O‘zbekiston Respublikasi aholisini guruch bilan taʼminlash to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasida har yili 100 ming gektardan ortiq maydonlarda sholi ekib, yetishtiriladi. Respublika sharoitida yiliga aholi jon boshiga o‘rtacha 9,8 kg.dan guruch isteʼmoli talab etiladi. Yaʼni mamlakatimiz aholisini to‘liq guruch mahsulotlari bilan taʼminlash uchun 353 ming tonna guruch zaxirasi talab etiladi.
Respublika hududlarida 2022-yilda 105,8 ming gektar maydonlarda sholi ekilib, 516,9 ming tonna sholi yetishtirildi. Bu ko‘rsatkich guruch hisobida 310 ming tonnani tashkil etadi. Yaʼni, aholi talabiga nisbatan 43 ming tonna kam guruch ishlab chiqariladi (2021-yilga nisbatan 48 ming tonna ko‘p sholi yetishtirilgan).
Tahlillarga ko‘ra 2022-yilda Respublika bo‘yicha 8 ming tonna guruch import qilingan bo‘lsa, 2023-yilda 53,5 ming tonna guruch importi amalga oshirilgan. Yaʼni isteʼmolga nisbatan 10 ming tonna ortiqcha guruch import qilingan.
Jumladan, Qozog‘istondan 29,3 ming tonna (54,7%), Pokistondan 23,2 ming tonna (43,3%), Tailanddan 599 tonna (1,1%), Turkiyadan 265 tonna (0,5%) va Xindistondan 126 tonna (0,2%) va boshqa mamlakatlardan 21,1 tonna (0,02%) guruch impoti amalga oshirilgan.
Yuqoridagilarni inobatga olgan holda xulosa qilsak so‘nggi 5 yilda Hindistondan Respublikamizga jami 232,6 tonna guruch importi amalga oshirilgan, xolos.
Joriy yilda Hindistondan boshqa mamlakatlarga guruch eksportining to‘xtatilishi O‘zbekiston Respublikasiga o‘z taʼsirini ko‘rsatmaydi.
Maʼlumot o‘rnida, Hindiston guruch eksporti dunyoda 1-o‘rinda bo‘lib, umumiy jahon eksportining 36,8 foizini tashkil qiladi, asosiy eksport Afrika davlatlari (7,1 mln tn), Xitoy (2118 ming tn), Eron (1245 ming tn), Saudiya Arabistoni (1012 ming tn) va boshqa davlatlar hisoblanadi.
Jahon bozorida 2023-yil iyun holatiga o‘rtacha guruch narxi 1,93 AQSH dollari (22 364 so‘m), eng arzon narx 0,52 AQSH dollar (6025 so‘m) (Tunis), maksimal narx 4,84 AQSH dollarni (56 086 so‘m) (Serbiya) tashkil etmoqda.
Bugungi kunda O‘zbekiston dehqon bozorlarida guruchning 1 kg narxi navidan kelib chiqib, 11 500 so‘mdan 25 000 so‘mgacha sotilmoqda (o‘tgan yil mos davriga nisbatan 35,2 % ga o‘sgan).
Jumladan, guruchning “Avangard” navi 11 500 – 17 500 so‘mgacha, “Alanga” navi 16 000 – 18 500 ming so‘mgacha, “Lazer” navi 19 500 – 25 000 so‘mgacha sotilmoqda.
Shuningdek, kuzatuv natijalariga ko‘ra, guruchning minimal narxi Nukus shahrining “Nukus dehqon bozori” va Guliston shahrining “Guliston dehqon bozori”da (“Nukus-2” va boshqa mahalliy navli guruchlar) 11 500 so‘m qayd etilgan. Maksimal narx esa Toshkent shahrining “Farhod dehqon bozori”da 25 000 so‘mdan sotilgani kuzatildi (“Lazer” navli guruch). Shu bilan birga, ushbu bozorda guruchning minimal narxi 13 000 so‘mni tashkil etgan.
Barcha bozorlar guruch bilan uzluksiz taʼminlangan hamda zaxiralar yetarli.
Aholini turli ijtimoiy tarmoqlardagi guruchni narxini oshib ketishi asossiz targ‘ib qilishidan ogoh bo‘lishga, bu faqatgina spekulyativ holat yoki guruch narxini asossiz oshirishga harakatlarni amalga oshirishga turtki bo‘layotganligini maʼlum qilamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi
Matbuot xizmati
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: