
Zanjabil ovqat hazm qilish organlariga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Shamollashlarda qaynatmasi ichiladi. Teri kasalligida, bronxial astmada keng qoʻllaniladi. Sariq kasalligida, ich ketishda, meteorizmda buyrak yetishmovchiligida, oʻt qop va qalqonsimon kasalliklarida tavsiya qilinadi. Boʻgʻimlardagi va mushaklardagi ogʻriqni oladi, shishlarni qaytaradi, revmatizmda, artrit va artrozda yordam beradi.
Qarish jarayonini sekinlashtiradi
Zanjabil – eng kuchli antioksidant, chunki uning tarkibida gingerof faol tarkibiy qismi mavjud. Ushbu modda oksidlovchi stress – tanadagi sogʻlom hujayralarni yoʻq qilish jarayoni bilan kurashishga qodir.
Stress – qarish sabablaridan biri, ammo taomnomada ozgina zanjabil boʻlsa, hujayralar salbiy taʼsirlarga nisbatan chidamli boʻladi.
Koʻngil aynishiga qarshi kurashadi
Zanjabil homiladorlikning birinchi trimestridagi toksikoz tufaylimi, yoki bosh aylanishi tufaylimi, har qanday sababdan kelib chiqqan koʻngil aynish uchun teng darajada samarali taʼsir koʻrsatadi.
Zanjabil qusishni keltirib chiqaradigan nerv impulslarini bloklaydi.
Qon tarkibidagi qand miqdorini pasaytirishga yordam beradi
Zanjabil gipertenziya, semirib ketish, diabet, oʻt pufagida toshlar paydo boʻlishi va qonda glyukoza darajasi yuqoriligi bilan bogʻliq boshqa kasalliklar xavfini kamaytiradi.
Agar sizga allaqachon 2-toifa diabet tashxisi qoʻyilgan boʻlsa, zanjabil bu holat bilan bogʻliq asoratlar xavfini kamaytirishga yordam beradi.
Zanjabil mikroblardan eng yaxshi himoyani taʼminlaydi
Zamonaviy tibbiyotning eng jiddiy muammolaridan biri – bu antibiotiklarning haddan tashqari koʻp isteʼmol qilinishidir. Keng tarqalgan infeksiyalarni antibiotiklar bilan davolashga harakat qilayotgan odamlar koʻpincha bu dorilarni notoʻgʻri ishlatishadi va dori-darmonlarga chidamli bakteriyalarning nazoratsiz koʻpayishiga olib kelganini tushunishmaydi. Natijada, kecha nisbatan osonlik bilan davolanishi mumkin boʻlgan bakterial infeksiyalar endi dori-darmonlarga qarshi immunitetga ega boʻlib oladi.
Zanjabil, sarimsoq kabi, bakteriyalar bilan kurashish qobiliyatiga ega ekanligi isbotlangan. Olimlarning fikriga koʻra, zanjabil turli kasalliklarni davolashda katta salohiyatga ega.
Zanjabil ogʻiz boʻshligʻi haqida gʻamxoʻrlik qiladi
Zanjabil milk kasalliklarini, ayniqsa gingivit, parodontit, tish boʻshligʻi va ildiz kanallarining infeksiyalarini keltirib chiqaradigan patogen bakteriyalarning faolligini toʻxtatib turadi.
Kuniga bir marta yangi zanjabilning bir boʻlagini chaynash yoki ogʻzingizni zanjabil kukuni bilan yuvish kifoya.
Xotira va fikrlash tezligini oshiradi
Oʻrta yoshli ayollarda oʻtkazilgan tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, zanjabil bosh miya qobigʻida yoshga bogʻliq oʻzgarishlarni sekinlashtirish uchun zarurdir. Shuningdek, zanjabil ekstrakti tabletkasini ikki oy davomida qabul qilgan odamlar xotirasini, reaksiya tezligini va boshqa kognitiv qobiliyatlarini yaxshilagani aniqlandi.
Mutaxassislarning fikriga koʻra, zanjabil Alsgeymer kabi yoshga bogʻliq kasalliklar uchun asosiy dori boʻlishi mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: