2021-yil 15-dekabrda Toshkent Davlat agrar universitetida O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan TDAU, Fanlar akademiyasi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi bilan hamkorlikda “Dorivor o‘simliklar mahsulotlari taʼminotida ilm-fan va ishlab chiqarish integratsiyasi” mavzusidagi konferensiya tashkil etildi.
Anjumanda dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash borasida amaliy va ilmiy-pedagogik faoliyat olib borayotgan oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot muassasalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir doirasida O‘zbekistonda tabiiy dori vositalarini ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, xomashyo yetkazib beruvchi va qayta ishlovchilar o‘rtasida manfaatli munosabatlarni takomillashtirish masalalari, dorivor o‘simliklarga bo‘lgan ichki va tashqi bozor talabi, sohaning eksport salohiyatini oshirish, shuningdek, xalq tabobatida dorivor o‘simliklarning o‘rni, sohani rivojlantirishning istiqbollari muhokama etildi.
“Qishloq xo‘jaligida o‘tgan yili 13 400 gektar yer maydonida dorivor o‘simliklar 160 ta subyekt tomonidan yetishtirilgan bo‘lsa, bu yil ushbu ko‘rsatkich 15 800 gektarga yetkazildi. Pandemiya sharoitiga qaramay, dorivor o‘simliklar eksporti ham o‘sdi. 2019-yilda 40 mln dollarlik mahsulot eksport qilingan bo‘lsa, 2020-yilda 50 mln dollarlik, joriy yil 9 oy holatiga ko‘ra esa, 40 mln dollar miqdoridagi dorivor o‘simliklar xomashyosi, mahsulotlari 33 dan ortiq davlatlarga eksportga chiqarildi”, deya taʼkidlab o‘tdi Dorivor va ziravor o‘simliklarni rivojlantirish sho‘basi mudiri Bahodirxo‘ja Temirov.
Konferensiya yakunida “Eng yaxshi maqola” hamda “Eng faol ishtirokchi” tanlovi bo‘yicha taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: