Qishloq xo‘jaligida islohotlarni chuqurlashtirish, kadrlar masalasi va vazirlik faoliyatini transformatsiya qilishga qaratilgan ustuvor vazifalar, sohaga oid qabul qilingan qonun hujjatlari ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugun, Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Azimjon Nazarov boshchiligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ham ayni shu xususda so‘z bordi.
Yig‘ilish avvalida Davlatimiz rahbarining qishloq xo‘jaligi sohasidagi berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash, joriy yil davomida agrar sohada amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar, maqsadli investitsion loyihalarni jalb etish va kadrlar salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Aytish kerak, O‘zbekistonda agrar sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Davr taraqqiyoti, axborot texnologiyalarining hayotimizdan chuqur o‘rin egallab borayotgani har bir sohada o‘z so‘zini aytmoqda.
Azimjon Nazarov o‘z navbatida, joriy yilda amalga oshirilishi belgilangan istiqbolli vazifalarga to‘xtalib, sohani raqamlashtirish, “Output” xizmatidan foydalanishni bosqichma bosqich yo‘lga qo‘yish, sohani to‘liq raqamlashtirish lozimligini qayd etdi. Bu borada vazir o‘rinbosarlari, markaziy apparat xodimlari, boshqarma boshliqlari hamda mutasaddi xodimlarning taklif va tavsiyalari tinglandi.
Bundan tashqari, vazirlik markaziy apparati va tizim tashkilotlarining bir nuqtada integratsiyalashuvini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilish asosini konstruktiv muloqot tashkil etdi. Bunda eng asosiysi hozirgi holatni buzmagan holda galdagi vazifalar yuzasidan qilinadigan ishlarning ko‘lami belgilab olindi.
Zero, mazkur vazifalarning samarali amalga oshirilishi, shubhasiz, mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi va zamonaviy taraqqiyotning yangi qirralarini o‘zlashtirishga xizmat qiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: