O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutining Andijon ilmiy-tajriba stansiyasi ko‘rgazma dala maydonida “Farg‘ona vodiysida suv resurslarni boshqarish. 2-bosqich” loyihasining “Qishloq xo‘jaligini intensifikatsiyalash va diversifikatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash hamda suv resurslarni boshqarishni takomillashtirish. B komponenti” doirasida bajarilayotgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Press-turda Yevropa ittifoqi Wim RIEPMA tashkilotining O‘zbekistondagi dasturlar menejeri Alexander Zenebe boshchiligidagi delegatsiya, “Farg‘ona vodiysida suv resurslarni boshqarish. 2-bosqich” loyihasi koordinatorlari, Andijon ilmiy-tajriba stansiyasi olim va mutaxassislari, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti professor o‘qituvchi va talabalari hamda jurnalistlar ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida Andijon ilmiy-tajriba stansiyasi faoliyati va sabzavot ekinlarini yetishtirishda sug‘orish tizimlarining ahamiyati to‘g‘risida qisqacha maʼlumotlar berib o‘tildi. Shuningdek, “Farg‘ona vodiysida suv resurslarni boshqarish. 2-bosqich” loyihasining muhimligi, butun dunyo bo‘ylab kuzatilayotgan suv tanqisligi oqibatida yuzaga kelayotgan muammolar va ularning yechimlariga to‘xtalindi.
So‘ngra ishtirokchilar Andijon ilmiy-tajriba stansiyasi dala maydonlari bilan tanishdilar. Ushbu ko‘rgazmali dala maydonida 3 gektar yomg‘irlatib va 3 gektar tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy qilingan hamda 1 gektarda kartoshka, 2 gektarda piyoz, 2 gektarda sarimsoqpiyoz va 1 gektarda mosh ekilgan.
Stansiyada mavjud bo‘lgan zamonaviy issiqxona va sovutkich omborida amalga oshirilayotgan ishlar ham namoyish etildi. Press-tur davomida “Farg‘ona vodiysida suv resurslarni boshqarish. 2-bosqich” loyihasi doirasida ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga maʼruzachilar tomonidan javob berildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: