Xabar berganimizdek, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hududlarda amalga oshirilayotgan islohotlarning borishini ko‘zdan kechirish maqsadida Farg‘ona viloyatiga tashrif buyurib, qishloq xo‘jaligi hamda sanoatda amalga oshirilayotgan yangi istiqbolli loyihalar bilan tanishmoqda.
Tashrif doirasida turli tarmoqlar rahbarlari ham o‘zlari mas’ul bo‘lgan yo‘nalishlarda viloyatda amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishmoqdalar. Jumladan, Qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitovning navbatdagi manzili Fag‘ona tumani “Mindonobod” qishlog‘idagi adirliklardan o‘zlashtirilgan yerlarda tashkil etilgan bodom bog‘i bo‘ldi.
Ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda ko‘pgina tadbirkorlar, mirishkorlar aynan suvsiz, qaqrab yotgan toshloq joylarda bog‘ barpo etish va ekin ekib dehqonchilik qilish ishlariga nihoyatda jiddiy kirishishgan. “Mindonobod” qishlog‘i adirliklarda bunyod etilgan bodom bog‘i ham bunga bir misoldir. Bu yerda tadbirkor po‘sti yupqa, juda yaxshi yog‘ beradigan yangi navli bodom daraxtlarini parvarishlamoqda. Adirliklardan 250 gektar yer o‘zlashtirilgan bo‘lib, shundan 100 gektarini aynan bodom bog‘i tashkil etadi. Mazkur yangi loyiha mana 3 yildan buyon amalga oshirib kelinmoqda. O‘tgan yili 50 tonna bodom hosili olingan. Bu yilgi rejalar undan ham mo‘l. Tadbirkorning ma’lum qilishicha, bu yil bog‘dan 200 tonna hosil olishni rejalashtirmoqda. Shu o‘rinda ta’kilash joizki, har bir loyihada ishlasa natija bo‘ladi. Har bir ishda, albatta, mehnat va mehnatga loyiq rag‘bat ham bo‘lishi tabiiy.
Tashrif davomida vazir Aziz Voitov mazkur bodom bog‘iga yondosh hududda joylashgan yana bir qishloq xo‘jaligi obyekti «Fergana Asiana» paxta-to‘qimachilik klasterining paxta dalasini ham ko‘zdan kechirdi. Mazkur fermer xo‘jaligi ham aynan qaqrab yotgan toshloq yer maydonlarini o‘zlashtirib, 1000 gektarida paxta ekib parvarishlamoqda. E’tiborlisi, ushbu paxta dalasiga to‘liq tomchilatib sug‘orish texnologiyasi joriy etilgan bo‘lib, o‘zlashtirilgandan so‘ng atrofga go‘zal manzara berib turibdi. Qayd etilishicha, bu yerlarga joriy yil ikkinchi marotaba paxta ekilib, gektaridan 35 sentnerdan paxta hosilini olishni reja qilinmoqda.
Aytish o‘rinliki, bu toshloq qir-adirlarda barpo qilingan mazkur bo‘ston mamlakatimizning qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: