Bahorning seryog‘in kelgan ilk oyi ham ortda qoldi. Ayni kunlarda esa vohadan tortib, vodiy viloyatlarigacha, qo‘yingki, yurtimizning barcha hududlarida qishloq xo‘jaligi ishlari qizg‘in pallada. Bir tarafda baraka urug‘lari yerga qadalayotgan bo‘lsa, bir tarafda rizq-ro‘zimiz bo‘lgan g‘alla maydonlarida zaruriy agrotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hosilning mo‘l bo‘lishi esa aynan shu kunlarda boshlanib to kech kuzgacha olib borilayotgan agrotexnik tadbirlar olimlarimizning ilmiy xulosalariga asoslangan holda, innovatsion yechimlar orqali amalga oshirilishiga bevosita bog‘liq.
Shu bois, kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning tegishli buyrug‘i asosida 2024-yil hosili uchun g‘alla maydonlarida amalga oshirilayotgan agrotexnik tadbirlarni o‘rganib, ularni tizimli yo‘lga qo‘yish, joylarda fermer va dehqonlarga bu borada zaruriy tavsiyalar berish hamda amaliy yordam ko‘rsatish maqsadida Respublika ishchi guruhlari tuzildi.
Ishchi guruh tarkibiga vazirlikning tegishli boshqarmalari boshliqlari, tizim tashkilotlaridan Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi, shuningdek, Don va dukkakli ekinlar, Lalmikor dehqonchilik, Janubiy dehqonchilik kabi ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari hamda hududiy boshqarmalar mas’ul xodimlari kiritilgan.
Mazkur ishchi guruhlar belgilangan reja asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda bo‘lishadi. Ular joriy yil ob-havo sharoitini inobatga olgan holda g‘alla parvarishida “Dolzarb 30 kunlik” e’lon qilib, uning doirasida g‘alla maydonlarida tarqalayotgan begona o‘tlar, turli kasallik va zararkunandalarga qarshi kurash tadbirlarini tizimli yo‘lga qo‘yish, g‘alla maydonlarini azotli mineral o‘g‘itlar bilan oziqlantirish va sharbat usulida sug‘orish ishlarini tashkil etishga mas’ul hisoblanadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: