Sayt test rejimida ishlamoqda!
Ishonch telefoni: 1243
Devonxona: 71 206-70-30

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayevning Sho‘rlangan yerlar bo‘yicha Global Simpoziumdagi nutqi

AGRO.UZ > Yangiliklar > Fotoreportajlar > O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayevning Sho‘rlangan yerlar bo‘yicha Global Simpoziumdagi nutqi
Okt 20, 2021 Posted by: tested Fotoreportajlar Videoreportajlar Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayevning Sho‘rlangan yerlar bo‘yicha Global Simpoziumdagi nutqi  (2021-yil 20-oktabr)

Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori, Ku Dongyu janobi oliylari!

 Simpoziumning hurmatli ishtirokchilari va mehmonlari!

Barchangizni FAO huzuridagi “Tuproq bo‘yicha global hamkorlik” tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati, Cho‘lga aylanib borishlarga qarshi kurash bo‘yicha BMT Konvensiyasi ilmiy-siyosiy kengashi, Tuproq bo‘yicha xalqaro fanlar ittifoqi hamda Sho‘rlanish sharoitida biodehqonchilik xalqaro markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan Sho‘rlangan yerlar bo‘yicha Global simpoziumda qarshilash men uchun ulkan sharaf va katta imkoniyatdir.

Avvalo, bugungi kunning eng dolzarb mavzularidan biri: “Sho‘rlanishni to‘xtatish va tuproq unumdorligini oshirish”ga bag‘ishlangan global simpoziumning ahamiyatini yana bir ta’kidlab o‘tishni istardim. Ushbu simpozium ilmiy-siyosiy kengash formatida sho‘rlanishning oldini olish uchun xalqaro tajriba va bilim almashinuvini kuchaytirish, shuningdek, siyosatchilar, olimlar, amaliyotchilar va ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi aloqalarni o‘rnatish yo‘lida xizmat qiladi. Chunki tuproq sho‘rlanishi muammolarini hal qilishga hamjihatlikda yondashibgina samarali yechimlar va intilishlarga, inqirozga uchragan yerlarni barqaror boshqarishga erishish mumkin.

Hurmatli ishtirokchilar,

Tuproqlarning sho‘rlanishi va sho‘rtoblanishi global oziq-ovqat xavfsizligi uchun katta tahdid hisoblanadi, Barqaror rivojlanish maqsadlariga, aynan esa (15.3) bevosita cho‘lga aylanishga qarshi kurash, sho‘rlangan tuproqlarni tiklash va butun dunyoda yerlar degradatsiyasining neytral balansiga erishishga to‘sqinlik qiladi.

Sog‘lom va hosildor yer resurslarining miqdori barqaror bo‘lib qolishi yoki muayyan miqdorda ko‘payishi qanchalik muhimligini barchamiz tushunamiz. Buning uchun zarur choralar ko‘rishni aynan tuproq sog‘lomligini himoya qilishdan boshlash kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Yevroosiyo qit’asi markazida, Orol dengizi havzasida joylashgan. Mamlakat hududining 70 foizdan ortig‘i yarim cho‘l va cho‘llarga, shu jumladan Markaziy Osiyodagi eng katta cho‘l – Qizilqumga to‘g‘ri keladi. Mamlakatning umumiy aholisi o‘ttiz besh millionga yaqin bo‘lib, shundan qariyb 49 foizi qurg‘oqchilikka duchor bo‘lgan hududlarda istiqomat qiladi.

Dunyodagi eng katta ekologik fojialardan biri – Orol dengizi qurishi natijasida Markaziy Osiyoning sohilbo‘yidagi 60 foizdan ziyod hududi qishloq xo‘jaligi va boshqa faoliyat maqsadida foydalanish uchun deyarli butunlay yaroqsiz bo‘lib qoldi. Shu bilan birga, har yili 75 million tonna tuz Markaziy Osiyoning boshqa hududlariga va undan tashqariga tarqalmoqda. Bu o‘z navbatida, Markaziy Osiyo mamlakatlarida sho‘rlanish va cho‘llanish jarayonlarini, ayniqsa, O‘zbekiston hududidagi Orolbo‘yi tuproqlarida jadallashtirmoqdaki, mintaqaning shimoli-sharqida 5,5 million gektarlik yangi Orolqum cho‘li vujudga kelgan.

Amudaryoning quyi etagida (Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida) sug‘oriladigan yerlarning qariyb 91 foizi turli darajadagi tuproq sho‘rlanishiga uchragan, cho‘llanish va agroekotizimlar tanazzuli jarayonlari ham kuzatilmoqda.

Orolbo‘yidagi 5,3 million gektar yaylovlarda o‘tkazilgan geobotanik tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, 2,4 million gektar yer tanazzulga uchragan bo‘lib, bu 45 foizga teng. Tadqiqotlar natijalariga ko‘ra ushbu hududlarni tiklash bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Tuproq sho‘rlanishiga qarshi kurash, melioratsiya va agrar ekotizimlarni qayta tiklash, innovatsion yondashuvlar va texnologiyalar vositasida iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish va moslashish, “iqlim jihatdan optimallashtirilgan qishloq xo‘jaligi”ni joriy etish va bularning barchasini milliy “2030-yilgacha mo‘ljallangan qishloq xo‘jaligi strategiyasi” orqali integratsiyalash – uzoq muddatli istiqboldagi eng muhim ustuvor vazifamizdir.

Hurmatli ishtirokchilar,

Respublikada yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasi doirasida 2017-2021-yillarda tuproq unumdorligini tiklashda muhim natijalarga erishildi, xususan:

– sug‘oriladigan yerlarning qishloq xo‘jaligiga qaytarilishi hisobiga ekin maydonlari 326 ming gektarga oshdi;

– paxta ekiladigan maydonlar 258 ming gektarga qisqargan va bugungi kunda u yerda namlik kam sarflanadigan, sho‘rlanishga chidamli va eng muhimi, tuproq sifatini bosqichma-bosqich yaxshilashga qodir bo‘lgan ekinlar yetishtirilmoqda (masalan, dukkakli, moyli ekinlar, qizilmiya);

– 443 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi, bu suv iste’moli umumiy hajmining qariyb o‘n foizini tejash imkonini berdi;

– 3 million 136 ming gektar sug‘oriladigan yerlarning sifatini baholash, shuningdek, 797 ming gektar maydonning sho‘rlanishini monitoring qilish natijasida tuproqning sho‘rlanish xaritalari tuzildi.

Xonimlar va janoblar,

Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Hukumati xalqaro tashkilotlar, jumladan, MDH, BMT, IHT, YeXHT, ASEAN va boshqalar bilan har tomonlama, foydali va samarali hamkorlikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratadi.

O‘zbekistonning global iqlim kun tartibidagi va uchta ekologik konvensiya hamda xalqaro kelishuvlar doirasida qo‘shma tashabbuslardagi faol ishtiroki mamlakatimizning iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha atrof-muhitni muhofaza qilish global jarayoniga izchil integratsiyasini ta’minlaydi. Bu ham o‘z navbatida BMT FAO va boshqa xalqaro sheriklar bilan hamkorlik doirasida iqlimiy-barqaror hamda aqlli texnologiyalar, axborot tarmoqlari tomon yo‘l ochishi shubhasiz.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylari BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida bir qancha tashabbuslarni ilgari surdi. Masalan, 2021-yil 18-mayda “Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risida” maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi. Hozirgi paytda unda belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun bir qator amaliy choralar ko‘rilmoqda.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi quyidagilarni asosiy ustuvor vazifalar sifatida belgiladi:

  • tuproq sho‘rlanishi oqibatlarini yumshatish uchun “iqlim jihatdan optimallashtirilgan qishloq xo‘jaligi” amaliyotini joriy qilish;
  • ilmiy va innovatsion yondashuvlarni qo‘llash;
  • sun’iy intellekt, geoaxborot tizimlari va masofadan zondlash vositalaridan foydalanish;
  • shuningdek, FAOning LADA*, ISRIK**, WOCAT*** kabi global bilimlar bazasiga integratsiyalashgan holda tuproq unumdorligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha geofizik ma’lumotlar bazasini rivojlantirish.

Bundan tashqari, Orol dengizi qurigan hududining 2 million gektarida yangi o‘simlik maydonlari va plantatsiyalarini yaratish rejalashtirilgan va shu kungacha 460 ming gektar maydonda o‘simliklar ekib bo‘lingan.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2022-2026-yillarda sho‘rlanishni kamaytirish va oldini olish bo‘yicha quyidagi maqsadlarga erishishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi:

birinchidan, Orol dengizi hududidagi 393 ming gektar yer qishloq xo‘jaligi aylanmasiga qaytariladi. Sho‘rlangan yerlar maydoni 3,6 foizga qisqartirilishi va unumdorligi yuqori bo‘lgan yerlar qariyb 1,5 barobar ko‘paytirilishi ko‘zda tutilgan;

ikkinchidan, 500 ming gektar maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy qilinadi, bu sug‘oriladigan yerlarning 30 foizini qamrab olish uchun imkoniyat yaratadi;

uchinchidan, 2021-2025-yillarda sug‘oriladigan yerlarning sho‘rlanish darajasi monitoringi va baholash amalga oshiriladi, sho‘rlangan maydonlarni qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilgan va turli darajada sho‘rlangan sug‘oriladigan yerlarning tuproq xaritalari tuzilgan;

tortinchidan, 2022-yilda Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida agroservis markazlari tashkil etiladi, 2024-2026-yillarda esa bunday agroservis markazlari tumanlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Bugun qator taqdimotlardan so‘ng, ingliz tilida simpozium uchun maxsus tayyorlangan, sho‘rlangan tuproqlarni tiklash, barqaror boshqarish bo‘yicha O‘zbekistonning sa’y-harakatlari va hissasini tasvirlaydigan qisqa videofilm e’tiboringizga taqdim etiladi.

Hurmatli ishtirokchilar,

Fursatdan foydalanib, shuni aytmoqchimanki, bu yil O‘zbekiston tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutining 100 yilligi nishonlamoqda. Shu munosabat bilan, 2021-yil 5-dekabr – «Butunjahon tuproq kuni»da ushbu muassasada oflayn va onlayn rejimida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Tuproqshunoslik va agrokimyo ilmiy-tadqiqot institutining 100 yilligiga bag‘ishlangan ushbu anjumanni bugungi tadbirimizning davomi sifatida qabul qilishingizni so‘raymiz. O‘z navbatida, biz bu yerda ishtirok etayotgan barcha olimlarni ushbu anjumanda qatnashishga taklif qilamiz, shuningdek, FAO va boshqa xalqaro tashkilotlar dekabrdagi anjumanni o‘tkazishda qo‘llab-quvvatlashidan manfaatdor ekanimizni bildiramiz.

Men o‘z nutqim yakunida tashkilotchilarga yana bir bor minnatdorlik bildirib, tuproqning sho‘rlanish va cho‘llanish muammolarini hal qilishda shubhasiz muhim ahamiyat kasb etuvchi bugungi simpozium ishtirokchilariga muvaffaqiyatli va samarali ish faoliyatini tilab qolaman.

Ishonchim komilki, bu tashabbus yuqori sifatli va katta xajmlardagi agromahsulotlarni yetishtirish maqsadida tanazzulga uchragan yerlarni qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishiga qaytarishga hissa qo‘shadi, natijada esa dunyo bo‘yicha sho‘rlanish xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda yashovchi aholi hayotining yaxshilanishiga olib keladi.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Bizning telegram kanalimizga obuna bo'ling!

Imlo xatolari haqida hisobot

Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: