Bugun respublikamizda o‘simliklarni ayni kurtak payvand qilishning avj pallasi. Daraxtidan sog‘lom, sifatli meva hosil olishni istagan bog‘bon borki, kurtak payvandga murojaat qiladi. Bu jarayon qanday amalga oshiriladi? Kurtak payvand qilishda qaysi jihatlarga eʼtibor qaratish kerak? Savollarimizga javob topish maqsadida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutiga yo‘l oldik.
Faxriddin Bo‘ronov, Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti:
“Dastlabki jarayon kurtak payvand uchun muhim hisoblanmish —“payvandtaglar” o‘stiriladigan laboratoriyada boshlanadi. Bu yerda o‘simliklarni “mikroklonol ko‘paytirish” amalga oshiriladi yaʼni payvantaglar ko‘paytiriladi. Laboratoriyada “Krimskiy-5”, “Gizela-6”, “Fox-11”, “Garniem” kabi ko‘plab payvantaglarni ko‘paytirilayotganini ko‘rish mumkin. Klonlash qanday amalga oshiriladi? Bunda o‘simliklarni “kals to‘qimalarini bo‘lish” jarayonlarini amalga oshiriladi. Bundan keyin esa mikroklonlash orqali ko‘paytirilgan o‘simliklarni inkubator xonasiga olib o‘tiladi. Bu yerda namlik va haroratni bir xil meʼyorda ushlangan holatda o‘simlikni 35-40 kun mobaynida saqlanadi. Bu xonada ildiz olgan o‘simliklar “Adaptatsiya xonasi”ga o‘tkaziladi. O‘simlik bu yerda 3-4 hafta mobaynida parvarishlanadi. Shundan so‘ng o‘simlik issiqxonaga o‘tkaziladi. Issiqxonada 4-5 hafta mobaynida parvarishlanadi va tashqi muhitda yashab ketishiga ishonch hosil qilingan o‘simlikni ko‘chatxonalarga ekish uchun chiqariladi”.
P.S: Buni qarangki, ushbu jarayon xuddi go‘dak dunyoga kelib, toki ulg‘aygunigacha bosqichma bosqich bosib o‘tadigan jarayonlarga qanchalik o‘xshash-a?
Sardor Yusupov, Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti:
— Mamlakatimizda payvandlash issiq kunlar chekingach, yaʼni iyul oyining oxiri — sentyabr oyining o‘rtalarigacha amalga oshiriladi. Bunday vaqtda qilinganda uning nami qochmasdan, tutuvchanligi, ko‘chatning ko‘karish imkoniyati yuqori bo‘ladi. O‘simlikni payvand qilishdan maqsad o‘simlik navini to‘g‘ridan to‘g‘ri ekiladigan bo‘lsa, yerga moslashishi qiyin kechadi. Shuning uchun ham payvandtag usulidan foydalanish maqsadga muvofiq. Payvantagda yovvoyilik xususiyati bo‘lib, turli tuproq iqlim sharoitiga o‘simlikning ko‘plab navlarini moslashishini taʼminlaydi va bunda mevaning shakli, sifati va taʼmi jihatidan eksportbopligi taʼminlanadi.
Bog‘ barpo qilishda “iskana” va “kurtak” payvand qilish usullaridan foydalanib, yetishtiriladi. Katta bog‘larda ko‘chatlarning navlarini turli- tuman qilish uchun “iskana payvand” dan ko‘proq foydalaniladi. “Iskana payvand” qilingan o‘simlik tez hosilga kiradi, o‘sha bog‘ga tez va osonroq moslashadi. Danak mevali daraxtlar mo‘rt va g‘ovakligi yuqori bo‘lishi hisobiga iskana payvandda unchalik yaxshi natijaga erishib bo‘lmaydi. Kurtak payvandda esa o‘simlik va kurtak bir-biriga yaxshi jipslashib, mutanosiblik hisobiga mustahkamlashadi, kelgusida hosildor daraxt bo‘lib yetishishiga imkoniyat yaratiladi. Kurtak payvandni deyarli barcha mevali daraxtlarda amalga oshiriladi. Faqat limon va uzumda bu usuldan foydalanilmaydi. Chunki ushbu ikki daraxtni kurtak payvand qilmasdan ham qalamchasidan ko‘chat yetishtirish mumkin.
Ko‘chat yetishtirishda avval tuproq iqlim sharoitidan kelib chiqib, uning navi tanlab olinadi. Ushbu navdan bir yillik pishib yetilgan novdalar saralanadi. Chunki bir yillik novda yosh va baquvvat, o‘zida barcha ozuqalarni jamlaydi, bunday novdadan olingan kurtaklarning ko‘karish ehtimoli yuqori bo‘ladi. Pishgan novdaning po‘sti yaxshi ajralishi hisobiga uni tanlab olinadi. Shundan so‘ng novdani suvga solib, namlantiriladi yoki ho‘l lattaga o‘rab qo‘yiladi. So‘ngra novdaning o‘rta qismidan olinib, o‘simlikning bargi ozroq bandida qoldirilib, kesib chiqiladi.
Tohirbek Ergashev, Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti tayanch doktoranti:
“Kurtak payvand uchun uchi o‘tkir, maxsus payvand pichoqcha va polietilen plyonka kerak bo‘ladi. Payvand qilishda dalaning tayyor holatga keltirilganligi juda muhim. Payvandtaglarning eng kichigi qalamdek va undan yuqori shaklda bo‘lishi kerak. Payvand qilinadigan dalaga bir hafta-o‘n kun oldin suv qo‘yilsa, ko‘chatlar suvga qoniqqan bo‘ladi. Bu esa payvandtagning po‘sti yaxshi ko‘chishiga xizmat qiladi, kurtakning tutish darajasi yuqori bo‘ladi. Biz “Krimskiy-5” naviga “Dragona jyoltaya” navining kurtagini ulaymiz yaʼni birlashtiramiz. Payvand qilinayotganda o‘simlikning ostida o‘t-o‘lanlar, xalaqit beradigan novdalari bo‘lmasligiga ahamiyat berish kerak. Kurtak payvandda turli shakllardan foydalanish mumkin, biz ishlab chiqarishda ko‘proq “T” shaklidan foydalanamiz. O‘simlikning ildiz bo‘g‘zidan 5 sm gacha yuqoriga payvand qilsak bo‘ladi. Payvand qilanadigan joy avval kundalang, so‘ng uzunasiga kesib olinadi. Pichoqchani silliq tomoni bilan kesilgan joylar ochiladi. Novdadan olingan kurtakchani o‘simlikning “T” shaklida kesib olingan qismiga ulaymiz. So‘ngra politielin plyonka yordamida o‘rab chiqamiz. Plyonka o‘rashdagi eʼtibor berishingiz kerak bo‘lgan asosiy jihat kurtakning “ko‘zcha”si ochiq holda qoldirilishi kerak. Keyin plyonkani o‘rab bo‘lgach, ortiqchasini kesib tashlanadi. Xuddi shunday tartibda boshqa o‘simliklarni ham kurtak payvand qilib chiqiladi. Yana shuni aytishimiz kerakki, ko‘pchilik ikki-uch xil navni payvand qilib, birgina daraxtda bir necha mevani ko‘rishni istaydi. Ammo bunday qilish mumkin emas. Ko‘chatxonada bitta novdaga bitta payvand qilinadi xolos. Ikkinchi yildan boshlab, bitta o‘simlikda bir necha mevani payvand qilish mumkin bo‘ladi. Darvoqe, payvand qilingandan keyin dalaga suv qo‘yiladi va kurtak joyiga mustahkamroq o‘rnashadi. Payvandni tutgan yoki tutmaganligini bilish uchun bir hafta-o‘n kundan keyin kurtakni orqasidagi bandni qurib qolganligini ko‘rsak, demak payvand tutmagan bo‘ladi. Band ho‘l holatda bo‘lib, qo‘l bilan tekkanda osongina tushib ketsa, demak payvand tutgan bo‘ladi. Endi payvand qilinayotganda o‘ralgan polietilen esa bahorda, o‘simlik uyg‘onishidan oldin tutgan payvandni ustidan kesib tashlanayotganda tushib qoladi. Shuni unutmangki, payvand qilinayotganda kuchli shamol keladigan tomonga kurtak ulansa, bu payvand qilingandan keyin o‘sib chiqqan novdani sinib ketish ehtimolini oldini oladi.
P.S: Mana shu tariqa laboratoriya sharoitida yetishtirilgan kurtakdan novdaga payvand qilish orqali sog‘lom, serhosil daraxt, bog‘ barpo etiladi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: