Bugun, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Fransiya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Oreliya Bushez xonim boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Unda Elchi Oreliya Bushez xonim Fransiya va O‘zbekiston azaliy do‘st mamlakatlar ekanligi, barcha sohalar singari qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ham bir qator loyihalar amalga oshirib kelinayotganini qayd etdi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov o‘z navbatida qishloq xo‘jaligi sohasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini e’tirof etar ekan, Fransiya O‘zbekistonning agrar sohadagi eng ilg‘or hamkorlaridan biri ekanligi, ayniqsa uzumchilik va vinochilikda ulkan salohiyatga egaligi va bu borada hamkorlikdagi yangi innovatsion loyihalarni amalga oshirish ustuvor masalalardan biri ekanini qayd etdi.
Manfaatli hamkorlikning natijasi o‘laroq, Fransiya elchisi Oreliya Bushez xonim joriy yilda Parij shahrida o‘tkaziladigan “LX Xalqaro qishloq xo‘jaligi ko‘rgazmasi” (SIA) ga O‘zbekistonning ham ishtirok etishi bo‘yicha taklif berdi.
Shuningdek, mazkur ko‘rgazma doirasida “Iqlim o‘zgarishi va chorvachilikda veterinariya-sanitariya muammolari»ga bag‘ishlangan davra suhbatining tashkil etilishi nafaqat O‘zbekiston, balki Fransiya uchun ham manfaatli kechishi aytib o‘tildi.
Aytish kerak, mazkur ko‘rgazma Yevropa Ittifoqining qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilg‘or davlatlari bilan ikki tomonlama hamkorlik bo‘yicha uchrashuvlar, O‘zbekistonda yetishtirilgan va qayta ishlangan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari Yevropa bozoriga keng eksportini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish muhim ahamiyatli.
Zero, ikki mamlakatning qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik qishloq xo‘jaligi sohasi rivoji uchun yuksak ahamiyatga ega.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: