Bugun Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasining Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan «Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini baholash markazi» da yangi laboratoriya o‘z faoliyatini boshladi.
Ushbu laboratoriyada xalqaro standartlar talablariga muvofiqlashtirib, akkreditatsiyadan o‘tkazish maqsadida, Jahon banki tomonidan ajratilgan 6 mln AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lari hisobiga AQSH, Yaponiya, Germaniya, Fransiya hamda Xitoy kabi 10 dan ortiq xorijiy davlatlarda ishlab chiqarilgan zamonaviy o‘lchov vositalari va sinov qurilmalari xarid qilindi va to‘liq jihozlangan.
Mazkur yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan xodimlar bevosita qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari va ko‘chatlarining ekinbopligini, urug‘lik kartoshka va “in-vitro” ko‘chatlarining xavfli yashirin virusli kasalliklarini aniqlash orqali yaroqli urug‘liklarga muvofiqlik sertifikati berish hamda yaroqsiz urug‘liklarni ekilishini oldini olish kabi eng dolzarb masala – sifatli oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirishda ma’lum darajada o‘z hissalarini qo‘shib kelmoqdalar.
Nafaqat xalqimiz tomonidan, balki dunyoda ikkinchi non deya e’tirof etilayotgan kartoshka ekinining urug‘ligini 2024-yil bahorgi mavsumda 117 ming gektar maydonga ekish uchun 292,7 ming tonna urug‘lik kartoshka talab etiladi.
Buyurtmachilarning arizalari asosida mazkur urug‘lik kartoshkalarni ekish oldidan xavfli yashirin virusli kasalliklari, ya’ni kartoshka ekinining hosildorligiga jiddiy talafot yetkazuvchi va kartoshkaning ozuqaviy sifatini pasaytiruvchi hisoblangan X, S, M, Y va kartoshka bargining bujmayish kabi viruslarini laboratoriyada PTSR va IFA usullarida aniqlash ishlari amalga oshiriladi.
Natijada, virusli kasalliklar bilan zararlangan va sifati past urug‘lik kartoshkalarning ekilishi oldi olinadi hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlanadi.
Eng asosiysi, Yevropa Ittifoqi bozorlariga imtiyozli huquq asosida O‘zbekistondan tovarlarni eksport qilish imkonini beruvchi “GSP+” tizimi shartlaridan biri bo‘lgan Kartaxen protokoli talabi bajarilishiga erishiladi.
Qolaversa, “O‘zagroinspeksiya” tomonidan Respublikamizga chetdan kirib keladigan urug‘liklarning tarkibida geni o‘zgartirilgan organizmlar (GMO)ning mavjudligini o‘rganib borishdek muhim vazifa yechimiga qaratilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda.
“O‘zagroinspeksiya” tashabbusiga ko‘ra, urug‘chilik sohasida rivojlangan bir qator xorijiy davlatlar bilan hamkorlikda ishlar olib borilib, amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida O‘zbekiston Xalqaro urug‘larni sinash assotsiatsiyasi – (ISTA)ga uyushma a’zoligiga qabul qilingan hamda laboratoriyani xalqaro ISTA qoidalari bo‘yicha akkreditatsiyaga tayyorlanmoqda.
Muxtasar qilib aytganda, urug‘chilik tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan Prezident qarorlari asosida ajratilayotgan grant mablag‘laridan maqsadli foydalanish natijasida kelgusida mamlakatimiz dehqonlari va fermerlariga kafolatlangan hamda biologik xavfsiz urug‘liklarning yetkazib berilishiga erishiladi. Pirovardida, qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyati bo‘lgan aholimiz dasturxonining to‘kin-sochinligi ta’minlanadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: