Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida Solih Rajabov tomorqa xo‘jaligida tarvuz pishib yetildi. Taʼkidlash kerak, bu natija respublika bo‘yicha 2022-yildagi ilk tarvuz hosili sanaladi. Ushbu nav Gollandiyaning “Nunxims” firmasiga tegishli “Dolbi” ko‘chatidan yetishtirilgan. Dekabr oyida yerga qadalgan urug‘ aprel oyi o‘rtasida o‘z mevasini berdi va tarvuz hosili mavsumini ochdi.
Solih Rajabovning taʼkidlashicha, aprel oyida hosilga kirgan poliz ekini O‘zbekistondagi eng ertapishar nav hisoblanadi. Janubiy hudud hisoblangan Qashqadaryo viloyatida 2021-yilda tarvuz har yilgi muddatdan bir yarim oy erta ekilgan. Avvaliga ko‘chati yetishtirilib, keyin usti yopiq dugasimon issiqxonaga o‘tkazilgan. Asosan qo‘lda changlantirilgan va eʼtiborlisi, to‘liq mahalliy o‘g‘itlar yordamida o‘g‘itlangan. Hech qanday kimyoviy moddalardan foydalanilmagan. Pishib yetilgunga qadar 6-7 marta sug‘orilgan. Ayni kunlarda tarvuzning birinchi terimi sotuvga chiqarilib, ikkinchi terimi yig‘ilmoqda.
Eʼtiboringizga O‘zR Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan tarvuzni intensiv usulda yetishtirish bo‘yicha tavsiyalarini havola etamiz.
Intensiv usulda tarvuz mahsulotini yetishtirish
Ertagi tarvuz mahsulotlarini yetishtirish usullari orasida tuproqni mulchalash, ekinni ko‘chatdan ekish, vaqtinchalik plyonka-yopqich ostida ko‘chatidan va urug‘idan mulchalab ekish, himoyalangan isitiladigan va isitilmaydigan issiqxonalarda yetishtirish kabi usullar qo‘llaniladi.
Birinchi usul. Tuproqni mulchalash. Mulchalash ishi urug‘ ekish bilan bir vaqtda yoki ekishdan keyin o‘tkaziladi. Bunda ekin qatorlari ustiga plyonka yopilib, uning chetlari tuproq bilan bostirib qo‘yiladi. Ekin maysalari paydo bo‘lganidan keyin o‘simliklarning yuzaga chiqib olishi uchun ularning ustiga to‘g‘rilab plyonkadan teshiklar ochib qo‘yiladi. Plyonka o‘simliklar butun vegetatsiya davri davomida qoldirilib, hosil tukkandan so‘ng olib tashlanadi. Bu usulda ekin ochiq yerga ekish muddatidan bir-ikki xafta ilgari ekiladi. Tuproqni mulchalab ko‘chat bilan ekish usulida ham ertagi mahsulot olish imkoniyatiga ega bo‘linadi.
Ko‘chat tayyorlash. Ko‘chat tayyorlash uchun chim o‘sgan tuproq yaxshilab elanadi. Elangan tuproqqa 4:1 (tuproq: chirigan go‘ng) nisbatda chirigan go‘ng solib aralashtiriladi. Agar go‘ng chirigan bo‘lmasa, yangi go‘ng 2-3 oy yoki kamida 1 oy suvda chiritiladi. Bunda go‘ng qisman zararsizlantiriladi, begona o‘tlar suv tagiga tushadi yoki unuvchanligini yo‘qotadi.Tayyorlangan aralashmani 10x10x14 sm hajmdagi polietilen stakanchalarga solinadi. Bir gektarga 7,1–7,5 mingta, agar kalta palakli nav bo‘lsa, 10,5 mingta stakancha tayyorlanadi. Urug‘lar to‘rt muddatda ekiladi: birinchisi juda ertagi hosil olish uchun dekabrning uchinchi o‘n kunligida va ikkinchisi fevralning birinchi besh kunligida. Uchinchisi mart oyining birinchi o‘n kunligida, to‘rtinchisi g‘aladan bo‘shagan yerlar uchun may oyida ekiladi. Urug‘lar unib chiqib, ko‘chatlar 1–2 ta chin barg chiqarganda ularni birinchi oziqlantirish tadbiri bajariladi. Bunda har 10 litr suvga 13–15 gramm azotli, 18–20 gramm fosforli va 15–20 gramm kaliyli o‘g‘itlar solib eritiladi va sug‘oriladi. Ushbu eritma har 3–3,5 m2 maydondagi ko‘chatlarni oziqlantirish uchun sarflanadi. Ko‘chatlarni ikkinchi oziqlantirish ularni dalaga ekishdan 10–15 kun oldin amalga oshirilib, bunda yuqorida taʼkidlangan o‘g‘itlar miqdori ikki marotaba ko‘proq qo‘shilgan holda bajariladi. Ko‘chatlar 4 ta chin barg paydo bo‘lganda ochiq maydonga olib chiqib ekiladi.
Ikkinchi usul. Ekinni ko‘chatdan ekish. Tarvuz yetishtirishni tezlashtirishning eng samarali usuli ochiq yerlarga ekinni ko‘chatdan ekishdir. Olingan ariqlarga mulcha qilib oq plyonka qoplanadi. Plyonka har 70 sm oralig‘ida teshib chiqiladi. Teshib chiqilgan joylarga fosforli o‘g‘it suyultirib solinadi. Suyultirilgan fosforni tayyorlash uchun 10 litr suvga 2 kg ammofos o‘g‘iti solinib qaynatiladi va eritiladi. Tayyorlangan eritma 10 l suvda aralashtiriladi va har bir uyaga 1 litr hisobida quyib chiqiladi. Bir gektar maydonga 100 kg fosforli o‘g‘it sarflanadi. Bir gektarga 7100 dona ko‘chat o‘tqaziladi.
Uchinchi usul. Vaqtinchalik plyonka-yopqich ostida ko‘chatidan mulchalab ekish. Vaqtinchalik plyonkali-yopqich ostida o‘stirish uchun tarvuzning tezpishar, qisqa palakli, kasallikka chidamli navlaridan foydalaniladi. Maxsus tayorlangan 35-45 kunlik ko‘chatlar ekilib bir qavatli duga qilib polietilen plyonka qoplanadi. Yerga ko‘chat o‘tqazilgandan yoki urug‘ ekilgandan keyin darhol tunnel ko‘rinishidagi plyonkali yopqich o‘rnatishga kirishish kerak. Har bir tunnel o‘rtasidan sug‘orish jo‘yagi o‘tgan tasma yerning ikki ekin qatorini yopadi. Tunnelning kengligi 160-180 sm, balandligi 60-70 sm, uzunligi (50-60 m) sharoitga qarab bo‘ladi. Tasmalar orasidagi bo‘shliq 180-190 sm bo‘lib, ochiq qoldiriladi va u yo‘lak hizmatini o‘taydi. Keyinchalik bu yo‘lakka o‘simlikning palagi joylashadi. Tunnel o‘rnatishda avval uning yoysimon sinch (karkas)i o‘rnatiladi. Yoysimon sinch yo‘g‘onlik kesmasi 4-6 mm va uzunligi 2,8-3,0 m simlardan tayyorlanadi. Yoyning uchlari yerga 20-25 sm botiriladi, oralig‘i 1,0-1,5 m bo‘ladi. Yoylar bir-biriga 1-3 qator qilib, kanop (tizimga) bilan bog‘lanadi. Sinchning ustiga tunnel uzunligicha qilib 2,8-3,0 m kenglikdagi plyonka yopiladi, plyonkaning chetlari tuproq bilan bostiriladi. Tunnelning ikkala uchida plyonkalarning uchi qoziqlarga bog‘lab qo‘yiladi. 1 gektar maydonga tunnel qurish uchun 800-1000 kg plyonka, 1200-1300 kg po‘lat sim, 200-250 ta qoziq va 20-25 kg kanop ishlatiladi. Qulay ob-havo boshlanganda kunduzi tunnel yon tomonlarining bir necha joyidan ochib shamollatiladi. Respublikamizning viloyatlarida erta muddatda plyonka-yopqichlarning termos usulidan foydalanish eng oddiy va arzon xili hamda ertagi yuqori hosil va iqtisodiy samara olish usulidir.
Hosilni yig‘ishtirish. Birinchi usulda hosil iyun oyining uchinchi dekadasida, ikkinchi usulda iyun oyining birinchi yarmida va uchinchi usulda may oyining uchinchi o‘n kunligida uziladi. Takroriy muddatda ekilgan to‘rtinchi usulda sentyabr oyining uchinchi o‘n kunligida mevalar pishib yetiladi va yoppasiga terib olinadi. Albatta, mevalarning pishib yetilish davri ob-havo, tuproq sharoiti, ekish muddatlari, navlarning erta yoki o‘rtapisharligiga bog‘liq holda o‘zgaradi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: