Qish fasli ham nihoyalab, bahor yaqinlashmoqda. Bahorning iliq tafti tabiatning uyg‘onishi, dehqonning mehnatiga unum, yangi bog‘lar yaratishga, yerga urug‘ qadalishiga zamin yaratadi. Mevali va manzarali daraxtlar, gullar ekish, mahallalar, ko‘chalar obodligiga, tabiat go‘zallashuviga turtki beradi.
Yerga qadalgan ko‘chat unib, hosilga kirishi, kutilgan natijani berishi uchun, avvalo, ko‘chatning sarasini tanlash lozim bo‘ladi. Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti Andijon ilmiy tajriba stansiyasida ana shunday yuqori navli ko‘chatlar yetishtirilmoqda. Bu yerda jonkuyar xodimlar, olimlarning izlanishlari, tadqiqotlari sabab turli zararkunandalardan xoli, ishonchli, eng sara navli ko‘chatlar dehqon-u fermerlarga taqdim etib kelinmoqda.
Andijon ko‘chalarida ketib borar ekansiz, turli-tuman ko‘chatlarga ko‘zingiz tushadi. Ishonchli ko‘chat sotib olishda andijonlik bog‘bonlarning tanlovi aniq.
– Bizning xo‘jalik maydonimiz 130 gektardan iborat. Shundan 30 gektari bog‘, 50 gektari mevali va manzarali daraxtlar ekish uchun, qolgan 50 gektar yer maydoni esa almashlab ekish uchun ajratilgan, – deydi Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti Andijon ilmiy tajriba stansiyasi rahbari Shuhrat Toshboyev.
Olimlarimiz ushbu maydonlarda xorijdan olib kelinib mahalliylashtirilgan, ya’ni eksportbop navli pakana va yarim pakana olma, gilos, o‘rik, shaftoli singari mevali daraxtlar, shuningdek, atirgulning bir qancha navlarini aholiga taqdim etib kelmoqda.
Ilmiy tajriba stansiyasida yetishtirilayotgan ko‘chatlar ertaki ekanligi, hosildorligi, iqlimga moslashuvchanligi hamda zararkunandalarga chidamliligi bilan ajralib turadi.
– Bundan bir necha yil ilgari mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari asosan xorijdan olib kelingan bo‘lsa, endilikda nafaqat viloyatimizni ko‘chat bilan ta’minlayapmiz, balki Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistonga ko‘chat eksport qilyapmiz. Atirgul navlarining asosiy xaridori esa Rossiya Federatsiyasi hisoblanadi, – deydi Shuhrat Toshboyev.
Ilmiy tajriba stansiyasida yetishtirilayotgan ko‘chatlar bozorlarda sotilayotganlaridan tubdan farq qiladi. Har bir ko‘chat sifat sertifikatiga egaligi, mevasining o‘ziga xosligi, hosildorligi bilan ajralib turadi. Muhimi, bu yerdan ko‘chat sotib olinganda har bir navli ko‘chat uchun parvarishlash bo‘yicha qo‘llanma ham taqdim etiladi. Bir so‘z bilan aytganda, aldanib qolmaysiz. Buni ayniqsa, yirik maydonlarda bog‘ barpo etayotgan bog‘bon va fermerlar yaxshi bilishadi.
Ta’kidlash kerakki, bugungi kunda Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti Andijon ilmiy tajriba stansiyasi olimlari olmaning “So‘x go‘zali”, “Jermen”, “Gala”, “Pink ledi”, shaftolining “Garnem”, “Jef 677”, ertangi “Fantaziya”, “Big ben”, “Makres”, o‘rikning “Rubista”, “Vanderkop” navlarini yetishtirib kelmoqda. Mahalliy navlarga nisbatan ertaroq, ya’ni may oyining 10-15larida pishib yetilishi esa ushbu ko‘chatlarga bo‘lgan talabning oshib borishiga sabab bo‘lmoqda. Institut tajriba stansiyasida har yili 500 mingdan ortiq sifatli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari parvarishlanib, mahalliy va xorijiy xaridorlarga yetkazib berilmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: