Siyosiy dilomatiya har doim iqtisodiy sheriklikka yo‘l ochgan. Yevropa Ittifoqining lokomotivlaridan va ta’sischilaridan biri Germaniya Federativ Respublikasi haqida ham shunday fikr bildirish mumkin. O‘zbekiston va Germaniyaning ikki tomonlama hamkorlik jarayonida olib borilgan samarali diplomatik aloqalar tufayli muammoli masalalar bo‘lmagan va hamisha turli vaziyatlarda ma’qul qarorlarga kelingan. Ma’lumki, GFR yuqori taraqqiy etgan industrial-texnoloik mamlakat bo‘lib, yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyoda beshinchi, mahsulotlar eksporti bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turadigan davlat. Shu bilan birga, Germaniya agrar sohasini rivojlantirish va mexanizasiyalashga alohida e’tibor qaratayotgan, zamonaviy agrosanoat texnologiyalarini tizimga safarbar eta olishi hisobiga, sohada aholining atigi 2-3 foizi band bo‘lsada, yuqori unumdorlik va ko‘rsatkichlar bilan ajralib turadi. Masalan, mamlakat agar tizimi aholining don mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarining 80 foizini, shakarning 85 foizini, go‘shtning 90 foizini, sut mahsulotlarining 100 foizini ta’minlay oladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining uchdan bir qismini chorvachilik beradi.
Ayni paytda Germaniya qishloq xo‘jaligining o‘ziga xos iqlimi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilarining oziq-ovqat bozoriga kirishi uchun sharoit yaratadi. Hozirgi vaqtda “Shimol-G‘arb” va “Shimol-Janub” liniyalari bo‘yicha yuk tashish muamolarining yechilayotgani O‘zbekiston va Yevropa o‘rtasidagi transport-logistika zanjirini yaxshilashga xizmat qiladi. Bizning ekologik jihatdang toza qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimizni 84 millionli Germaniya bozorlariga yetkazib berilishining istiqboli porloq. Qishloq xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘zbek-nemis hukumatlararo ishchi guruhi yig‘ilishlarining yo‘lga qo‘yilgani bu boradagi munosabatlarning jadallashayotganidan dalolat beradi. Agrar sohadagi ikki tomonlama hamkorlik dasturlari agroklasterlar tashkil etishdan tortib mahsulot yetishtirish, yig‘ish, saqlash va yetkazib berishning innovasion usullarini joriy etishgacha bo‘lgan jarayonlarni qamrab olishi mumkin. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining 2019 yilgi Germaniyaga tashrifi chog‘ida ikki mamlakatning ushbu sohadagi aloqalarini faollashtirishga imkon yaratildi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Germaniyaning «Deutsche Sparkassenstiftung für Internationale Kooperation e.V.» fondi o‘rtasida Anglashuv memorandumi tuzildi. Memorandumda hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari belgilab olindi. Qishloq xo‘jaligi sug‘urtasini qo‘llab-quvvatlash, O‘zbekistonning muayyan banklaridagi mavjud aylanma kredit fondlardan foydalanishni kengaytirish, yosh fermerlarni tadbirkorlikka o‘rgatishda biznes simulyasiyalaridan foydalanish shular jumlasidandir. Shuningdek, hujjatda “Risk radari” va “Yashil moliyaviy kompas” kabi moliya sohasidagi zamonaviy yondashuvlarni O‘zbekiston agrar sohasida joriy etish masalalari ham o‘z aksini topgan.
Qishloq xo‘jaligi vazirligi va «JD East» dasturi o‘rtasida imzolangan o‘zaro hamkorlik shartnomasi qishloq xo‘jaligi ta’limi, stajirovka va seminarlar tashkil etish masalalarini qamrab oldi. Unga ko‘ra, «JD East» har yili o‘zbekistonlik talaba va bitiruvchilar, shuningdek, yosh fermerlar uchun muddati 2 haftadan 12 oygacha bo‘lgan qishloq xo‘jaligi stajirovkalari va seminarlarini tashkil etmoqda. Bunda Germaniyada yashash va ta’lim olish uchun kerakli barcha rasmiyatchiliklar, hujjatlar tayyorlash ishlarini «JD East» o‘z zimmasiga oldi. Stajirovka/ta’lim yo‘nalishi talabalarning o‘quv rejasiga, yosh fermerlarning faoliyat yo‘nalishiga qarab belgilanishiga kelishib olindi.
Batafsil : Bu yerda
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: