Eron qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari, Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari, ta’lim va kengaytirish tashkiloti “AREEO” direktori Mojtaba Xayom Nikui boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga keldi.
Tashrif doirasida delegatsiya vakillari va O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirining o‘rinbosari Alisher Shukurov o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, eronliklar Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi faoliyati bilan ham tanishishdi.
Uchrashuvlar chog‘ida qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma innovatsion tadqiqotlarni amalga oshirish, soha tarmoqlarining malakali mutaxassislarga bo‘lgan joriy va istiqboldagi ehtiyojlarini hisobga olgan holda kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish ishlarini samarali tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, qishloq xo‘jaligida innovatsiyalardan foydalanib, ishlab chiqarish samaradorligini oshirish asosiy masalalardan biri ekanligi qayd etildi. Jumladan, oziq-ovqat xavfsizligi, pistachilikni rivojlantirish va pista navlarini yaratish borasida tadqiqot ishlarini amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish istiqbollarini ko‘rib chiqildi. Eron tomoni ushbu yo‘nalishda tajriba almashishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuvlar yakunida Yosh olimlarning xorijiy ilmiy markazlar va universitetlarda qisqa muddatli ilmiy amaliyotini tashkil etish va buni moliyalashtirish to‘g‘risidagi shartnoma imzolandi.
Ushbu shartnoma asosida joriy yilning oktyabr oyidan boshlab 7 nafar o‘zbekistonlik mutaxassislar biotexnologiya, veterinariya, bog‘bonchilik, urug‘chilik, o‘rmonchilik, mexanizatsiya va vaksinatsiya yo‘nalishlari bo‘yicha “AREEO” da amaliyot o‘tash maqsadida Eronga borishadi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: