Keyingi yillarda Buxoro viloyati mirishkorlari yerning har bir qarichidan unumli foydalanib, yilning to‘rt faslida ham yerdan barakali hosil olishmoqda.
Xususan, Olot tumani “Ko‘lchovdur” mahallasida yashovchi Ro‘zimamatovlar oilasi issiqxonada mahsulot yetishtirish orqali 200 milliondan ortiq daromad olmoqda.
Tadbirkor 7 sotix maydonga teng issiqxonasida pomidor, bulg‘or qalampiri, yana “to‘qsonbosti” usulidagi mahsulotlar, ko‘katlar yetishtirib, ham o‘zining, ham mahalladoshlarining dasturxoni to‘kinligiga hissa qo‘shmoqdalar.
Har yili erta bahorda aholi tomorqasida ekib yetishtiriladigan pomidor ko‘chatchiligidan ham bu xo‘jalik mo‘may daromad olishning uddasidan chiqmoqda. O‘tgan yilgi mavsumda A.Ro‘zimamatov issiqxonasidan “alamina” naviga mansub sara pomidor ko‘chatidan 2 ming tupdan ortig‘ini qishloqdoshlariga sotishgan.
— Biz uchun mana shu tomorqa — xazina manbai, shu bois, oxirgi 3-4 yilda bu issiqxonadan peshma-pesh pomidor, bodring, kartoshka, piyoz va turli ko‘katlar yetishtirib, ro‘zg‘orimizni butlash barobarida xo‘jaligimiz moddiy manfaatdorligini ham ta’minlayapmiz. 2023 yildagi faoliyatimizni xomcho‘t qilsak, tomorqadan erishgan umumiy daromadimiz 200 million so‘mdan oshibdi. Bu bizga joriy yilda yana ham kuch-quvvat bilan ishlab, o‘rtacha hosildorlik va bozorbop mahsulotimiz salmog‘ini yanada oshirish hisobidan 300 million so‘mga yetkazib foyda ko‘rish uchun ishtiyoq bag‘ishlamoqda. Muhimi, mehnatdan qochmasdan, yer bilan “tillashib” astoydil ter to‘ksa, albatta, buning hosili ham barakali bo‘ladi. Vaqtida o‘g‘iti, suvini berib, qishda “sho‘ri yuvilsa”, kerak paytda o‘simlik va hosil nishonalari biologik parvarish qilinsa, marra sizniki — deydi Abror Ro‘zimamatov.
Zero, tomorqa—bandlik, to‘kinlik va arzonchilikni ta’minlashning samarali yo‘li hamdir.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: