Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimiz qishloq xo‘jaligida yangi sohalarda investitsiya yo‘nalishlarini joriy etish bo‘yicha sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, sanoatbop texnik kanop o‘simligini yetishtirishni yo‘lga qo‘yish shular jumlasidandir.
Mazkur yo‘nalishda tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizgacha bo‘lgan texnik kanop o‘simligini sanoat maqsadlarida yetishtirish bilan bog‘liq faoliyatni tashkil etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investisiyalarni jalb qilish bo‘yicha qonuniy asoslar yaratildi.
“Giyohvandlik vositalari to‘g‘risida”gi Yagona konvensiya talablari va ilg‘or xorijiy davlatlar tajribalaridan kelib chiqib, mazkur faoliyat turini O‘zbekiston hududida qonuniylashtirish bo‘yicha Oliy Majlis palatalari va aloqador vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda, O‘zbekiston Respublikasining “Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida”gi Qonuniga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.
Mazkur hujjat asosida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 7-dekabrdagi “Kannabis o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish va foydalanish faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 770-son va 2022-yil 21-fevraldagi “Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini lisenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi 80-son qarorlari ishlab chiqildi.
Bugungi kunda yuqorida sanab o‘tilgan me’yoriy hujjatlar asosida Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan tarkibida tetragidrokannabinol giyohvandlik moddasining miqdori 0,2 foizgacha bo‘lgan texnik kanop o‘simligini giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni ishlab chiqarish hamda tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lmagan sanoat maqsadlarida yetishtirish, olib kirish (olib chiqish), qayta ishlash, saqlash, realizatsiya qilish (berish), olish va tashish faoliyatiga litsenziya taqdim etilishi yo‘lga qo‘yildi.
Xususan, ushbu yo‘nalishda sezilarli yutuqqa erishgan RS SUCCESS AGRO biotexnologiya industrial kompleksi O‘zbekiston Respublikasi hududida texnik kanop o‘simligini yetishtirish sanoatini atigi 4 yil ichida qayta yo‘lga qo‘ydi. Sirdaryo viloyati Xovos tumanida tarixda ilk marta balandligi 3,5 metrga yetadigan texnik texnik kanop hosili yig‘ildi.
Bunda RS SUCCESS AGRO biotexnologiya industrial kompleksi, qishloq xo‘jaligida resurs tejamkor texnologiyalardan foydalandi, jumladan: uzunligi 12 ming kilometr keladigan noyob yer osti tomchilatib sug‘orish usuli, qimmatli sanaladigan har bir suv tomchisini ekinning ildiziga yetkazilishini ta’minlaydi. Ushbu texnologiyani boshqarish uchun yuqori texnologiyali integratsion tizim yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, dalaning har bir uchastkasiga o‘rnatilgan minglab sensorlar kichik vaqt oralig‘ida sug‘orishdagi zarur choralarni masofadan turgan holda amalga oshirishni ta’minlaydi.
“2023-yilda texnik kanop hosili O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish tarixidagi mutlaqo yangi sahifaning boshlanishi. O‘tgan yili respublika hududida yetishtirilgan hosil 1,2 metr balandlikni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yilga kelib uzunligi 3,5 metrga yetgani bizning yevropalik hamkorlarimizda ham katta taassurot qoldirdi.”, – deydi RS SUCCESS AGRO kompaniyasi bosh direktori Robiya Ibragimova.
Texnik kanop o‘simligini sanoat maqsadlarida yetishtirishga ruxsat berishda qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqarilgan yerlarni ajratib berish, resurs tejamkor texnologiyalarni jalb etish, hududdagi ijtimoiy holatni yaxshilash, qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratish va ishlab chiqarilgan mahsulotning kamida 50%ni eksport qilish kabi muhim masalalarga katta e’tibor qaratilgan.
Mazkur masalalarning ijobiy hal etilishi natijasida minglab gektar qishloq xo‘jaligida foydalanishdan chiqarilgan yerlar qayta foydalanishga kiritildi, natijada hududning ijtimoiy mavqei ko‘tarilmoqda va yuzlab qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratildi. Shuningdek, respublikadagi seleksioner olimlar tomonidan ilmiy izlanishlar olib borilib, sanoat maqsadlarida yetishtiriladigan texnik kanop o‘simligining respublikamiz tuproq-iqlim sharoitlariga mos yangi navlarini yaratish bo‘yicha innovatsion loyihalar amalga oshirilishi ta’minlanadi.
Texnik kanop o‘simligining o‘ziga xos hususiyatlaridan biri, uning 100 foiz qayta ishlanishida bo‘lib, bir qator xorijiy davlatlarda, xususan Fransiya, Ispaniya, Italiya, Ukraina va Rossiya Federasiyasida ushbu o‘simlikning ko‘plab navlari (shu jumladan, O‘zbekistonda ekilayotgan “Rodnik” navi ham) yaratilgan va Davlat seleksiya yutuqlari reestriga kiritilgan hamda ularni qishloq xo‘jaligi ekinlari sifatida ekib yetishtirishga ruxsat berilgan.
Imlo xatolari haqida hisobot
Quyidagi matn tahririyatimizga yuboriladi: