Avval xabar berganimizdek, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti – FAO hamkorligida O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi taqdim etilib, mazkur dasturning maqsadlari va ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida ma’lumotlar berilgan edi.
Kuni kecha 21-fevral kuni FAOning Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqaviy byurosi raqamli qishloq xo‘jaligi bo‘yicha guruh rahbari Daniyela Diggiantonio, FAOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari o‘rinbosari Sherzod Umarovlar ishtirokida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi “Agrosanoatni raqamlashtirish markazi” MChJ tomonidan qishloq xo‘jaligini raqamlashtirishda amalga oshirilayotgan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Agrosanoatni raqamlashtirish markazi direktori O‘tkir Mahmudov ishtirokchilarga markazning tashkil etilishi va faoliyat yo‘nalishi, shuningdek, markaz tomonidan 2021-2022 yillarda amalga oshirilgan loyihalar, ularning agrar soha rivojidagi o‘rni, shuningdek Qishloq xo‘jaligi vazirligining davlat tashkilotlari orasida sohani raqamlashtirish borasida oxirgi uch yilda qayd etgan natijalari haqida ma’lumot berdi.
Ishtirokchilarda Qishloq xo‘jaligi vazirligining geoaxborot tizimi va undagi yer maydonlari, ekinlar holati hamda zarur infrastruktura obyektlari bo‘yicha ma’lumotlar bazasi, yerlarni ijaraga berish bo‘yicha onlayn auksionlarning inson omilisiz o‘tkazilishi katta qiziqish uyg‘otdi. FAO vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob olishdi.
Tadbir so‘ngida tomonlar mamlakatimizda agrar sohani raqamlashtirishdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad va bu yo‘lda foydalanilmagan imkoniyatlarni ishga solish, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha Milliy harakatlar dasturi doirasida hamkorlikda amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan fikr almashishdi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: