Joriy yilning 19 – 22-fevral kunlarida Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida “Gulfood” xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. Tabiiyki, har bir shu kabi tadbir agrar mahsulotlarini dunyo bozorlariga taqdim etuvchi mamlakatlar uchun hamkor hamda sherik topish uchun qulay maydon sanaladi. O‘zbekiston ham bundan istisno emas. Zero, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchilik qilayotgan O‘zbekiston delegatsiyasining mazkur ko‘rgazmadan niyatlari bisyor.
Dastavval Birlashgan Arab Amirliklari bilan agrar sohadagi hamkorlik masalalarini o‘rganish borasidagi ishlarga nazar tashlaymiz. Bugun mazkur yo‘nalishda ishga solinmagan imkoniyatlar ko‘p. Bu esa mamlakatlarimiz soha mutaxassislarini muzokara stoliga o‘tirish, kelishuv va bitimlarga imzo chekish va albatta amaliy ishga o‘tishiga lozim da’vatdir. Shunday bo‘layapti ham.
Ibrohim Abdurahmonov tashrif dasturiga ko‘ra, ko‘rgazmada ishtirok bilan bir qatorda, amaliy va samaraga xizmat qiluvchi uchrashuvlar grafigini tuzgan.
Ilk muloqot “Abu Dhabi Developmental Holding Company” (ADQ) kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Silal” kompaniyasi direktori Salman Al-Ameri bilan bo‘lib o‘tdi. Muloqot davomida tomonlar istiqbolli hamkorlik va sarmoyaviy imkoniyatlar borasida fikr almashildi.
Arab tomoni o‘z navbatida o‘zbek zaminining bu boradagi takliflari bilan qiziqdi. Delegatsiya rahbari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, qayta ishlash, qadoqlash va eksportini yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekistonda mavjud issiqxonalardan foydalanishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan o‘z takliflarini taqdim qildi.
Shundan so‘ng, Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “Abu Dhabi Developmental Holding Company” (ADQ) kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Lulu Group International” kompaniyasi direktori Salim V.I. bilan muzokara o‘tkazdi.
Unda Hindistondan go‘sht mahsulotlarini import qilish va O‘zbekistonda yetishtirilayotgan meva-sabzavot mahsulotlarini BAA bozoriga eksport qilishni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikrlar almashildi.
Qiziqish va intilish katta. Buni kompaniya vakillari yashirib o‘tirmadi. Hamkorlik o‘zaro manfaatli ekanini esa, albatta biznes olami vakillari yaxshi bilishadi. Bugungi dunyo tamadduni ayni haqiqatni ham namoyon etayotgani bor gap.
Kompaniya tomonidan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasidagi mavjud imkoniyatlar, marketing analizlari va istiqbolli yo‘nalishlarni belgilash maqsadida joriy yil mart oyi yakuniga qadar kompaniya mutaxassislaridan iborat delegatsiya tashrifi amalga oshirilishi kelishildi.
Demak, ilk muloqot va ilk natijaga erishildi hisob. Ko‘rgazma doirasidagi uchrashuv va muloqotlar davom etmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: