Behining “Olmabehi” navida yoppasiga pishish sentyabr oyining uchinchi o‘n kunligida kuzatiladi. Behizorlarni kuchli zararlaydigan bakterial kuyish kasalligiga bardoshli. Yuqori hosilli nav, unumdorligi past yerlarda har gektariga 200 sentnerdan hosil beradi. Hosil quvvati 4,1-4,3 balga baholangan. Mevasi yirik, yumaloq olma shaklida, pishganda och sarg‘ish tusda, yoqimli hidga ega. Ho‘l mevasida umumiy qand miqdori 17,5-18,3 foizni tashkil qiladi. Ho‘l mevasi hamda sharbatlari iste’mol qilinadi. Qayta ishlash korxonalarida murabbo, sharbatlar tayyorlanadi.
Olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, behi navlarida kurtaklarning bo‘rtishi 2018 yili 18-26 mart, 2019 yili 14-24 mart, 2020-yili 16-26- mart kunlariga to‘g‘ri kelganligini ko‘rsatgan. Aniqlanishicha, «Izobilnaya» naviga nisbatan “Olmabehi” navida kurtaklarning o‘rtacha 5-6 kunga ertaroq bo‘rtishi kuzatilgan. Ushbu qonuniyat gullash jarayonida ham deyarli saqlanib qolgan.
Farg‘ona viloyatining barcha hududlarida mavjud behizorlarda parvarish qilinayotgan mahalliy va introduksiya qilingan navlar zamburug‘ va bakterial kasalliklari bilan turli darajada zararlanmoqda. Shuning uchun Farg‘ona tajribasi stansiyasi mavjud 31 ta nav ichidan kasalliklarga, ayniqsa, bakterial rakka nisbatan chidamli navlarni aniqlab olish muhim ahamiyatga egadir. Etalon sifatida olingan «Izobilnaya» navida ham bakterial rak bilan novda, shoxchalarning zararlanishi 10 foizdan kam bo‘lganligi sababli 1 ball bilan baholanib, ushbu nav kasallikka nisbatan bardoshli deb topilgan. Bundan tashqari Farg‘ona ilmiy-tajriba stansiya ilmiy xodimlari tomonidan yaratilgan “Olma behi” navida ham kasallanish darajasi 1 ball bilan baholanib, kasallikka bardoshliligi tasdiqlangan.
Gullash va hosil quvvati qonuniyatlari 1 gektar maydondan olingan hosildorlik ham tasdiqlangan bo‘lib, yuqorida taʼkidlaganimizdek, «Olmabehi» navida hosildorlik o‘rtacha, bir yilda 200 sentnerni tashkil etib, «Izobilnaya» standart naviga nisbatan 23,8 sentner qo‘shimcha hosil olingan.
Umuman olganda, bugun sohibkorlarimiz dunyodagi jamiki totli mevalarni yetishtirishning hadisini olishyapti. Olimlarimiz esa, el dasturxonidan arimagan behining serhosil, ertapishar, mahalliy sharoitlarga mos navlarini, mazali turlarini yaratishga bel bog‘layotganlari quvonarli holat, albatta.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: