Farg‘ona viloyatining Oltiariq tumanida “Uzum yetishtirishda Oltiariq tajribasini joriy etish” mavzusida ko‘rgazmali seminar ish boshladi.
Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aholi hayoti, hududlar iqtisodiyoti bilan tanishish maqsadida 27- iyul kuni Farg‘ona viloyatiga qilgan tashrifi chogʻida “Xayrullo Bahrom Boymatov” fermer xo‘jaligida ham bo‘lib, oltiariqlik bog‘bonlarning uzumchilik sohasidagi tajribalari bilan yaqindan tanishgandi. Tumanning uzumchilik tajribasini yuqori baholagan davlatimiz rahbari mamlakatimizda iqlimi uzumchilikka mos tumanlar ko‘pligini ta’kidlab, ularda ham Oltiariq tajribasini joriy qilish, tokzorlarni ko‘paytirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan edi.
Mana shu ko‘rsatma ijrosi doirasida, “Xayrullo Bahrom Boymatov” fermer xo‘jaligida uch kunlik ko‘rgazmali seminar tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Shuhrat G‘aniev, Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov, Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroev, hududlar qishloq xo‘jaligi boshqarmalari boshliqlari, butun respublikadan uzumchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari vakillari ishtirok etmoqdalar.
Seminarni Shuhrat G‘aniev kirish so‘zi bilan ochib berdi. So‘ngra Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov O‘zbekistonda uzumchilik sohasini rivojlantirishning istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
Aytish kerakki, O‘zbekiston Prezidentining meva-sabzavotchilik sohasida qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish, uzumchilikni rivojlantirishda klaster tizimini joriy etish to‘g‘risidagi qarorlari bu sohaga yangi imkoniyatlar ochdi. Xo‘jaliklarga subsidiyalar berildi, ilg‘or texnologiyalar jalb etish davlat tomonidan rag‘batlantirildi. Bu imkoniyatlar natijasida bugun uzumchilik katta tarmoqqa aylandi, bunday xo‘jaliklar ko‘payib bormoqda.
Jumladan, Oltiariq tumanida avvallari paxta va g‘alla ko‘p ekilar edi va bunda dehqonning moddiy manfaatdorligi birinchi o‘ringa qo‘yilmas edi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligi ekinlari manfaatdorlik, bozor talablari asosida o‘zgartirildi. Eng muhimi – fermerga nima ekishni o‘zi tanlash ixtiyori berilibgina qolmay, o‘zi tanlagan ekinni parvarish etib, sotib, daromad ko‘rishi har tomonlama qo‘llab-quvvatlanib ham kelmoqda.
Ko‘rgazmali seminar ishtirokchilari davlatning diqqat-e’tibori ostida uzumchilik rivojlanib borayotganini ta’kidlab, sohaning yanada rivoj topishida o‘zaro bahamjihatlikda ish ko‘rish, yaqindan fikr-mulohazalar, tajribalar almashish katta rol o‘ynashini bildirdilar. Bu borada ko‘p yillik tajribaga ega hududlar, jumladan Oltiariq tajribasini keng yoyish har tomonlama foydali bo‘lishini bir ovozdan ta’kidladilar.
Seminar o‘z ishini davom ettirmoqda.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: