Kartoshka strategik oziq-ovqat mahsulotlaridan biri hisoblanadi. Shu bilan birga, ushbu qishloq xo‘jaligi mahsuloti daromadli agro-biznesni rivojlantirish jihatidan ham e’tiborga molik. Fermerlarga kartoshka ishlab chiqarishning o‘ziga xosligi va afzalliklarini tushuntirish maqsadida «Kartoshka ishlab chiqarish texnologiyasi» mavzusida seminar tashkil etildi, unda ishtirokchilar bevosita dalada bo‘lib, kartoshkani ekish maxsus texnikasi bilan tanishishdi.
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan tadbir O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Kartoshka yetishtiruvchilari uyushmasi va iste’mol hamda urug‘lik kartoshka yetishtirish, saqlash va to‘liq qayta ishlash bo‘yicha bozor yetakchisi AGROVER MChJ tomonidan tashkil etildi.
Dunyoning 156 mamlakatida yiliga 376,9 million tonnadan ortiq kartoshka ishlab chiqariladi. O‘zbekiston ushbu mamlakatlar orasida 23-o‘rinni egallaydi. Eng yirik ishlab chiqaruvchilar Xitoy, Hindiston, Rossiya, Ukraina, AQSH, Germaniya, Bangladesh, Polsha, Fransiya va Gollandiya.
Respublikamizda 2020 yilda barcha toifadagi xo‘jaliklarda 2,9 mln tonna kartoshka yetishtirildi, shundan 1,5 mln tonna fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalariga to‘g‘ri keldi.
«2021 yilda fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalarida jami 86,5 ming gektar maydonlarda kartoshka ekish rejalashtirilgan, shundan, asosiy maydonlarga 50,7 ming gektar, bog‘-tok qator oralariga 3 ming gektar va takroriy maydonlarga 32,8 ming gektar ekish belgilangan – deya ta’kidladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi meva-sabzavotchilik, uzumchilik, polizchilik va kartoshkachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Faxriddin Qirg‘izboyev. – Shuningdek barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 3,2 mln tonna (1,5 mln tonna fermer xo‘jaliklari, qishloq xo‘jaligi korxonalarida va 1,7 mln tonna dehqon xo‘jaliklari va aholi tomorqa maydonlarida) mahsulot yetishtirish ko‘zda tutilgan.
Aholining kartoshkaga bo‘lgan talabini qondirish va ichki bozorlardagi narx-navolar barqarorligini saqlash maqsadida fermer, dehqon va tadbirkorlarga asosiy va bog‘-tok qator oralariga kartoshka ekishda ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Ular yuqori hosilli urug‘liklar bilan ta’minlanmoqda. Har bir hududning tuproq-iqlim sharoitlarini inobatga olgan holda, asosiy maydonlarga ertagi muddatlarda yuqori avlodli kartoshka navlarini to‘g‘ri tanlab ekish hamda o‘z muddatida agrotexnik tadbirlarni bajarish hisobiga, bugungi kunda janubiy mintaqalar, ya’ni Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ertaki kartoshka hosilining yig‘ib terib olinishi, ichki bozorga o‘z vaqtida yetkazib berilishi natijasida, bozordagi narx-navo barqarorligiga erishilmoqda. Bundan tashqari, qolgan hududlarimizda ham iyun oyidan boshlab, aholi ehtiyojidan kelib chiqqan holda, kartoshkaning ichki bozorlarimizga to‘liq yetkazib berilishi ta’minlanadi. Ertaki ekinlar va g‘alladan bo‘shagan maydonlarga kechki ekin sifatida, kartoshka ekish ishlari iyun oyidan boshlanadi. Shuningdek, fermer va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan takroriy maydonlarga kartoshka ekilishi, agrotexnik tadbirlarni olib borish, kasallik va zararkunandalarga qarshi kurashish ishlari yuzasidan tegishli ilmiy-tadqiqot institutlari hamda mutaxassislar ishtirokida joylarda ilmiy-amaliy seminarlar tashkil qilinmoqda. Navlarni to‘g‘ri tanlash, agrotexnik tadbirlarni o‘z muddatida va sifatli o‘tkazish bo‘yicha fermer xo‘jaliklarida tushuntirish ishlari olib borilib, hududlarning tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, tavsiyanomalar yetkazilmoqda».
Ayni paytda O‘zbekistonda kartoshka ishlab chiqarishga katta e’tibor qaratilmoqda. Mavjud imkoniyatlarni amaliyotda to‘liq ishga solish orqali sohani tubdan isloh qilish hamda aholini kartoshkaga bo‘lgan talabini qondirish bo‘yicha davlat darajasida turli imtiyozlar ishlab chiqilmoqda va amaliyotga joriy etilmoqda.
Respublikada iste’mol va urug‘lik kartoshka yetishtirishni oshirish, kartoshkachilik sohasida klaster va kooperasiya mexanizmlarini kengaytirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishni davlat tomonidan yanada qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, kartoshkaga bo‘lgan ichki bozor talabini to‘liq qondirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 6 maydagi PQ-4704-son qarori qabul qilingan. Mazkur qaror bilan 40 ta tuman kartoshka yetishtirishga, shundan, 23 ta tuman urug‘lik kartoshka va 9 ta tuman yuqori avlodli urug‘lik kartoshka yetishtirishga ixtisoslashtirildi.
Ushbu tumanlarda 8 ta kartoshkachilik klasterlari tashkil etilib, ularga 2 471 gektar yer maydoni urug‘lik va iste’mol kartoshka yetishtirishga ajratilib, bu maydonlarda kartoshkaning yuqori avlodli urug‘liklarini yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
Toshkent viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qarori bilan tashkil etilgan (№193, 14.04.2020y.) kartoshka ishlab chiqarishning urug‘chiligidan tortib, chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan butun jarayonini qamrab olgan «Agrover» agrosanoat kartoshkachilik klasteri bunga misol bo‘la oladi. Klaster ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish, yer-suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish uchun zamonaviy texnologiyalar va uskunalardan foydalanadi.
«700 gektar maydonda yomg‘irlatib sug‘orish va mexanizasiyalashtirish tizimini joriy etish hisobiga 2019-2020 yillarda bir gektar yerdan o‘rtacha 40-45 tonna hosil olishga erishilgan, – deydi «Agrover» agrosanoat kartoshkachilik klasteri direktori Farxod Taxirov. – Kartoshka alohida saqlash sharoitlarini talab etishini inobatga olgan holda klaster ishlab chiqarishida iste’mol va urug‘lik kartoshkani zamonaviy muzlatgichli omborlarda saqlash tizimlarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bo‘stonliq tumanidagi Agrosanoat logistika markazining ishga tushirilishi bizning Klasterga bir vaqtning o‘zida 50 tonnagacha kartoshkani saqlash, birlamchi qayta ishlash (saralash, kolibrlash, qadoqlash) quvvatini esa soatiga 100 ming tonnaga yetkazish imkoniyatini berdi. Bularning barchasi kartoshka yo‘qotilishini keskin kamaytirish va minimallashtirish, shuningdek, daladan iste’molchigacha yuqori sifatli logistikani ta’minlab berish imkoniyatini yaratadi».
Klaster tarkibiga kiritilgan Bo‘stonliq kartoshkachilik markazi tomonidan yaxlit plantatsiya maydonlarida urug‘lik kartoshka yetishtirish yo‘lga qo‘yilgan. Urug‘lik kartoshkaning yillik hajmi qariyb 20 ming tonnani tashkil etadi.
Mamlakatimizda sog‘lom urug‘lik kartoshkani ko‘paytiruvchi jarayonlar faol ravishda olib borilmoqda. Shu tariqa Toshkent, Samarqand, Namangan va Qashqadaryo viloyatlarida in-vitro laboratoriyalar tashkil etilib, urug‘lik kartoshka yetishtirish yo‘lga qo‘yildi.
Kartoshkaning chidamli turlarini yetishtirish asosiy maqsadi bo‘lgan O‘zbekiston-Vengriya kartoshkachilik markazi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan Yevropa Ittifoqi va Jahon banki ko‘magida «O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2030 yilgacha mo‘ljallangan strategiyasi»ni amalga oshirish doirasida tashkil etilgan dastlabki «AKIS Qishloq xo‘jaligi sohasida bilim, innovatsiya va xizmatlar markazi»da 2021 yilda ochildi.
“Bugungi kunda ilmiy-tadqiqot institutlari kartoshka yetishtirish va mahalliylashtirishning zamonaviy texnologiyalarini joriy etish maqsadida ilmiy ishlar olib borishmoqda, masalan, hududlarning tuproq-iqlim sharoitiga mos ertaki, o‘rtaki va kechki yuqori hosil beradigan navlarini yaratishmoqda, – ta’kidladi Qishloq xo‘jaligi vazirligi meva-sabzavotchilik, uzumchilik, polizchilik va kartoshkachilikni rivojlantirish boshqarmasi, sabzavot-poliz va kartoshkachilik bo‘limi bosh mutaxassisi Teshaboyev Baxodir. – Ularning kasallikka, issiqqa va qurg‘oqchilikka chidamli bo‘lishiga katta e’tibor qaratilmoqda. Qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat reyestriga kartoshkaning O‘zbekiston hududida ekish uchun tavsiya etilgan 131 ta navi kiritilgan, shundan, 19 ta nav mahalliy ilmiy tadqiqot institutlari tomonidan yaratilgan. Olimlarning ko‘p yillik izlanishlari va mahalliy hamda xorijiy mutaxassis-amaliyotchilar bilan hamkorligi muvaffaqiyatli ilmiy yutuqlarga erishilishiga sabab bo‘lmoqda”.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 26 fevraldagi PQ-5009-son qaroriga asosan Bo‘stonliq, Bulung‘ur, Yangiqo‘rg‘on, Andijon, Oltiariq, Muzrobod, Mirzaobod tumanlarida sabzavot, poliz ekinlari qator orasida kartoshkaning birlamchi urug‘chiligini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan «Ilmiy izlanishlar va innovasion ishlanmalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, kartoshka navlari seleksiyasi va urug‘chiligini rivojlantirish» jamg‘armasi tashkil etildi.
Kartoshkachilik sohasini rivojlantirish hamda yangi navlar yaratishda Butunjahon kartoshkachilik Markazi (CIP) bilan hamkorlikda ishlanmoqda va botanik urug‘lardan kartoshka yetishtirishga katta ahamiyat berilmoqda. Xorijiy davlatlar tajribalarini o‘rganish maqsadida olim va mutaxassislarni xorijiy davlatlarda malakasini oshirish, tajriba almashish hamda innovatsion texnologiyalarni ishlab chiqarishga joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: