Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanidagi “Xayrullo Bahrom Boymatov” fermer xo‘jaligida “Uzum yetishtirishda Oltiariq tajribasini joriy etish” mavzusida ko‘rgazmali seminar davom etmoqda.
Seminarda ushbu fermer xo‘jaligi rahbari Ismoil Boymatov so‘zga chiqib, shu kunga qadar uzum yetishtirish borasida to‘plagan tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, oltiariqlik fermer seminar ishtirokchilarining e’tiborini yangi uzumzorlarni barpo etish uchun yer maydonlarini tanlash, yerni ekishga tayyorlash, ko‘chat ekish muddatlari va usullariga qaratdi. Shuningdek, yosh va hosilli uzumni parvarishlash agrotexnikasi, jumladan qator orasiga ishlov berish, sug‘orish va oziqlantirish tadbirlari yuzasidan Oltiariq tajribasi bilan atroflicha tanishtirdi. Xo‘jalik faoliyati misolida yoshlarga va ishsiz fuqarolarga uzum parvarishini o‘rgatib, ular bilan kooperatsiya asosida uzum yetishtirish masalasi ham muhokama markazida bo‘ldi. Fermerning chiqishi qizg‘in savol-javoblarga va o‘zaro tajriba almashinuviga ulanib ketdi.
Ko‘rgazmali seminarning aynan ushbu xo‘jalikda tashkil etilishi bejiz emas. “Xayrullo Bahrom Boymatov” fermer xo‘jaligi 2020-yilda 75 gektarda uzumchilik plantatsiyasini tashkil etgan. Xo‘jalikda “husayni”, “kelinbarmoq”, “rizamat”, “mersedes” kabi uzum navlari yetishtirilmoqda. Ular kelgusi yildan to‘liq hosilga kiradi va jami 3 ming tonna uzum yetishtiriladi.
Oldinlari bu maydonda paxta ekilib, o‘rtacha 25 sentnerdan hosil olingan. Endi uzumning narxi bilan solishtirganda, bir gektardan daromad qariyb 10 barobar oshgan.
Bog‘da, shuningdek, olma, gilos va o‘rik ko‘chatlari, qator oralariga tarvuz, qovun, pomidor, qalampir, bulg‘or qalampiri va boshqa sabzavotlar ekilgan.
Bog‘ yonida 2 ming tonna sig‘imga ega bo‘lgan sovutkichli ombor qurilgan. Bu yerda mahsulotlar saqlanib, saralanib, Turkiya va MDH mamlakatlariga eksport qilinadi.
Fermer xo‘jaligida mavsumiy yumushlar bilan birga 700 kishining bandligi ta’minlangan.
Seminar davomida tadbir qatnashchilari fermer xo‘jaligi faoliyati bilan yaqindan tanishib, amalga oshirilayotgan ishlar va erishilgan yutuqlarning guvohi bo‘ldilar.
Seminar o‘z ishini davom ettirmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: