Toshkentdagi Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetida Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi doimiy koordinatori Konsuelo Vidal xonim, BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti-FAOning yurtimizdagi vakolatxonasi rahbari Sherzod Umarov hamda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti rahbariyatining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Unda Barqaror rivojlanishning 2-maqsadi (SDG 2)ni qo‘llab-quvvatlash, xususan, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Shuni alohida aytib o‘tish kerakki, Barqaror rivojlanishning 2-maqsadi (SDG 2) dunyoda ochlikni tugatish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va oziqlanishni yaxshilash hamda qishloq xo‘jaligining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish kabi ezgu maqsadlarni o‘z ichiga oladi.
Uchrashuvda ta’kidlanganidek, bugun dunyoda 2 milliard odam to‘yib ovqatlanmaydi. COVID-19 pandemiyasi esa global oziq-ovqat ta’minoti zanjirlarining uzilishi bilan birgalikda bu masalani yanada kuchaytirib, Ikkinchi jahon urushidan beri eng katta global oziq-ovqat inqirozini yuzaga keltirdi.
Ushbu global muammoni hal etishda agrar sohaga ixtisoslashgan universitetlarning muhim rolini e’tirof etgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi doimiy koordinatori Konsuelo Vidal Barqaror rivojlanishning 2-maqsadi (SDG 2)ni qo‘llab-quvvatlashda Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti bilan ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan tomonlar o‘zaro manfaatdor ekanligini ta’kidladi.
Tadbir doirasida BMT va Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti-FAO tomonidan jihozlangan auditoriya foydalanishga topshirildi. Shuningdek, Barqaror rivojlanishning 2-maqsadi (SDG 2)ni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan talabalarga ma’ruzalar qilindi.
Shundan so‘ng, Birlashgan Millatlar Tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti o‘rtasida barqaror rivojlanish uchun strategik hamkorlik qilish bo‘yicha Memorandum imzolandi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: