“Makkajo‘xorini sifatli yetishtirish” mavzusida o’tgan o‘quv seminarining ikkinchi kuni ham qiziqarli tarzda bo’ldi. Germaniyalik mutaxassis, agronom Robert Grimm dastlab mavzuga doir nazariy bilimlari bilan o‘rtoqlashgan bo‘lsa kunning ikkinchi yarmida ishtirokchilar Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi dala maydonida xorijlik mutaxassisning fikrlari bilan tanishishdi.
Dala maydonida o’tgan seminarning amaliy qismida Robert Grimm bir qator tavsiyalarni berib o’tdi. Xususan, makkajo’xorining qanday chuqurlikka va yer yuzasining harorati qay darajada bo’lganda ekilishi, shuningdek, global qurg’oqchilik muammosi paytida makkajo’xori ekishda yomg’irlatib sug’orishning ahamiyati haqida o’z tajribalari bilan o’rtoqlashdi.
Robert Grimm: “Makkajo’xorini ekishda yer harorati katta rol o’ynaydi. Makkajo’xori aslida 5-6 sm chuqurlikka ekiladi. Shunda yerning yuza qatlami kamida 10 gradus haroratga erishgan vaqtda ekilishi kerak. Bu O’zbekiston sharoitida mart oyining oxirlariga to’g’ri keladi. Bizda hozir suv yetishmovchiligi muammosini yechishimiz uchun makkajo’xorini kamroq ekishimiz yoki suvni kam talab qiladigan navlarni ekishimiz emas, balki sug’orish texnologiyasini o’zgartirishimiz kerak. An’anaviy sug’orishdan yomg’irlatib sug’orish tizimiga o’tishimiz kerak. Shuning uchun ham biz yomg’irlatib sug’orish tizimini tajriba maydonimizda o’rnatganmiz. Bu esa yaxshi yechim bo’la oladi. Ananaviy sug’orishga qaraganda, yomg’irlatib sug’orishda suv sarfini 10 barobargacha kam sarflash mumkin. O’shanda bir xil hosildorlikka
erishish mumkin. Jahonda don uchun ekiladigan makkajo’xoriga bo’lgan talab yuqoriroq. Chunki u ko’plab sohalarda ishlatiladi. Silos uchun ekilgan makkajo’xori esa faqatgina chorvachilikda ozuqa sifatida ishlatiladi. Shuning uchun ham donli makkajo’xoriga bo’lgan talab yuqoriroq”.
Umuman olganda o’quv seminarida makkajo’xori ekishda nimalarga ahamiyat berish kerakligi, urug’ni ekib, uni to o’rib olguncha suv qanday berilishi hamda makkajo’xori kasalliklariga qarshi qanday kurashish borasida bir qator tavsiyalar berildi.
Robert Grimm: “O’zbekiston sharoitida makkajo’xori ekishdan avval uni ,nima maqsadda ekayotganimizni bilib olishimiz kerak. Silos uchunmi yoki don uchun? Agar silos uchun ekadigan bo’lsak, 1 metr kvadratga 9 ta don ekishimiz kerak. Don uchun ekadigan bo’lsak, 7 tadan 8 tagcha urug’ni yerga qadasak bo’ladi. Chunki don uchun ekkanimizda, biz uchun don so’talari muhim ahamiyatga ega. Chunki oralarini yaqin qilib ekadigan bo’lsak, so’talarimiz kichikroq bo’lib qolishi mumkin. Sug’orish haqida gapiradigan bo’lsam, ananaviy sug’orishda urug’ qadalganidan keyin, to o’rib olgunga qadar 3-4 marta sug’orish tavsiya etiladi. Agar yomg’irlatib sug’oradigan bo’lsak, 10-15 marta sug’oriladi. Ana shu yomg’irlatib 10-15 marta sug’organimizda ananaviy sug’organimizda sarflagan suvning 10 dan 1 qismi sarflanadi xolos. Makkajo’xori kasalliklarini kamaytirish uchun almashlab ekishga katta e’tibor berish kerak. Har yili makkajo’xorining o’rniga yana makkajo’xori ekilmasligi kerak. Kamida 3 yil oradan vaqt o’tishi kerak. Shunda kasalliklar kamayadi va makkajo’xori o’rilgandan so’ng
qolgan poyalari diskda tozalanib, yerga qayta ishlov berilishi kerak. Shundagina kasalliklar bir muncha kamayadi. Eng asosiy narsa hosilni o’rayotganimizda poyaning tag qismidan 40 sm qoldirishimiz kerak. Chunki shunday qilganimizda silosni hazm bo‘lish jarayoni, shuningdek, qoramollardan sut olish imkoniyati ko‘payadi. Qizg’in muhokamalarga boy bo’lgan seminarning ikkinchi kuni ham samarali o’tdi. Bu kabi o’quv seminarlarining o’tkazilishi bobodehqonlarimizning chet el tajribalarini qo’llagan holda yuqori hosildorlikka erishish uchun zamin yaratadi deb, bemalol ayta olamiz”.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: