Farg‘ona shahridagi “Tadbirkorlar uyi”da meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklari ulushini oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash masalalariga bag‘ishlangan o‘quv seminari tashkil etildi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev fermer xo‘jaliklari va klasterlar foydalanishidagi past hosilli paxta va g‘alladan qisqartirilgan 200 ming gektar ekin maydonlarini 2022-2025 yillarda bosqichma-bosqich zaxiraga qaytarish va davlat mulki sifatida kadastr ro‘yxatidan o‘tkazish, davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan yer maydonlarini 0,10 gektardan 1,0 gektargacha bo‘lgan hajmlarda lotlarga ajratilib, bir oy ichida ochiq elektron tanlovga qo‘yilishini tashkil etish borasida amalga oshiriladigan aniq vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.
Ushbu tadbir qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xodjayev tomonidan Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ishtirokida muvofiqlashtirildi.
– Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 gektar maydonda yetishtirilgan paxta xomashyosiga nisbatan uzumdan 7 baravar, gilosdan 6 baravar, yong‘oqdan 5 baravar ko‘p daromad olish mumkin, – deya ta’kidladi Toshloq tumani hokimi Abduqahhor Jo‘raboyev. – Endilikda ushbu yerlarda oilaviy tadbirkorlik doirasida kichik intensiv bog‘dorchilik, uzumchilik, poliz, dukkakli va moyli ekinlar, kartoshka yetishtirish va sabzavotchilik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da ro‘yxatda turgan ehtiyojmand oilalarning daromadli mehnat bilan bandligini ta’minlash bo‘yicha katta imkoniyatlar yaratilmoqda.
Seminarda paydo bo‘layotgan imkoniyatlar salohiyati tushuntirib berildi. Ushbu yo‘nalishdagi vazifalarni bajarish bo‘yicha tegishli tashkilotlar va boshqarma boshliqlari bilan kelishuvlarga erishildi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: