Gumus (lot. humus — tuproq), chirindi – tuproqning nisbatan barqaror, odatda, qoramtir organik birikmalari majmui; nobud bo‘lgan o‘simlik va hayvon organizmining biologik hamda biokimyoviy o‘zgarishi (chirishi va undan murakkab yangi moddalarning sintezlanishi) natijasida hosil bo‘ladi.
Gumus tarkibiga organik qoldiq moddalar (oqsillar, uglevodlar, lignin, yog‘lar va boshqalar), ularning o‘zgarishi vaqtida vujudga kelgan oraliq mahsulotlar (aminokislotalar, oksikislotalar, fenollar, monosaxaridlar va h.k.) va guminli moddalar kiradi.
Gumus tuproq unumdorligini ta’minlovchi eng muhim qismdir. Unda o‘simlikning asosiy oziq elementlari (uglerod, azot, fosfor va boshqalar) bor. O‘simlik qoldiqlarining chirishidan oddiy birikmalar vujudga keladi.
Masalan: mikroorganizmlar ta’sirida ulardan uglerod, karbonat angidrid, azot, fosfor va oltingugurt, nitratlar hamda sulfatlar shaklida, shuningdek, boshqa elementlar o‘simliklar o‘zlashtira oladigan birikmalar holida ajralib chiqadi.
Gumus kalsiy, magniy va boshqa kimyoviy elementlarni singdiradi hamda tuproqda ushlab turadi, tuproqning mineral qismini bir-biri bilan biriktirib, donadorlikni vujudga keltiradi. Buning natijasida tuproqning mustahkam, suvga bardoshli tarkibi hosil bo‘ladi.
Gumusning to‘planishi har yili tuproqqa tushadigan organik qoldiqlar (ildiz)ning miqdori, ularning biologik hamda kimyoviy o‘zgarishi va tuproq mikroflorasi xarakteri (zamburug‘li, bakteriyali, anaerob yoki aerobligi) bilan belgilanadi.
Gumus birikmalari va ularning tuproqda tarqalishi tuproq tipining muhim belgisi hisoblanadi.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti Tuproqlar biogeokimyosi, kimyoviy, fizik-kimyoviy xossalarini maqbullashtirish bo‘limi asosiy yo‘nalishlari sifatida tuproqlar organik moddasi, gumusi, gumusini guruhiy tarkibi va gumusli holati, tuproqlarda sodir bo‘layotgan gumifikatsiya va degumifikatsiya jarayonlarini tahlil qilish, gumussizlanishni oldini olish va prognozlash hamda asosiy tuproq turlari uchun gumusni minimal va optimal miqdorlarini aniqlash belgilangan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: