Bugun Telegram tarmogʻidagi bir nechta yangiliklar kanalida “Ogoh boʻling: Oʻzbekiston pomidorlarida xavfli virus aniqlandi” sarlavhasi ostida xabarlar tarqaldi. Ushbu xabarlarda Qozogʻiston telekanalining “24KZ” telekanali orqali namoyish etilgan lavha asos qilib ko‘rsatilmoqda.
O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi tomonidan holatga aniqlik kiritish maqsadida olib borilgan dastlabki tezkor surishtiruv va oʻrganishlar natijalariga koʻra Qozogʻiston tomoni Oʻzbekistondan import boʻlgan pomidor mahsulotlarida pomidor jigarrang virusi (Tomato brown rugose fruit virus) va boshqa karantin kasalliklar aniqlanganligi yuzasidan mahsulotlarni orqaga qaytarish holati kuzatilmagan va eʼtiroznoma (notifikatsiya) joʻnatmagan.
Shu bilan birgalikda, Oʻzbekiston va Qozogʻiston karantin xizmatlari bilan tezkor ravishda muzokara olib borilib, ushbu tarqalgan xabarga izoh bergan fitosanitariya xizmatining Qozogʻistonning Turkiston viloyati hududiy inspeksiyasi rahbari I.Begasilov pomidor jigarrang virusi aniqlanish holati yuzasidan import boʻlgan 43 tonna pomidor mahsulotida, aynan, Oʻzbekistondan yuklangan pomidor mahsulotida xavfli virus qayd etilmaganini telefon muloqotida tasdiqladi.
Maʼlumot oʻrnida qayd etish joiz, mamlakatimizdan pomidor eksporti boʻyicha Agentlik tomonidan 2023-yil oʻtgan davr mobaynida importer davlatlarning fitosanitariya talablariga muvofiq jami 24 147 tonna (shundan 14 424 Qozogʻiston Respublikasiga eksport uchun) pomidor mahsulotiga xalqaro fitosanitariya sertifikati berilgan va importer davlatlarning karantin xizmati tomonidan nomuvofiqlik holatlari aniqlanganlik yuzasidan eʼtiroz holati qayd etilmagan.
Jahon bozoriga xavfsiz, tekshirilgan va turli kasalliklardan holi mahsulotlarni chiqarish, xalqaro qishloq xoʻjaligi maydonida Oʻzbekiston brendi nufuzini mustahkamlash maqsadida har bir qishloq xoʻjaligi mahsuloti partiyasidan namunalar olinib, Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertizadan oʻtkazilib, laboratoriyaning xulosasiga koʻra eksport va import jarayonlari amalga oshiriladi. Jumladan pomidor jigarrang virusini aniqlash uchun ham namunalar 8 soat davomida maxsus polimeraza zanjir reaksiyasi (PZR) testidan oʻtkaziladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: