Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning ishchi tashrif bilan Xorazm viloyatida bo‘lib turgani haqida xabar bergan edik. Vazirning navbatdagi tashrif obyekti viloyatdagi aholi tomorqalari bo‘ldi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov viloyat tumanlari qishloq xo‘jaligi bo‘lim boshliqlari hamda tizim tashkilotlarining mas’ul xodimlari bilan birgalikda aholi tomorqalarini ko‘zdan kechirar ekan, bugun tomorqa egalari faqatgina o‘zi uchun emas, balki o‘z ehtiyojini qoplab, undan bozorga chiqarishi va shu orqali daromad topishi kerak degan falsafani ilgari surish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.
Kezi kelganda aytish kerakki yaqinda Davlatimiz rahbari 14-mart kuni Sirdaryoning Sayxunobod tumanidagi videoselektor yig‘ilishida aholini daromadli qilish bo‘yicha Sayxunobod tajribasi yo‘lga qo‘yilishini aytgan edi. Xorazmdagi aholi xonadonlari bilan tanishish chog‘ida vazir Ibrohim Abdurahmonov bu yerda ham Sayxunobod tajribasini joriy etish lozimligiga e’tibor qaratar ekan, ko‘pchilik buni hali tushunib yetmagani bois, aholining o‘z tomorqalaridan samarali foydalanishida e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan jihatlar hamda bunda mahalla yettiligining o‘rni haqida alohida to‘xtalib o‘tdi.
Jumladan mahalla aholisi va faollar bilan suhbat chog‘ida “Har bir mahallaga kiraverishda tartib, intizom bo‘lishi, mahallaning fayzi, go‘zalligi va ozodaligi mahallada yashovchi insonlarning mehnatsevarligi, vatanparvarligi sezilib turishi kerak. Buning uchun esa mahalla yettiligi yo‘l bo‘yidagi daraxtlarga shakl berilishiga, ko‘chalarning holati yaxshilanishiga, hududning tozaligiga e’tibor qaratishi lozim, shundagina aholi nafaqat o‘z xonadonini, balki mahallasini ham sevishni boshlaydi. Bir-biriga mehnat madaniyatini, ozodalikka, go‘zallikka oshno bo‘lishni o‘rgata boshlaydi. Har bir mahallaning tinchligi, taraqqiyotini ta’minlaydigan va barchaga namuna bo‘lgulik, ertangi ko‘zgusini shakllantiradigan insonlar ko‘payadi”, – dedi vazir Ibrohim Abdurahmonov.
Albatta, tomorqaga oddiygina qilib ko‘kat yoki o‘z ehtiyojingiz uchun kerakli qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekishingiz mumkin, lekin bu o‘z ehtiyojingizni qondiradi xolos. Shuningdek, suhbatda bugun nafaqat hududlarni, balki aholi tomorqalarini ham ma’lum bir qishloq xo‘jaligi ekinlariga ixtisoslashtirishning davri kelgani, olmadan yuqori daromad oladigan hududda olmaning turli navlarini yetishtirishni yo‘lga qo‘yish, uzum yaxshi hosil beradigan hududda uzumning yo‘qolib borayotgan navlarini ko‘paytirish bilan birga, yangi, serhosil navlarini ham yetishtirish lozimligi, umuman hududlarda qanday o‘simlik yoki meva yaxshi unib, hosildorligini namoyish eta olsa, o‘sha hududni shunga ixtisoslashtirish darkorligi, shundagina aholi xonadonlarida farovonlik hamda daromad olish manbai vujudga kelishi aytib o‘tildi.
Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonovning ishchi tashrifi davom etmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: