Toshkent davlat agrar universiteti va Xalqaro qishloq xo‘jaligi universiteti talabalari o‘rtasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi stipendiyasi tanlovining yakuniy bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tanlov Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimidagi oliy taʼlim muassasalarida bakalavriat va magistratura bosqichi kunduzgi taʼlim shaklida tahsil olayotgan talaba-yoshlarni moddiy va maʼnaviy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish, ularni faol yaratuvchanlik faoliyatiga keng jalb etish hamda o‘quv, ilmiy-innovatsion yo‘nalishlarda namuna ko‘rsatgan iqtidorli yoshlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etildi. Unda Toshkent davlat agrar universitetidan jami 14 614 nafar talaba qatnashgan bo‘lib, yakuniy bosqichga 18 nafar talaba saralab olindi.
5 ta yo‘nalishda bo‘lib o‘tgan tanlov ishtirokchilarining startap-loyihalarini Qishloq xo‘jaligi vazirligining boshqarma boshliqlari hamda universitetning fakultet dekanlari baholashdi.
Bugunning muhim mavzularidan bo‘lgan oziq-ovqat va meva-sabzavot mahsulotlarini modifikatsiyalangan atmosfera qadoqlash usuli, 12 turdagi ozuqabop ekinlar hosilini qayta ishlab chorvachilik uchun oqsilga boy granulangan tayyor mahsulot ishlab chiqarish, ekologik toza ham hamyonbop gilamlar ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligidagi ekinlarga zarar yetkazuvchi hasharotlarga qarshi kurashuvchi xonqizidan foydalanish borasida olib borilgan bo‘lajak olima qizning izlanishlari, mevali daraxtlarni qushlardan himoya qiluvchi ovozli, quyosh batareyasili qurilma, omborxonalardagi don kuyasining keltiradigan zarari va ular sonini boshqarishda innovatsion usullarga oid bir-biridan qiziqarli va dolzarb taqdimotlar hayʼat aʼzolarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Shuningdek, kunning ikkinchi yarmida Xalqaro qishloq xo‘jaligi universitetidan 6 nafar talaba ham Qishloq xo‘jaligi vazirligi stipendiyasi uchun o‘z loyihalari bilan tanlovning yakuniy bosqichida taqdimot qilishdi. Mamlakatimizda agroturizmni rivojlantirish uchun yangi innovatsion yechimlar, iqlimni bog‘dorchilikka moslashtirish va shu kabi ko‘plab yoshlik kuch-g‘ayrati va ilmga yo‘g‘rilgan topilmalar, yangiliklar ushbu tanlovdan o‘rin oldi.
Tanlov jarayonlari mamlakatimizning hududiy oliy taʼlim muassasalarida davom etadi. Tanlovning yakuniy saralash bosqichi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi stependiya sohiblari haqida navbatdagi materiallarimizda xabar beramiz.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: