Platina.uz internet sayti davlat tashkilotlari, turli vazirliklarda tashkil etilgan ishonch raqamlarining ishonchli ekanligini o‘rganib, mazkur masala yuzasidan o‘z takliflarini bildirgan. Mazkur axborot yuzasidan vazirlik quyidagilarni ma’lum qiladi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish maqsadida, 1243 qisqa raqami hamda +998-71-206-70-65 raqamli “ishonch telefon”lari joriy etilgan bo‘lib, mazkur telefon raqamlarining ish faoliyati haftaning dushanba-juma kunlari ertalabki soat 9-00 dan 18-00 ga qadar belgilangan.
Mazkur telefon raqamlari orqali murojaatchilar o‘z takliflari, mulohazalari va arizalarini bevosita operator bilan jonli muloqot asosida qoldirishlari mumkin bo‘lib, texnik imkoniyat cheklangani uchun murojaatlarni avtomatik qabul qilish funksiyasi mavjud emas.
Ta’kidlash lozimki, mazkur raqamlar orqali suhbat amalga oshirilishi jarayonida paralel ravishda qo‘ng‘iroqni amalga oshirayotgan abonent uchun bandlik ovozi o‘rniga, chaqiriq ovozi ketib turganligi sababli, ayrim fuqarolar tomonidan “qo‘ng‘iroqlarga javob berilmadi”, “go‘shakni hech kim ko‘tarmadi” degan fikr uyg‘onadi.
Qishloq xo‘jaligi sohasiga oid turli yo‘nalishlardagi murojaatlarning ko‘pligi, har bir murojaatga qoniqarli javob berish ma’lum miqdorda vaqt talab etgani tufayli barcha murojaatlarga to‘laqonli javob berish imkoniyatini kengaytirish maqsadida, vazirlikning www.agro.uz rasmiy veb saytida tunu-kun ishlaydigan chat-bot (savol-javob) sahifasi ishga tushirilgan. Mazkur chat-botga Respublika va xorij davlatlaridan murojaatlar kelib, murojaatlarga yo‘nalishlar kesimida vazirlikning tegishli mutaxassislari tomonidan javoblar berib kelinmoqda. Shuningdek, mobil “agromurojaatbot” ishga tushirilgan bo‘lib, fuqarolar mobil telefonlari orqali murojaatlarini yo‘llash va javob olish imkoniyatiga egadirlar.
Bundan tashqari, vazirlikning info@agro.uz va shaxsan Qishloq xo‘jaligi vazirining a.voitov@agro.uz elektron pochtasi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, xohlovchilar o‘zini qiziqtirgan masala yuzasidan ma’lumot olishlari mumkin.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: