O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-noyabrdagi 952-sonli qarori bilan “Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tartibi to‘g‘risida” nizom tasdiqlangan.
Mazkur nizom bilan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizini Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan qoplash berish tartibi belgilangan.
Bunda, subsidiyalar yangi va xarid qilingan kundan boshlab bir yil muddat davomida (hisobvaraq-faktura taqdim etilgan sanadan boshlab) taqdim etilgan arizaga muvofiq ajratiladi.
Fermer yoki klaster korxonasi (xaridor) agregatni sotib olish bo‘yicha rasmiylashtirilgan shartnoma shartlariga muvofiq to‘lovni to‘liq amalga oshirib agregatni sotib olgandan so‘ng, uning qiymatining 30 foizi miqdorida subsidiya olish uchun Jamg‘armaga quyidagi hujjatlarni taqdim qiladi:
– nizomda keltirilgan shaklga ko‘ra ariza; agregatni oldi-sotdi shartnomasi yoki shartnoma (kredit shartlarida xarid qilinganda), hisobvaraq-faktura, to‘lov hujjati nusxasi;
– agar agregat lizing orqali xarid qilingan bo‘lsa lizing shartnomasi, hisobvaraq-faktura, to‘lov hujjati, lizing obyektini qabul qilish – topshirish dalolatnomasi nusxasi;
– davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi «texnik guvohnoma» nusxasi (Agroinspeksiya tomonidan taqdim etiladi).
Ma’lumot uchun, lazerli tekislash tadbirlari amalga oshirilgan maydonlarda suv resurslari 15-20 foizgacha iqtisod qilinishi bilan bir qatorda hosildorlik 5-6 sentnergacha oshishiga erishiladi.
Ushbu hujjatlar Qishloq xo‘jaligini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga taqdim etilgan kundan boshlab jamg‘arma besh ish kuni davomida murojaatni o‘rganib chiqadi va «ijobiy» qaror qabul qilinganda, besh ish kuni davomida O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan subsidiya uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida xaridorga subsidiya ajratadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: