Agrar sohada bir qator istiqbolli loyihalar bo‘yicha muzokaralar qanday kechdi va FAOning Rimdagi bosh qarorgohi xodimlari endi deyarli har kuni qanday qilib O‘zbekistonga tashrif buyurishi/tushlik qilishi mumkin?
O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev boshchiligidagi delegatsiya Rimga tashrif buyurdi. Ikki kunlik tashrif davomida O‘zbekistonning Italiyadagi Elchixonasi ishtirokida xalqaro tashkilotlar, Italiya qishloq xo‘jaligi uyushmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va yirik kompaniyalar vakillari bilan bir nechta uchrashuvlar o‘tkazildi. BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO)ning bosh qarorgohida mazkur xalqaro tuzilma bosh direktori Suy Dunyuy ishtirokida “Uzbekistan Lounge” madaniy zalining ochilish marosimi tashrif doirasidagi alohida e’tiborga molik tadbirga aylandi.
AGRAR SOHADA XALQARO HAMKORLIK MASALALARI BO‘YICHA MUZOKARALAR
Jamshid Xodjayevning BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Suy Dunyuy bilan muzokaralari chog‘ida FAOning texnik ko‘magi, qo‘shimcha moliyaviy mablag‘lar, xususan, Global ekologiya jamg‘armasi va Yashil iqlim jamg‘armasining grantini ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi. Shuningdek, FAO bilan qishloq xo‘jaligi yerlari, o‘rmon va yaylovlardan samarali foydalanishga qaratilgan 10 mln dollarlik ikkita yangi grant loyihasi imzolandi.
Uchrashuv doirasida FAO O‘zbekiston Prezidentining oziq-ovqat xavfsizligi va qishloq xo‘jaligi sohasidagi keng ko‘lamli islohotlarini yuksak baholashi ta’kidlandi. Shuningdek, tashkilot bosh direktori so‘nggi ikki yil davomida O‘zbekiston FAOning Yevropa bo‘yicha 32-mintaqaviy konferensiyasiga vazir boshchiligida muvaffaqiyatli raislik qilgani va bu davrda muhim tashabbuslar va hujjatlar ishlab chiqilishiga munosib hissa qo‘shganini ta’kidladi.
Jamshid Xodjayev, shuningdek, Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD) prezidenti Jilber Ungbo, jamg‘armaning mintaqaviy direktori Dina Saleh va mamlakat bo‘yicha direktor Fidi Rajonson bilan ham uchrashdi. Muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda IFAD idorasini ochish masalalari muhokama qilindi.
2023-2027-yillarga mo‘ljallangan Yangi strategik imkoniyatlar dasturi (COSOP) doirasida O‘zbekiston va IFAD o‘rtasida kichik fermerlar, shuningdek, ayollar va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlari o‘rtaga tashlandi.
Qishloq xo‘jaligi uyushmalari, ilmiy-tadqiqot institutlari va yirik agrokompaniyalar bilan uchrashuvda vazir Xodjayev va Italiya qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (FAGRI) prezidenti Janfranko Grechi O‘zbekistonda FAGRI assotsiatsiyasi vakolatxonasini ochish va amaliy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni imzoladi.
Italiya ko‘chatlari uyushmalari konsorsiumi (CIVI Italia) prezidenti Gandominiko Konsalvo va Qishloq xo‘jaligi konfederatsiyasi (Confagricoltura) bosh direktori Franchesko Porsini bilan muzokaralar chog‘ida O‘zbekistonda mevali daraxt ko‘chatlarini sertifikatlashtirish tizimini joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyiha tafsilotlari muhokama qilindi.
FAONING RIMDAGI BOSH QARORGOHIDA “UZBEKISTAN LOUNGE” MADANIY ZALINING OCHILISHI
FAOning Rimdagi bosh qarorgohida “Uzbekistan Lounge” madaniy zali ochilishi alohida e’tiborga molik hodisaga aylandi. Ochilish marosimida BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bosh direktori Suy Dunyuy va boshqa yuqori maqomga ega mehmonlar ishtirok etdi.
Bir necha yil davomida FAO xodimlari va mehmonlarini qabul qiladigan milliy madaniy zal loyihasi O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining bevosita tashabbusi va tashkiliy-ijodiy ishtirokida o‘zbek xalqining milliy o‘ziga xosliklarini xalqaro doiralarda keng targ‘ib etish maqsadida amalga oshirildi.
Suy Dunyuy FAO binosida an’anaviy, ammo zamonaviy o‘zbekcha madaniy zal yaratilganini yuqori baholab, unga BMT tizimidagi eng diqqatga sazovor joylardan biri, deya ta’rif berdi. Ta’kidlash joizki, Rimdagi bosh qarorgohda dunyoning yana bir qancha davlatlarining milliy tematik zonalari mavjud. Hozirda FAO bosh qarorgohida 100 dan ziyod davlatdan 2600 ga yaqin xodim ishlaydi.
“O‘zbekiston hukumatiga ushbu madaniy maskanning ta’mirlash va loyihalashga qo‘shgan saxovatli hissasi uchun minnatdorchilik bildirmoqchiman. Bugun ko‘rganimizdek, bu joyni go‘zal san’at asari deyish mumkin. Endi bu yerda taomlardan bahramand bo‘lish bilan birga an’anaviy va zamonaviy O‘zbekistonning urf-odatlari, o‘ziga xosliklari, kayfiyati bilan ham tanishish mumkin. Unda biz o‘zbek madaniyatining qadr-qimmatini va betakrorligini ko‘rib turibmiz”, – ta’kidladi Suy Dunyuy ochilish marosimida.
FAO bosh qarorgohining 8-qavatida joylashgan “Uzbekistan Lounge” madaniy zalida FAO xodimlari va tashkilot mehmonlarining biznes tushliklari, uchrashuvlari, norasmiy muzokaralari o‘tkaziladi.
“Loyiha FAO Logistika xizmatlari bo‘limi va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi xodimlaridan iborat bo‘lgan o‘zbek va italyan jamoalarini, shuningdek, Vlad Zamonov kabi jalb etilgan dizaynerlar, shuningdek, mamlakatimizning turli viloyatlaridan hunarmandlarni birlashtirdi, – dedi qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev. – Bunday hamkorlik qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog‘liq asosiy g‘oyani birgalikda yaratish va saqlab qolish, shu bilan birga, uni zamonaviy konseptual dizayn, eng muhimi, xalqimizning milliy an’analari, dunyoqarashi va mehmondo‘stlik madaniyati bilan uyg‘unlashtirish imkonini yaratdi. Ushbu madaniy maskanning xalqaro oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti hududida tashkil etilganligi zamirida mehnatsevar o‘zbek xalqining mohir qo‘llari ostida yaratilgan zaminning bor tarovati, salohiyati mujassam”.
Shu tariqa, dehqonlarning mohir qo‘llari bilan tuproqda qishloq xo‘jaligi ekinlari, oziq-ovqat mahsulotlari yetishtiriladi. Kulollarning mohir qo‘llari esa ko‘plab asrlar davomida tuproqdan yorqin, o‘ziga xos jiloli sopol buyumlarni yaratib kelmoqda. Markaziy kompozitsiya – deyarli cheksiz tuyulgan sopol idishlar to‘plamiga ega 30 metrli installyatsiya – azaldan mamlakatimizning ramziy “brendi” hisoblangan o‘zbeklarning dunyoga doston bo‘lgan mehmondo‘slik fazilatiga ishoradir.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Media markazi tomonidan respublikamizning turli hududlarida maxsus suratga olingan rasmlardan tashkil topgan derazalardagi fotojamlanma mehmonlar va FAO xodimlarida alohida qiziqish uyg‘otdi. Rim shahrining markaziy tarixiy qismlaridan birining ko‘rinishini to‘sib qo‘ymaslik uchun yarimshaffof usulda bosilgan ushbu rasmlar yer-tuproq va inson mehnati tasviri orqali qishloq xo‘jaligi, hunarmandlar an’analari va milliy oshxona o‘rtasidagi mustahkam rishtalarni aks ettiradi. Bu yerda tandir taftidan yuziga qizil yugurib pishayotgan bug‘doy non, zaminimizning sershira meva va sabzavotlari, mahorat bilan naqsh tushirilgan sopol idishlar va milliyligimizni yaqqol namoyon etuvchi boshqa suratlar mavjud. Ularni tomosha qila turib, dehqonlar, kulollar, oshpazlar va boshqa kasb egalarining g‘amxo‘r, mehnatda pishgan, yaratuvchi qo‘llarining mehrini tuyish mumkin.
Kulollar tomonidan tayyorlangan O‘zbekiston xaritasi ushbu loyiha uchun maxsus ishlab chiqilgan. Unda milliy ijodiy merosimiz har bir hududga xos bo‘lgan naqsh parchalari orqali ochib berilgan, hatto sirli Sarmishsoy darasining qoyatosh san’ati namunalari ham tushirilgan.
Fotohudud tariqasida an’anaviy choyxona obrazini namoyon qiluvchi burchak yaratilgan. O‘yma naqshli milliy so‘ri, go‘yo devordagi tasvirning “davomi”dek taassurot qoldiradi. U rassom A. Isupovning “Choyxona” nomli rasmi bilan uyg‘unlashib ketgan. Butun devorga bosilgan illyustratsiya o‘tgan asrdagi choyxona tasvirini namoyon etadi va go‘yoki allaqanday tarixiy voqelikka yetaklagandek bo‘ladi. Ta’kidlash joizki, 20-asr boshlarida ma’lum muddat O‘zbekistonda (o‘sha yillarda: Turkistonda) yashab ijod qilgan, keyinchalik Toshkent viloyati rassomchilik bilim yurtida dars bergan. Rassom Isupov, keyinchalik taqdir taqazosi bilan aynan Rimga kelib qolgan va u 1920-1930-yillarda Italiya bo‘ylab ko‘plab sayohatlar qilgan. U Yevropa rassomchilik doiralarida shuhrat qozongan va Rim, Milan, Bergamo, Triyest, Turin hamda Yevropaning boshqa shaharlarida shaxsiy ko‘rgazmalarini o‘tkazgan. Bugungi kunda uning suratlarini Qoraqalpog‘istonning Nukus shahrida joylashgan “Cho‘ldagi Luvr” nomi bilan mashhur Savitskiy muzeyida ko‘rish mumkin.
O‘zbekiston madaniy zalining ochilish marosimi doirasida Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev FAO bosh direktori Suy Dunyuyga 200ga yaqin a’zo davlatlarni birlashtirgan xalqaro tashkilotning asosiy idorasida o‘zbek madaniyatini namoyish etish imkoniyatini yaratib berganligi uchun minnatdorlik bildirdi.
“Ushbu o‘zbek madaniy zali FAO xodimlari va tashkilot mehmonlarini go‘zal yurtimiz va uning betakror madaniyati bilan yaqindan tanishtirishga hissa qo‘shishiga chin dildan umid qilaman. Bu yerga kirgan har bir kishi o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va e’tiborini his qilishi biz uchun juda muhim”, – dedi Jamshid Xodjayev.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: