O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazi hamda Agrosanoat majmuida xizmat ko‘rsatish markazi hamkorligida boshoqli don ekinlarining texnologik va nonboplik sifat ko‘rsatkichlarini aniqlash yuzasidan o‘qitish hamda laboratoriyadagi ish jarayonlarini o‘rganish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazildi.
Mahorat darslari qishloq xo‘jaligi ekinlari navlari urug‘liklari va ularning mahsulotlari sifatini yanada oshirishga qaratilgan faoliyati bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, yangi boshoqli don ekinlarining nonboplik sifat ko‘rsatkichlarini baholashni takomillashtirish, ushbu sohalarda kadrlar malakasini oshirish va sohada tajriba almashish maqsadida tashkillashtirildi.
Ushbu mahorat darslarida ishtirokchilar don va don mahsulotlari bo‘yicha mamlakatda mavjud tartib- qoida va standartlarni o‘rganish bo‘yicha umumiy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi. Bundan tashqari, 2022-yil hosilidan olingan yangi boshoqli don ekinlarining shishasimonligini standart asosida o‘tkazilishini o‘rganishdi. Shuningdek, 2022-yil hosilidan olingan yangi boshoqli don ekinlarining nonboplik sifat ko‘rsatkichlarini o‘rganish jarayonlari ham bo‘lib o‘tdi. Unga ko‘ra, g‘alla navining nonboplik hajmini aniqlash uchun standart asosida xamir tayyorlash, uning hajmi bo‘yicha me’yor ko‘rsatkichlarini aniqlash, non shaklining barqarorligini o‘rganish, texnologik va nonboplik sifat ko‘rsatkichlari asosida yangi navga umumiy bahoni standart asosida qo‘yishni o‘rganish mavzulari taqdim va tahlil qilindi.
Mazkur jarayonni amalga oshirish uchun Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash markazining kimyo texnologiyasi laboratoriyasi mutaxassislari Agrosanoat majmuida xizmat ko‘rsatish markazining maxsus don sifati bo‘yicha sertifikatlash laboratoriyasida mahorat darslari o‘tkazish orqali jarayonni o‘rganish va tajriba almashish uchun yuborildi.
Natijada sinovdan o‘tgan yangi boshoqli don ekinlari navlarining sifatini aniqlash jarayonlarini takomillashtirish orqali don va don mahsulotlarini yetishtiruvchilarga kafolatlangan nav urug‘liklari tavsiya etildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: